«Siti» gol urolmadi, «PSJ»ga kulgili gol yordam berdi. YeChLda kun o‘yinlari

Sport 02:12 / 19.09.2024 14885

Pepning «Manchester Siti» boshqaruvidagi  3000-kunida golsiz durang qayd etildi

«Manchester Siti» — «Inter» 0:0
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Diash, Akanji, Lyuis, Rodri, Grilish, de Bryuyne (Gundo‘g‘an, 46), Silva (Doku, 80), Savio (Foden, 46), Holand.
«Inter» – Zommer, Bastoni, Acherbi, Bissek (Pavar, 75), Augusto, Darmian (Dumfris, 75), Zelinski (Mxitaryan, 66), Chalxono‘g‘li (Frattezi, 82), Barella, Torimiy, Tyuram (Martines, 66).
Ogohlantirish: Diash (33).

Bu ikki jamoa ham qanday formatda o‘ynashini oldindan belgilab olgan o‘yin edi. «Inter» kutilganidek himoyaga chuqur o‘tirdi va raqibni qarshi hujumlarda jazolashga harakat qildi. Mehmonlar birinchi bo‘limdayoq vaqt cho‘zishdan tortinishmadi. Qolaversa, jamoa bu o‘yinda Di Marko va Lautaro Martines kabi muhim futbolchilaridan foydalana olmasdi.

O‘z muxlislari qarshisida maydonga chiqqan «Siti» esa ilk daqiqalardan «Inter» darvozasini qamal qilishga harakat qildi. Futbolchilar bo‘shliq izlashdi, to‘pni qanotdan qanotga uzatib o‘ynashdi, ammo har safar raqib to‘sig‘iga to‘qnashaverdi. Savinio o‘ng qanotida dribling evaziga oldinga o‘tishga urindi, ammo uni har safar ikki nafar himoyachi qarshi oldi. «Inter» maydonning o‘z darvozasi tomonidagi uchinchi qismiga joylashgani tufayli, bo‘sh zonalar deyarli bo‘lmadi. «Siti» o‘z tomoniga jalb qilishga harchand urinmasin, raqib o‘z darvozasi atrofidan ketishni istamadi. Quyidagi kadr o‘yinning mohiyatini ochib beradi:

Lekin mezbonlar birinchi bo‘limda baribir Holand uchun vaziyatlar yaratishni uddalashdi. Avvaliga aynan Savinio jarima maydoni burchagidan to‘pni havoga ko‘tardi va norvegiyalik hujumchi baland sakrab, bosh bilan to‘sin ostiga zarba yo‘lladi, ammo darvozabon o‘z o‘rnida edi. Ko‘p o‘tmay Holand jarima maydoni chizig‘i ustida turib zarba berdi – va bu safargisi chinakamiga xavfli vaziyat bo‘ldi. To‘p darvoza ustunidan bir necha santimetr naridan o‘tib ketdi.

O‘z navbatida, «Inter» ham vaziyatlarga ega bo‘ldi. Avvaliga Ederson darvozasini o‘z vaqtida tark etib, jamoasini burchak zarbasidan qutqardi, ammo hujum davomida Darmian amalda bo‘sh qolgan darvoza tomon zarba berdi – Gvardiol to‘pni qaytarib yuborishga ulgurdi. Bo‘lim oxirlarida Tyuram qulay pozitsiyadan zarba berdi, ammo to‘p darvoza sohasiga aniq bormadi. Eng qulay vaziyat esa jarohat olgan Dimarko o‘rnida harakat qilgan Renato Augustoda yuzaga keldi, ammo uning bir necha mertdan yo‘llagan zarbasini darvozabon to‘sdi. Umuman olganda, bo‘lim davomida jamoalar jami 19 bor zarba berdi, shundan 10 tasi mezbonlar hisobiga yozildi (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar soni 5 ta).

Ikkinchi bo‘lim «Siti»da futbolchi almashtirish bilan boshlandi. De Bryuyne (u 43-daqiqada kichik jarohat olgan, shifokorlar yordamidan keyin bo‘limni oxirigacha yetkazib qo‘ygandi), birinchi bo‘limda himoyachilar to‘sig‘idan o‘ta olmagan Savinio zaxiraga olindi. Ularning o‘rniga Gundo‘g‘an va Foden tushdi. Angliyalik futbolchi ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi va jarima maydoni markazidan hech qanday qarshiliksiz zarba berdi, ammo to‘p darvozabonga bordi. 

O‘yin oxirlariga borib vaziyatlar ko‘paya boshladi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Genrix Mxitaryan ishtirokida yorqin epizod bo‘ldi: u Denzel Dumfrisning qanotdan uzatmasidan keyin to‘pni o‘ziga o‘nglab olib, kuchli zarba berdi, ammo to‘p darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi. Gvardiola o‘yinni kuchaytirishga qaror qilib, jamoadagi asosiy driblyor Dokuni maydonga tushirdi: belgiyalik vinger ilk to‘pga teginishidayoq bir necha raqibni dog‘da qoldirdi. So‘ngi daqiqalarda o‘yin yetarlicha ochiq tus oldi va hisob baribir ochilmay qolgani biroz ajablanarli ham. Vaziyatlar ikki jamoada ham yetarlicha bo‘ldi. 89- va 90+4-daqiqalarda Gundo‘g‘an darvozabon hududida turib, ikkita qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. Natijada ikki jamoa jami 35 zarba bergan holda o‘yinda nursiz durang qayd etildi. Bu ko‘proq mehmonlarni qoniqtiradigan hisob bo‘ldi, Indzagi shogirdlari faol o‘yindan voz kechishdi (o‘rtacha yoshi kattaroq bo‘lgan futbolchilar uchun pressing qilish qiyin ham edi) va «Etihad»dan ochko olib qaytdi.

«Siti» ikkinchi ture «Slovan» mehmoni bo‘ladi — Slovakiyadagi o‘yin 1 oktyabr kuni o‘tkaziladi. «Inter»ga Serbiyaning «Tsrvena Zvezda» klubi qarshilik qiladi: neradzurrilarning ham YeChLning bu mavsumdagi ilk uy o‘yini oktyabrning birinchi kuniga belgilangan.

«Jirona» darvozabonining tushlariga kirib chiqadigan gol

«PSJ» — «Jirona» 1:0
Gol:
Mendesh (90). 
«PSJ» – Safonov, Mendesh, Pacho, Markinos, Hakimi, Fabian Ruis (Joau Nevesh, 63), Vitinya (Li Kan In, 63), Zair-Emeri, Barkolya (Due, 63), Asensio (Kolo-Muani, 39), Dembele (Beraldo, 90+2). 
«Jirona» – Gassaniga, Migel Gutiyerres, David Lopes, Martines, Kreychi, Romeu, Martin (Solis, 66), Xil (Asprilya, 66), van de Bek (Danjuma, 58), Tsigankov (Franses, 88), Stuani (Portu, 58).
Ogohlantirishlar: Markinos (17), Kreychi (20), Romeu (43), Gassaniga (74).

1:0 – «PSJ» «Jirona»ni 90-daqiqada taslim etdi.

Birinchi bo‘lim ancha zerikarli kechdi. «PSJ» va «Jirona» hujumga ko‘p borishmadi, ammo tanaffusdan keyin parijliklar o‘yinni kuchaytirdi va 54-daqiqada o‘ta xavfli qarshi hujum uyushtirishdi – Usmon Dembele darvozabon Paulo Gassaniga bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi.

U maydon markazidan boshlab to‘pni olib bordi, Usmonga hech kim yetib ololmaydigandek ko‘ringandi.

Ammo Kreychi taslim bo‘lmadi va oxirigacha yugurdi – fol ishlatmasdan, Dembeleni ta’qib qilib bordi.

Va so‘nggi lahzada to‘pni raqib hujumchisining oyoqlari ostidan olib qo‘ydi.

Shok holatiga tushgan Dembele yuzini bekitgan holda gazonda yotishga majbur bo‘ldi.

Kreychi esa kun seyvini nishonladi.

O‘yin oxirida «PSJ» to‘liq ustunlik qildi: birinchi bo‘limdayoq jarohat olgan Marko Asensio o‘rniga tushirilgan Randal Kolo-Muani «Jirona»ni ikki marta kechirdi. Ashraf Hakimi va Dembeleda imkoniyatlar bo‘ldi, ammo Gassaniga qutqardi.

O‘yin 0:0 hisobiga qarab ketayotgandi...faqat o‘yin davomida qutqarib kelgan Gassaniganing o‘zi juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi.

90-daqiqada «Jirona» futbolchilari karaxt holatga tushishdi: Gassaniga Nunu Mendeshning jarima maydoni ichiga yo‘llangan to‘piga chiqib keldi, barchasi joyida bo‘lib ko‘rinayotgandi.

Ammo Paulo to‘pni shunchaki tutib qololmadi. To‘p uning avvaliga qo‘llaridan sirg‘alib chiqdi, keyin oyoqlari orasidan o‘tdi.

Gassaniga butun o‘yin davomida qutqargandi: 5 seyv amalga oshirdi, shundan bir nechasi yaqqol golli vaziyatlar edi. Ammo eng kerakli pallada uyaltirdi.

«Bryugge» uchun shok

«Bryugge» — «Borussiya» D 0:3
Gollar:
Baynu-Gittens (76, 86), Girassi (90+3, penalti). 
«Bryugge – Minole, de Keyper, Mexele, Ordones, Seys (Sabbe, 71), Nvadike, Vanaken, Tsolis (Talbi, 85), Vetlesen (Vermant, 85), Olsen, Nilsson (Yutgla, 65).
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni (Anton, 59), Shlotterbek, Zyule, Ryuerson, Gross (Nmecha, 68), Jan, Adeyyemi (Yan Kouto, 87), Brandt, Zabitser (Baynu-Gittens, 68), Malen (Girassi, 59).
Ogohlantirishlar: Vetlesen (53), Ryuerson (84).

Oxirgi final ishtirokchisi debyutdayoq gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi, ammo darvoza to‘sini «Borussiya»ga yordamga keldi. Keyin ham dortmundliklar o‘tgan mavsumda finalga adashib chiqib qolganini isbotlay boshladi. «Bryugge» esa yorqinroq o‘yin ko‘rsatdi va muntazam ravishda Kobelga ish topib bera boshladi. Vanaken, Skov Olsen, Tsolis, Vetlesen — ularning har biri o‘z hisobiga gol yozib qo‘yishi mumkin edi, ammo barcha vaziyatlar yoki qulay vaziyatdan xato zarba berish, yoki dortmundliklar darvozaboni seyv ijro etishi bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo‘lim oxirlarida Bayno-Gittens hisobni ochganida belgiyaliklar qanday ahvolga tushganini tasavvur qilish qiyin emas. Angliyalik futbolchi jarima maydoniga yorib kirib, dribling ishlatdi va zarba berdi, to‘p yo‘l-yo‘lakay ikki himoyachiga tegib, Minoleni ilojsiz ahvolda qoldirdi. Bu butun o‘yin davomida yaxshiroq ko‘ringan «Bryugge» uchun nokdaun edi, Gittens xuddi shu nuqtadan va shu uslubda yo‘llagan navbatdagi zarbasi bilan belgiyaliklarni nokautga uchratdi. Nuri Shahindan ideal almashtirish. Aniqrog‘i — ikkita to‘g‘ri almashtirish. «Asalarilar»ning yangi futbolchisi, o‘tgan mavsumda «Shtutgart» tarkibida bundesligani titratgan Girassi chorshanba oqshomida joker rolida penalti ishlab, uni o‘zi benuqson ijro etdi hamda yangi jamoasidagi ilk goli bilan yirik hisobdagi g‘alabani ta’minladi.

Inqirozdagi «Zalsburg»

«Sparta» — «Zalsburg» 3:0
Gollar:
Kayrinen (2), Olatunji (42), Lyachi (58).
«Sparta» Praga – Vindal-Yyensen, Zeleni, Panak, Vitik, Vizner (Rinesh, 71), Presiado, Lyachi (Sadilek, 84), Kayrinen, Xaraslin (Krasniki, 72), Birmanchevich, Olatunji (Rrahmani, 64).
«Zalsburg» – Blasvih, Mellberg (Diambu, 46), Blank, Piontkovski, Dedich, Klark (Gurna-Duat, 66), Baychetich (Ratkov, 83), Kapaldo, Glux, Yyeo (Konate, 57), Dorjyeles (Dagim, 57).
Ogohlantirishlar: Gurna-Duat (72), Vitik (87).

Barcha «Zalsburg» har qandy top-klubni ajablantirishiga o‘rganib qolgandi. Hech bo‘lmaganda gollar shousini uyushtirib, kuchli raqiblarning asabini o‘ynashiga. Ammo endilikda avstriyaliklarda inqiroz boshlangandek ko‘rinmoqda va ularda «Monako»ning taqdiri takrorlanmoqda. Monegasklar ham o‘z vaqtida ko‘plab bo‘lajak yulduz futbolchilarni yetishtirgan, Fransiyada «PSJ» gegemonligiga barham bergan, ammo keyin chempionlik tarkibidagi asosiy futbolchlar sotib yuborilgandi va jamoa ichki chempionatda kuchli to‘rtlikka kirishi ham muammoga aylanib qoldi.

«Zalsburg» o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra ichki arenadagi o‘n yillik gegemonlikdan keyin chempionlikni «Shturm»ga topshirgani ham buning klubdagi vaziyatning yaqqol ifodasidir. Shunga qaramay, jamoa yozda ikki asosiy futbolchisini sotib yuborib, tarkibini yanada kuchsizlantirdi — himoyachi Pavlovich «Milan»ga, havbek Suchich «Real Sosiyedad»ga yo‘l oldi. Xorvatiyalik yarimhimoyachi bir necha kun oldin «Real» darvozasiga ketma-ket zarbalar yo‘llab (ikki bor to‘sinni poylagan), o‘z darajasini namoyish etgandi. Zalsburgda qolganlar esa chorshanba oqshomida Pragada hech narsa qila olmadi.

Mehmonlar avvaliga Kayrinendan tezkor gol o‘tkazib yubordi. Keyin esa ofsayd tufayli o‘z golidan mahrum bo‘ldi, tanaffus arafasida Olatundji jarima maydonida to‘pni qabul qilib olib, o‘tkir burchakda turgan holda olis burchakni aniq nishonga oldi. Nigeriyalik hujumchi uchinchi golda ham asosiy ishni bajardi, Lyachi gol urgan vaziyatda esa mehmon futbolchilar sharmandali holatga tushishdi. Albaniyalik futbolchi bir harakat bilan o‘z oyog‘iga tashlangan ikki himoyachini «bufetga yubordi», darvozabonni ham aldab, uni narigi burchakka tashlanishga majbur qildi va keyin shunchaki to‘pni bo‘sh qolgan darvoza tomon yumalatib yubordi. Yozda «Zalsburg»ni qabul qilib olgan, uzoq yillar «Liverpul»da Yurgen Kloppga assistentlik qilgan Pepa Leynders hozircha ishonchni oqlamayapti.

Bir darvozaga o‘yin

«Seltik» — «Slovan» 5:1
Gollar:
Skeylz (17), Furuhasi (47), Engels (56), Maeda (70), Ida (87) — Vimmer (61).
«Seltik» – Shmeyxel, Teylor, Skeylz, Karter-Vikers (Trasti, 85), Jonston (Ralston, 77), Hatate (Paulu Bernardu, 77), Makgregor, Engels, Maeda, Furuhasi (Ida, 78), Kyun (Forrest, 71).
«Slovan» Bratislava – Takach, Vimmer, Bayrich, Kashiya, Blekmen, Ignatenko (Savvidis, 76), Kutska (Gaydos, 85), Vayss (Mak, 77), Tolich, Barsegyan (Marselli, 77), Strelets (Metsoko, 85).
Ogohlantirishlar: Vayss (18), Jonston (22), Vimmer (22), Tolich (26), Karter-Vikers (80).

Vladimir Vayss boshqaruvida Chempionlar ligasiga chiqqan «Slovan» — autsayder ekani oldindan ma’lum edi. Va Glazgoda bratislavaliklar kutilganidek «Seltik» hujumlari yomg‘iri ostida qoldi. Mehmonlar 25 daqiqa chidab berishdi, ammo keyin burchak zarbasi ijro etilganida markaziy himoyachi Skeyls hisobni ochdi. Bu britancha klassika bo‘lsa-da, «keltlar» Chempionlar ligasida yetti yildan buyon kornerlar orqali gol urishmagandi.

Mezbonlar o‘yindan gol urishga ancha qiynalishdi. Brendan Rodjyers jamoasida ketma-ket xavfli hujumlar bo‘lganiga qaramay, darvozabon Takach mehmonlarni qutqarib turdi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida Kyunning yurishidan keyin to‘pni qabul qilib olgan Furuhasiga qarshi qolganida u ojiz edi. Ko‘p o‘tmay Engels penaltini aniq ijro etdi. «Slovan»da esa hisob 1:0 ko‘rinishida ekanida kichik Vayssda juda qulay imkoniyat bo‘lgandi, ammo u bundan foydalana olmadi, Vimmer esa undan qiyinroq vaziyatda bitta javob golini urdi.

Avstriyalik himoyachi shvedka uslubida to‘pni «to‘qqizlik»ka aniq yo‘naltirdi, ammo bu vaqtga kelib «Seltik» uchta gol urib bo‘lgandi. Slovakiyaliklarning Chempionlar ligasidagi ilk goliga tezda Maeda to‘rtinchi goli bilan javob qaytardi, mezbonlarning yana bir yaponiyalik futbolchisi Ida o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi. Yevrokubokning asosiy bosqichida bir o‘yinda besh gol — «keltlar»ning eng yaxshi natijasi va «Reyndjers» Shotlandiya uchun o‘rnatgan rekordning takrorlanishi bo‘ldi, bu jamoa 2000 yil kuzida «Shturm»ni tor-mor etgandi (5:0). Yangi formula ushbu jamoa uchun ijobiy ta’sir qildi: yashil-oqlar bungacha YeChLning guruh bosqichini g‘alaba bilan boshlamagandi.

«Bolonya» — «Shaxtyor» 0:0
Aniq ijro etilmagan penalti:
Sudakov (4). 
«Bolonya» – Skorupski, Likoyannis (Miranda, 78), Lukumi, Bekema, Posh, Moro (Pobega, 65), Froyler, Fabbian (Urbanski, 78), Ndoyye, Kastro (Dallinga, 65), Orsolini (Ayling-Junior, 65).
«Shaxtyor» – Riznik, Pedro Enrike, Matviyenko, Bondar, Konoplya (Vinisius Tobias, 41), Kriskiv, Bondarenko (Stepanenko, 79), Eginaldo, Sudakov (Gomes, 79), Zubkov (Traore, 79), Sikan (Neverton, 35).
Ogohlantirishlar: Posh (2), Bondar (12), Kastro (58), Vinisius Tobias (70), Stepanenko (84), Gomes (88).

Kun statistikasi

  • «Jirona» Michel Sanches boshqaruvida 139 o‘yindan buyon 1-marta tanaffusga qadar birorta zarba yo‘llamadi.
  • «PSJ» darvozaboni Safonov YeChLda Yevropa klubi safida qatnashgan rossiyalik 2-darvozabon bo‘ldi. Bungacha Sergey Ovchinnikov «Benfika» va «Portu» safida asosiy yevrokubokda ishtirok etgandi.
  • «Bolonya» darvozaboni Skorupski so‘nggi uch mavsumda barcha turnirlar doirasida 5 bor penalti qaytardi. Bu Yevropadagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
  • Chexiya jamoalari YeChL guruh bosqichida 23 yildan buyon yirik hisobli g‘alabaga erishmagandi. 2001/02 yillar mavsumida ham bunday natijani Praganing «Sparta» klubi qayd etgandi.
  • «Bolonya» yevrokuboklarda 34 uy uchrashuvi o‘tkazgan va biror marta yutqazmagan. Bu — qit’a rekordi sanaladi.
  • 37 yoshu 342 kun — «Jirona» forvardi Stuani shu yoshda YeChLda boshlang‘ich tarkibda debyut qilgan eng tajribali futbolchiga aylandi.
  • «Jirona» tarkibidagi barcha futbolchilar jam bo‘lib yevrokuboklarda o‘tkazgan o‘yinlar soni 65 taga teng. «PSJ» yarimhimoyachisi Asensioning o‘zi turnirda shuncha o‘yin o‘tkazib ulgurgan.

Turnir jadvalidagi vaziyat:

Ko‘proq yangiliklar: