«Sudya mustaqilligini ta’minlash uchun o‘z ustida ishlashi kerak» - Sudyalar oliy kengashi

O‘zbekiston 19:57 / 19.09.2024 2770

19 sentabr kuni AOKAda Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri ijtimoiy tarmoqlarda sudga doir xabar va materiallar ostida ko‘plab foydalanuvchilar «sudlar mustaqil emasligi» haqida yozayotgan izohlari haqida so‘radi. Shuningdek, ayrim hollarda foydalanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan sudyalarga bosimlar bo‘lishi, ularning faoliyatiga ta’sir o‘tkazishga urinish holatlari haqida ham yozadi.

Sudyalar oliy kengashi shu’ba rahbari Nodira Boboxonovaning aytishicha, sud mustaqilligi o‘z ichiga juda ko‘p komponentlarni oladi. Qachonki, sudlar professional va xolis bo‘lsa mustaqil bo‘la oladi.

«O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, Konstitutsiyada ham, qonunlarda ham sudlarning mustaqilligi asosiy konstitutsiyaviy prinsip sifatida ta’minlab kelinyapti. Sud mustaqilligi shunday tushunchaki, u o‘z ichiga juda ko‘p komponentlarni oladi.

Sud qachon mustaqil bo‘la oladi? Qachonki u professional bo‘lsa, xolis bo‘lsa. Qachonki u adolatli va beg‘araz bo‘lsa. Bularning hammasi sudning mustaqilligiga ta’sir qiladigan holatlar.

Siz umumiy qilib aytyapsizda, «ba’zi holatlarda»… Agar shunday holatlar aniqlanadigan bo‘lsa, sudning ishiga kimdir aralashgan bo‘lsa, bu qonunga zid va unga chora ko‘rilishi kerak. Bu shubhasiz.

Agar institutsional jihatdan sud mustaqil bo‘lmasa, sudya shaxsan mustaqil bo‘lolmaydi. Institutsional degani bu umuman sudning mustaqilligi, bu qonunlar bilan kafolatlangan. Lekin sudyaning mustaqilligini ta’minlash uchun avvalambor sudya o‘z ustida ishlashi kerak. Boya aytib o‘tgan sifatlarim (professionallik, xolislik, adolatli va beg‘araz bo‘lish) sudyaning mustaqilligini ta’minlaydi.

Siz aytayotgan holatlar bo‘lsa, u bilan kelishish mumkin emas va albatta, chora ko‘riladi. Bunday ta’sir va bosim ostida chiqarilgan qaror, albatta, bekor bo‘lishi kerak», — deydi Nodira Boboxonova.

Sudyalar oliy kengashi a’zosi Vahobjon Fayzullayevning aytishicha, o‘tgan yilda sudyalar faoliyatiga aralashish holatlari aniqlangan.

Vahobjon Fayzullayev (rasmda o‘ng tarafda). Foto: AOKA

«Davlat rahbarining 2020 yildagi farmoni bilan Sudyalar oliy kengashi tarkibida «Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi» tashkil qilingan. Inspeksiyaning bevosita vazifalaridan biri sudyalar daxlsizligini ta’minlash. Har qanday sudyalar mustaqilligiga ta’sir qiladigan, faoliyatiga daxl qiladigan holatlar bo‘ladigan bo‘lsa, inspeksiyaga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, mazkur farmon bilan Sudyalar oliy kengashi raisiga vakolat berilgan, agar sudya faoliyatiga ta’sir qiladigan holatlar aniqlansa, rais bevosita bosh prokurorga taqdimnoma kiritadi. O‘tgan yili bo‘yicha shunday holatlar ham aniqlangan va bosh prokurorga taqdimnomalar kiritilib, tegishli choralar ko‘rilgan», — deydi u.

Nodira Boboxonova, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish uchun maxsus qo‘llanma tayyorlanib, sudyalarga ta’sir o‘tkazish ehtimoli bor davlat organlarga tarqatilganini bildirdi.

«Jamoatchilikda aynan shu masalada ko‘plab e’tirozlar bo‘lgani uchun mansabdor shaxslarning, hokimlar va boshqa davlat organlari ta’siri va aralashuvining oldini olish borasida Sudyalar oliy kengashi tomonidan risola tayyorlandi. «Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash, uning uchun javobgarlik asoslari» nomli tushunarli tilda yozilgan qo‘llanma tayyorladik. Bu qo‘llanmani sudyalarga emas, balki sudyalarga ta’sir o‘tkazish ehtimoli bor organlarga tarqatganmiz», — deya Kengash a’zolarining so‘zini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: