Ish ko‘p, maosh kam: Yevropa shifoxonalarida “kadrlar inqirozi” yuz bermoqda

Jahon 11:52 / 19.09.2024 4386

Butun Yevropada shifoxonalar go‘yoki yashab qolish rejimida ishlayotganga o‘xshaydi.

Xoh Fransiyada bo‘lsin, xoh Sloveniya yoki Shvetsiyada, barcha shifoxonalar xodim yetishmasligi, kam maosh va belgilangan vaqtdan tashqari ishlashga qarshi kurashmoqda. Bu holat butun sog‘liqni saqlash tizimida ish tashlashlarga sabab bo‘lib, natijada bemorlarni parvarishlash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu yil Shvetsiyada tibbiyot xodimlari 16 yil ichida ilk bor ish tashlash o‘tkazdi. Bunga 78 kun ketma-ket ishlash va kam maoshga qarshi norozilik sabab bo‘ldi.

Skandinaviya mamlakatlarida ish tashlashlar Yevropaning boshqa hududlariga nisbatan kamroq uchraydi. Biroq jamoaviy shartnoma tuzish bo‘yicha to‘rt oylik muzokaralardan so‘ng Shvetsiya tibbiyot xodimlari uyushmasi bunga majbur bo‘ldi — ular 11 apreldan 28 iyungacha ish tashladi.

“Muzokaralar jarayonida boshi berk ko‘chaga kirib qoldik. Ish tashlash e’lon qilishga majbur bo‘ldik. Nizoga borishimiz muqarrar edi”, — dedi Sineva Ribero Shvetsiya sog‘liqni saqlash xodimlari uyushmasi prezidenti. 114 000 a’zoga ega uyushma hamshiralar, akusherlar, biotibbiyot olimlari va rentgenologlarning manfaatini himoya qiladi. Kasaba uyushmasi ish vaqtidan tashqari ishlashni ham taqiqladi.

“2023 yilda ular (uyushma a’zolari) uch million soat ortiqcha ishlagan. Hamshiralar, akusherlar, rentgenologlar va rentgen hamshiralari yetishmasligini bilardik”, — dedi Ribero.

Natijada, Shvetsiya tibbiyot xodimlari uyushmasi o‘z a’zolarining 10 foizi — tungi smenada ishlovchilar uchun ish vaqtini qisqartirishga, ish haqini 3,05 foizga oshirishga hamda ish beruvchilar hamshiralarning malaka oshirishini moliyalashtirishiga doir kelishuvga erishishga muvaffaq bo‘ldi.

Boshqa tomondan, ular tibbiyot xodimlarining ish haftasini 40 soatdan 37 soatgacha qisqartirish to‘g‘risidagi talablardan voz kechishga rozilik bildirdi.

Umuman olganda, mehnat sharoitlarining yomonlashuvi tibbiyot xodimlarini Shvetsiyadan qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib ketishga majbur qiluvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi.

“20 mingga yaqin hamshira Norvegiyada ishlaydi, chunki u yerda haftasiga kamroq soat ishlab, ko‘proq maosh olishadi”, — deydi Ribero.

Bundan tashqari, Shvetsiya sog‘liqni saqlash sohasidagi kompetensiyalar bo‘yicha milliy kengashining iyun oyida e’lon qilingan hisobotida ta’kidlanishicha, 13 000 nafar malakali hamshira kasbini tark etgan, natijada soliq to‘lovchilar hisobidan 60 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflanib, sohada “qora tuynuk” paydo bo‘lgan.

“Balki Shvetsiyada vaziyat Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga qaraganda yaxshiroqdir”, — deydi Ribero. “Ammo bizda aholi salomatligi haqida qayg‘uradigan hamshiralar yetishmaydi. Keyingi pandemiya qachon kelishini bilmaymiz”.

Portlashi muqarrar bo‘lgan bomba

Aslida bunday muammo butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab mavjud. Hamjamiyat mamlakatlaridagi davlat shifoxonalari bir qator muammolarga duch kelmoqda. Bular qatoriga aholining qarishi natijasida ko‘proq tibbiy xizmatga ehtiyoj sezilishi, shuningdek, nafaqaga chiqayotgan tibbiyot xodimlarini almashtirish qiyinchiliklari kiradi. Chunki bu kasb ilgarigidek yoshlarni o‘ziga tortmayapti.

“Talabning o‘sishi asosan to‘rtta asosiy omilga bog‘liq: aholining qarishi, xilma-xil va surunkali kasalliklarning ko‘payishi, COVID-19 pandemiyasi davrida to‘plangan kechikishlar, shuningdek bemorlar ko‘p kutib qolayotgani”, — deb tushuntirdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Yevropadagi sog‘liqni saqlash kadrlari va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Tomas Sapata.

Euronews bilan suhbatda u Yevropa mamlakatlarining sog‘liqni saqlash tizimi “kadrlar inqirozi”ga duch kelayotganini ta’kidladi. Buning isboti sifatida turli toifadagi tibbiyot xodimlarining ish tashlashini keltirdi.

“Bizda har qachongidan ko‘proq shifokor va hamshiralar bor. Xususan, so‘nggi 10 yil ichida butun mintaqada shifokorlar soni 20 foizga, hamshiralar soni esa 10 foizga oshdi. Biroq tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talab undan tezroq sur’atlarda o‘sib bormoqda. Bu esa tibbiyot xodimlari soni va ularga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasida tafovut yuzaga kelayotganini, ya’ni tibbiyot xodimlari yetishmayotganini anglatadi”, — dedi u.

JSST Yevropa mintaqaviy bo‘limining 2022 yil sentabrda chop etilgan hisobotida Yevropa va Markaziy Osiyodagi sog‘liqni saqlash tizimlariga tahdid solayotgan “vaqti kelganda portlashi muqarrar bo‘lgan bomba” haqida so‘z yuritilgan.

Unda sog‘liqni saqlash va parvarishlash sohasidagi kadrlarning qarishi asosiy muammolardan biri ekani ta’kidlanadi. Hisobotda ko‘rib chiqilgan 44 mamlakatning 13 tasida shifokorlarning 40 foizi allaqachon 55 yosh va undan katta ekani qayd etilgan.

Ma’ruzada, shuningdek, tibbiyot sohasi vakillari orasida ruhiy salomatlikning yomonlashuvi haqida ham so‘z yuritiladi. Bunga uzoq ish kunlari, yetarli kasbiy qo‘llab-quvvatlashning yo‘qligi va xodimlarning jiddiy tanqisligi sabab bo‘lmoqda.

Ba’zi mamlakatlarda hamshiralarning 80 foizdan ortig‘i COVID-19 pandemiyasi sababli yuzaga kelgan psixologik zo‘riqishning u yoki bu ko‘rinishi haqida ma’lum qilishgan. Hisobotga ko‘ra, har o‘nta hamshiradan to‘qqiztasi ishdan ketishni o‘ylaydi.

Yevropa bo‘ylab bu muammolarning barchasi shifokorlar va boshqa sog‘liqni saqlash xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun ish tashlashga majbur qilmoqda.

2022 yilda Yevropa mamlakatlarida har 100 000 aholiga to‘g‘ri keladigan stomatologlar tayyorlash ko‘rsatkichi

Germaniya “yuqori sifatli” xizmat ko‘rsatishni talab qilmoqda

Yanvar oyida Germaniya davlat universitetlari kasalxonalarida ishlayotgan minglab shifokorlar kasalxona ma’muriyati bilan olib borilgan jamoaviy muzokaralar natijasiz yakunlangandan so‘ng ish tashlashdi.

Shimoliy Hannoverdagi Marburger Bund kasaba uyushmasi tomonidan uyushtirilgan “ogohlantiruvchi ish tashlash”ga qariyb 5000 nafar shifokor qo‘shilgani ma’lum qilindi.

Kasaba uyushmasi universitet shifoxonalarida ishlaydigan 20 000 nafar shifokor uchun ish haqini 12,5 foizga ko‘tarish hamda tunda, dam olish va bayram kunlari ishlash uchun beriladigan mukofotlarni oshirishni talab qildi.

Mart oyida davlat shifoxonalari nazorati ostida bo‘lgan 16 ta federal shtat bilan olib borilgan muzokaralarning to‘rtinchi davri muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng ular yana ko‘chalarga chiqishdi. Marburger Bund tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bu safar Germaniya bo‘ylab 23 ta muassasadan taxminan 7000 nafar shifokor turli namoyishlarda ishtirok etdi.

“Universitet tibbiyotida shifokorlarning ish haqi masalasi e’tiborsiz qoldirilishiga toqat qila olmaymiz”, — deya ta’kidladi Marburger Bund tashkilotining ikkinchi raisi Andreas Botslar.

“Muzokaralarning so‘nggi bosqichi bizda shunday taassurot qoldirdiki, shtatlar haligacha masalaning mohiyatini tushunmayapti: biz yuqori darajadagi tibbiyot uchun adolatli sharoitlarni talab qilyapmiz. Ko‘p emas, ammo kam ham emas”.

Sloveniyada shifokorlar tarixidagi eng uzoq davom etgan ish tashlash bo‘lib o‘tmoqda

Yanvar oyida Sloveniya davlat sog‘liqni saqlash xizmatida ishlaydigan shifokorlar va stomatologlar mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan ish tashlash e’lon qildi.

Ular hukumatni oldin taklif etilgan sog‘liqni saqlash islohotlarini amalga oshirishi va muzokaralar stoliga qaytishga majburlash uchun ortiqcha ishlashga bergan roziligini qaytarib olishdi.

2023 yilda shifokorlar va tish shifokorlari kasaba uyushmasi Fides hukumat bilan sog‘liqni saqlash xodimlari uchun davlat sektoridagi ish haqi shkalasida alohida bosqich yaratish to‘g‘risida kelishuv imzolagandi, biroq bu kelishuv amalda joriy etilmagan.

“Xodimlar davlat muassasalarini tark etmoqda, yaxshi pediatrlar esa davlat sektoriga yordam berishga tayyorligi uchun jazolanmoqda”, — deya ta’kidlandi Fides rahbari Damyan Polx bayonotida. “Islohotlar haqidagi va’dalar bajarilmayapti, sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunlarni bu sohadan mutlaqo bexabar bo‘lgan kishilar yozmoqda”.

Hukumat sog‘liqni saqlash tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida tibbiy xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish taklifini ma’qulladi. Ushbu o‘zgartirishlarga ko‘ra, ish tashlash paytida ham minimal ish vaqti belgilanadi.

Fides bunday choraning qonuniyligini shubha ostiga qo‘yish maqsadida Sloveniya Konstitutsiyaviy sudiga murojaat etdi. Kasaba uyushmasining ta’kidlashicha, bu chora “shifokorlarning ish tashlash huquqini yanada cheklab qo‘yadi”.

Avgust oyida Fides shifokorlar himoyasi uchun ish tashlashga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar haqida Sloveniya hukumatini xabardor qildi.

Shifokorlar Parijdagi Panteon oldida o‘tkazilgan umummilliy ish tashlashda ishtirok etmoqda. 2023 yil 5 yanvar.

Fransiyadagi bahsli islohot

Fransiyada boshqa bir tadbir tibbiyot talabalari orasida norozilik uyg‘otdi: bu yil kuzda yosh shifokorlar uchun 1510 ta ish o‘rni qisqartiriladi.

Iyul oyida e’lon qilingan rasmiy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil atigi 7 974 ta bo‘sh ish o‘rni ochilishi kutilmoqda, holbuki 2023 yilda bu ko‘rsatkich 9 484 tani tashkil etgandi.

Fransiyada yosh shifokorlar yoki “tibbiyot internlari” — 12 yillik tibbiyot ta’limining oltinchi yilini tugatgan talabalardir. Ular katta shifokor rahbarligida shifoxona yoki boshqa tibbiyot muassasasida to‘liq ish kunida faoliyat yuritib, bir vaqtning o‘zida o‘qishni davom ettiradi.

“Hammamiz juda qo‘rqyapmiz. Shifoxonalarda ishlash nihoyatda murakkab, yosh shifokorlardan katta aqliy va jismoniy kuch talab etiladi”, — deydi tibbiyot institutining oltinchi kursini tugatayotgan Mari. “Endi kuzda bizning sonimiz kamayadi, lekin ish hajmi o‘zgarmaydi”.

Hukumat ta’kidlashicha, bo‘sh ish o‘rinlari soni qisqargan, chunki joy uchun tanlov imtihonlarida qatnashgan nomzodlar soni ham kamaygan.

Ammo bu raqamlar kasaba uyushmalarini hayratga soldi.

“Har yili yosh shifokorlar soniga qarab bo‘sh ish o‘rinlari moslashtiriladi”, — deydi SAMU Urgences de France kasaba uyushmasi vakili doktor Anes Rikar Xibon. “Lekin bu safar bir yil ichida odatdagidan ancha ko‘proq odam ishlagan”.

Tibbiy mutaxassisliklar turli darajada zarar ko‘rdi: umumiy tibbiyot va oftalmologiyadagi lavozimlar 18 foizga qisqaradi, shoshilinch tibbiy yordamdagi bo‘sh ish o‘rinlari esa 15 foizga kamayadi.

“Plastik jarrohlik singari ba’zi sohalar ko‘proq zarar ko‘radi. Boshqalari, masalan, pediatriya yoki bolalar jarrohligi, ularga bo‘lgan katta ehtiyoj tufayli saqlanib qolgan”, — deya ta’kidlaydi Xibon.

Talabalar internetda yosh shifokorlar faoliyatini qayta tiklashni talab qiluvchi petitsiya e’lon qilishdi, sentabr oyiga kelib u 57 000 dan ortiq imzo to‘pladi.

https://static.euronews.com/articles/stories/08/69/61/40/750x422_cmsv2_8d057657-b9d9-5151-b24a-0fa168aaa03a-8696140.jpg

2022 yilda Yevropa mamlakatlarida har 100 000 aholiga to‘g‘ri keladigan shifokorlar tayyorlash ko‘rsatkichi.

Umuman olganda, munozara Fransiyaning butun tibbiyot sohasi charchash, ortiqcha ish vaqti, nazorat yo‘qligi, raqobat, muhim majburiyatlar va kam maosh kabi muammolardan aziyat chekayotgan bir paytda kechmoqda. Bu muammolar COVID-19 pandemiyasi tufayli yanada kuchaygan.

Ushbu muammolar ko‘p yillardan beri Yevropani tashvishga solib keladi, biroq 2023 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropadagi vakillari tomonidan qabul qilingan Sog‘liqni saqlash va parvarish xodimlari to‘g‘risidagi Buxarest deklaratsiyasi tufayli qit’a kasalxonalarida umid paydo bo‘ldi.

Deklaratsiya sog‘liqni saqlash va parvarish xodimlarini ishga qabul qilish hamda ularni yaxshi sharoitda ushlab turish, sog‘liqni saqlash tizimini kadrlar bilan ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish, kadrlar faoliyatini optimallashtirish va kadrlar tayyorlashga davlat sarmoyalarini ko‘paytirish bo‘yicha siyosiy chora-tadbirlarga da’vat etadi.

Biroq mamlakatlar deklaratsiyani amalda qanday joriy etishi hali noma’lum. Mehnat sharoitlari yomonlashuviga qarshi kurashayotgan shifokor esa tibbiy yordam sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Tibbiyot xodimiga yomon munosabatda bo‘lish, keyinchalik o‘nta bemorga ham yomon munosabatda bo‘lish degani”, — deydi Mari.

Ko‘proq yangiliklar: