Tayvanning Gold Apollo kompaniyasi Livanning «Hizbulloh» harakati tomonidan buyurtma qilingan peyjyerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Taybey Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzganini, unga ko‘ra BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkinligi, biroq mahsulotni mustaqil ishlab chiqarishi haqida aniqlik kiritdi.
«AR-924 peyjyer modeli BAC tomonidan ishlab chiqariladi va sotiladi. Biz faqat brendimiz uchun tovar belgisiga ruxsat beramiz va bu mahsulotni ishlab chiqish yoki ishlab chiqarishda ishtirok etmaymiz», deyiladi Gold Apollo 18 sentabr, chorshanba kuni e’lon qilgan bayonotda. Avvalroq The New York Times minglab «Hizbulloh» jangchilarida portlagan peyjyerlar Tayvanning Gold Apollo kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgani haqida xabar bergan edi.
Livanda «Hizbulloh» peyjyer va ratsiyalari portlashi
Ikki kun davomida butun Livan bo‘ylab «Hizbulloh» jangchilari foydalanadigan peyjyerlar, ratsiyalar va radiostansiyalarning katta portlashlari sodir bo‘ldi. Umuman olganda, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, gadjetlar portlashlari oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan, 3500 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Rasmiy Bayrut va «Hizbulloh» harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi. U qilgan ishlari uchun «loyiq jazo» olishiga va’da berildi. Reuters manbasining ta’kidlashicha, peyjyerlar Isroil razvedka xizmati «Mossad» tomonidan «ishlab chiqarish bosqichida» o‘zgartirilgan. Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, qurilmalarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan azot kislotasi efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda - pentaeritrittetranitrat bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, portlashlar «Mossad» akkumulyatorlar haroratini masofadan oshirganda sodir bo‘lgan.
Isroil mudofaa vaziri: «Hizbulloh» bilan urush tobora yaqinlashmoqda
Livan bilan chegarada deyarli har kuni sodir bo‘layotgan to‘qnashuvlar tufayli diplomatik kelishuv imkoniyatlari kamayib bormoqda. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant AQSh prezidenti yordamchisi o‘rinbosari va Davlat departamentining energiya xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Eymos Xokstin bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Galantning so‘zlari 16 sentabr kuni Isroil Mudofaa vazirligi tomonidan keltirildi.
«Hizbulloh» o‘zini Hamas bilan bog‘lashda davom etar ekan va mojaroga barham berishdan bosh tortar ekan, kelishuv ehtimoli kamayib bormoqda», dedi vazir Livandagi harakat va falastinliklarga ishora qilib.