Tanasining bosh qismi qo‘shilib ketgan pokistonlik bir yashar egizaklar Minal va Mirxa Britaniyaning yetakchi jarrohi tomonidan o‘tkazilgan 14 soatlik murakkab operatsiya natijasida muvaffaqiyatli ajratib olindi.
Greyt Ormond-strit kasalxonasi professori Nur ul-Ovase Jilani Turkiyada qizchalar ustida murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun ilk bor aralash reallik deb ataladigan 3D zamonaviy texnologiyalardan foydalandi.
Ikkala bemor hozirda shifoxonada davolanmoqda, keyingi oyda ular Pokistondagi uyiga qaytadi. Chaqaloqlar to‘liq sog‘ayib, normal hayot kechirishi kutilmoqda.
Anqara shahridagi Bilkent shifoxonasida 19 iyulda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotida mahalliy shifokorlar ham qatnashdi. Ushbu amaliyot ikki bosqichli jarrohlikni talab etib, uch oyda yakunlandi. So‘nggi jarrohlik bosqichi 14 soat davom etdi.
Pokistonlik qizlarni kraniopag-egizaklar deb atashadi, chunki ularning boshlari qo‘shilib ketgan. Ulardagi hayot uchun muhim bo‘lgan qon tomirlari va miya to‘qimalari umumiy edi, shu sababli ularni ajratish uchun o‘ta murakkab jarrohlik amaliyoti talab etildi.
Aralash reallik (AR) texnologiyasi 3D tasvirlarni fizik dunyo bilan birlashtiradi va murakkab operatsiyalar paytida aniqlikni oshirish uchun qo‘llanadi. U jarrohga bemorni yaxshiroq ko‘rishga yordam beradi, bunda raqamli ma’lumotlar, masalan 3D skanerlar reallikka qo‘shib ko‘rsatiladi.
Operatsiyadan avval egizaklarning 3D modeli yaratilgan. Bundan maqsad Anqaradagi shifokorlarga operatsiya xonasida kutilayotgan vaziyatni tasavvur qilishga ko‘maklashish, Britaniya jamoasiga esa operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni mashq qilish imkonini yaratish edi.
Professor Jilani ushbu texnologiya yordamida ko‘plab odatiy operatsiyalar ancha xavfsiz va samaraliroq o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
“Bu qizchalarga va ularning oilalariga mustaqil yashash, bolalikdan to‘liq bahramand bo‘lish imkoniyatini taqdim etish — alohida sharaf”, deya ta’kidladi u.
Jilani ilgari ham Siam egizaklari bilan bir nechta operatsiyalarni amalga oshirgan, jumladan 2022 yilda Braziliyada uch yoshli o‘g‘il bolalar, 2021 yilda Isroilda bir yoshli qizlar, 2019 yilda Pokistonlik ikki yoshli qizlar ustida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.
Ish Gemini Untwined xayriya tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu tashkilotni Jilanining o‘zi boshi birikib tug‘ilgan aka-uka va opa-singillar uchun mablag‘ to‘plash maqsadida tashkil etgan.
Gemini ma’lumotlariga ko‘ra, har 60 000 tug‘ruqdan birida siam egizaklari dunyoga keladi va ularning atigi 5 foizigina kraniopag bolalar hisoblanadi.
Ajralmaydigan egizaklarning umr ko‘rish davomiyligi juda qisqa. Boshi qo‘shilib ketgan egizaklarning taxminan 40 foizi o‘lik tug‘iladi yoki tug‘ilish jarayonida nobud bo‘ladi.