Microsoft ijtimoiy tarmoqlarda Kamala Harrisni qoralashga qaratilgan «Kreml botlari» faollashganini aniqladi

Jahon 20:39 / 18.09.2024 2287

Oxirgi ikki oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaga aloqador guruhlar tomonidan Demokratik partiya nomidan AQSh prezidentligiga nomzod Kamala Harrisning saylovoldi kampaniyasini obro‘sizlantirishga qaratilgan videolarni tarqatish ko‘paydi. Bu haqda Microsoft kompaniyasining hisobotida so‘z boradi.

Misol sifatida X ijtimoiy tarmog‘ida millionlab marotaba tomosha qilingan ikkita video keltirilgan. Ulardan birida Harris tarafdorlaridan biri ekani aytilayotgan shaxs prezidentlikka nomzod Donald Trampning saylovoldi mitingi ishtirokchisiga hujum qilgani tasvirlangan. Boshqa bir rolikda esa Harris 2011 yilda San-Fransiskoda avtomobil boshqarayotib 13 yoshli qizni urib yuborgan holda YTH sodir etgani aytiladi.

Mazkur videolar mahalliy OAVga o‘xshatib bir necha kun oldin yaratilgan sayt orqali tarqatilgan. Microsoft mazkur roliklarning e’lon qilinishiga Kremlning «trollar fabrikasiga» bog‘liq «Shtorm-1516» guruhi javobgar ekanini ma’lum qildi.

Harrisning YTHga bog‘liq tarixini o‘rgangan loyiha ushbu rolik Rossiyadagi ko‘plab mashhur Telegram-kanallarda ham tarqatilganini ta’kidladi. Rolikni o‘rganish jarayonida, undagi rentgen suratlari 2010 va 2017 yillardagi ilmiy maqolalardan olingani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, San-Fransisko politsiyasi 2011 yilda yuz bergan YTHga oid ma’lumotlar mavjud emasligini bildirdi.

Harris bilan bog‘liq roliklar, shuningdek, «Shtorm-1679» guruhi ham shug‘ullanmoqda. Shu kabi roliklarning birida Harrisning yolg‘on siyosiy qarashlari keltirilgan Nyu-Yorkdagi soxta reklama banneri namoyish etilgan. Microsoft ushbu guruhni ham Kreml bilan bog‘lamoqda.

Microsoft hisobotida keltirilishicha, oldinroq ijtimoiy tarmoqlardagi bunday xabarlar asosan Jo Baydenga qaratilgan, ammo u prezidentlik poygasidan chiqqach, Harrisning saylovoldi kampaniyasi diqqat markazidan o‘rin olgan. AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, Microsoft Rossiyaga aloqador guruhlar siyosiy muhitga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan kontentni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishni davom ettirishini aytmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: