Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskin o‘zgargani sababli Lufthansa Group aviakompaniyalari Tel-Aviv va Tehronga barcha reyslarni to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda 17 sentabr, seshanba kuni Lufthansa matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qaror qabul qilinishidan avval Livandagi «Hizbulloh» harakati jangchilari ishlatgan peyjyerlar Livanda ommaviy ravishda portlagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Bayrut va harakat vakillari voqeada Isroilni aybladi. Ular yahudiy davlati o‘z qilmishlari uchun «tegishli jazo» olishini aytishdi.
19 sentabrga qadar Lufthansa Group aviakompaniyalarining barchasi Isroil va Eron havo hududini chetlab o‘tadi.
Chiptalarni bepul qayta bron qilish mumkin
«Lufthansa Group vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda va yaqin kunlarda uni baholashda davom etadi», — deya qo‘shimcha qilindi xabarda.
«Biz yo‘lovchilarimizga yetkazilgan noqulaylikdan afsusdamiz va bekor qilingan reyslarga chipta olgan yo‘lovchilar bilan aloqadamiz», — deyiladi kompaniya xabarida. Yo‘lovchilar chiptalarni keyingi muddatga bepul qayta bron qilish yoki chiptaning to‘liq narxini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Peyjyer portlashlari natijasida kamida 2800 kishi jarohatlangan
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining 17 sentabr kuni xabar berishicha, peyjyer portlashlari oqibatida kamida 2800 kishi jarohatlangan va 9 kishi halok bo‘lgan.
Halok bo‘lganlar orasida «Hizbulloh» yetakchilaridan birining o‘g‘li, shuningdek, 10 yoshli qiz ham bor. Qurbonlardan biri Eronning Bayrutdagi elchisi Mojtaba Amanidir, deya xabar beradi Fars agentligi.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.