O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Livanda portlagan peyjyerlar
Livan poytaxti Bayrut shahri chekkasida va mamlakat janubida peyjyerlarning portlashi sodir bo‘lishi oqibatida minglab odamlar jarohatlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 2750 kishini tashkil etmoqda, 8 kishining o‘limi tasdiqlangan. Jarohatlanganlarning 200 dan ortig‘i og‘ir ahvolda qolmoqda.
Axborot agentliklarining ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha aynan qanday sodir bo‘lgani noma’lum portlash to‘lqini 17 sentabr kuni kunduzi bir soatga yaqin davom etgan.
Manbalarning qayd etishicha, «Hizbulloh» guruhining muloqot uchun peyjyerlardan foydalanadigan o‘nlab a’zolari jarohatlangan. «Hizbulloh» qator portlashlar ortida Isroil turganini ta’kidlamoqda. Isroil harbiylari bu ayblovga izoh bermagan.
Yaqin Sharq matbuotining yozishicha, peyjyerlardagi litiy batareyalar haddan tashqari qizib ketishdan portlashi mumkin. Shuningdek, ularning bir vaqtda portlashiga hakerlar sabab bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.
Eronning Livandagi elchisi Mo‘jtaba Omoniy ham yaralangan. Bundan tashqari, peyjyer portlashlari nafaqat Livanda, balki Suriyada ham kuzatilgan.
The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, portlagan peyjyerlar yaqinda yetkazib berilgan qurilmalarning yangi partiyasidan bo‘lgan. «Hizbulloh» vakili peyjyerlar qizib ketishi va portlashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan dastur bilan zararlanganini taxmin qildi.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda «Hizbulloh» jangarilariga Isroil razvedka xizmatlari kuzatuviga tushmaslik uchun mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan. Guruh a’zolariga statsionar telefonlar va peyjyerlar kabi eskirgan aloqa vositalaridan foydalanish tavsiya etilgan.
Rossiyada migrantlarga cheklov
2025 yil 1 yanvardan boshlab Moskva oblasti ma’muriyati bir necha faoliyat sohalarida patent bo‘yicha chet el fuqarolarining mehnatiga cheklovlar joriy qiladi. Ularning o‘rnini rossiyaliklar yoki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar fuqarolari egallaydi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Rejaga ko‘ra, migrantlarga alkogol va tamaki savdosi, ko‘cha ovqatlari, ijtimoiy xizmatlar, shuningdek, sport, madaniyat, dam olish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ishlashga cheklovlar joriy etiladi. Bu bilan rasmiylar «ehtimoliy mojarolarni minimallashtirishni xohlaydi».
«Biz patent bilan ishlashni to‘liq taqiqlagan 22 mintaqaga qo‘shilishni xohlaymiz. Bundan tashqari, men statsionar bo‘lmagan savdo obektlarida, ijtimoiy sohalarda: sport, ish, dam olish, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va ta’lim sohasida, ko‘cha taomlari sohasida patent bo‘yicha migrantlarning ishini cheklashni taklif qilmoqchiman. Bu yerda tilni sifatli bilish muhim, chunki ular aholi bilan ishlaydi», — dedi Moskva oblasti hukumati raisi o‘rinbosari Natalya Maslenkina.
Shuningdek, u ushbu taqiqlar joriy etilishi bilan almashtiriladigan patent egalari soni 5,6 ming kishini tashkil etishini ta’kidladi.
Migrantlar Rossiyada ishlash uchun maxsus patentga ega bo‘lishi kerakligi, uning yo‘qligi uchun javobgarlik ham ishchining o‘zi, ham u ishlayotgan tashkilot zimmasida ekanligi ma’lum qilingan.
2024 yilning sakkiz oyi davomida Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti Sankt-Peterburgda migrantlarning 7119 ta patentini va Leningrad oblastida yana 5961 ta patentini bekor qildi.
Qayd qilinishicha, bu yil patentlar o‘tgan yilga qaraganda ancha ko‘p bekor qilinmoqda.
Patent - bu Rossiyaning bir sub’yekti doirasida ma’lum bir sohada 1 oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatga ishlash huquqini beruvchi hujjat. Uni olish uchun xorijlik bir qator hujjatlarni, jumladan, rus tilini va Rossiya qonunchiligi asoslarini bilishini tasdiqlovchi hujjatlarni, migratsiya kartasini, tibbiy sug‘urtani va shaxsiy guvohnomani taqdim etishi kerak.
Shuningdek, Rossiyada patent bo‘yicha ishlayotgan chet el fuqarosi daromad solig‘ini oldindan belgilangan miqdorda to‘laydi. 2024 yilda Sankt-Peterburg shahri va Leningrad oblastida bu miqdor 4600 rublni tashkil qiladi.
Markaziy Yevropadagi suv toshqinlari
Dam olish kunlari Yevropada boshlangan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 17 nafarga yetdi. Dushanba kuni Chexiya, Polsha va Avstriyada yangi qurbonlar ro‘yxatga olingan. Ruminiya sharqida butun bir qishloq suv ostiga ketgan.
Tabiiy ofat Markaziy va Sharqiy Yevropaga yopirilgan «Boris» bo‘roni tufayli kelib chiqqan.
Polshada butun mamlakat bo‘ylab minglab kishilar xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Ko‘plab joylarda yo‘llar yuvilib ketgan va suv ostida qolgan, poyezdlar harakati to‘xtatilgan.
Slovakiyada Dunay daryosidan toshib chiqqan suv Bratislavaning eski shahar qismini suv ostida qoldirgan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, suv sathi 9 metr balandlikka ko‘tarilgan va bu davom etishi kutilmoqda.
Dunayning quyi oqimi o‘tuvchi Vengriyada ham yaqin kunlar ichida suv sathi ko‘tarilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Dunay bo‘ylab 500 km masofadagi hududlarni suv bosishi xavfi yuzaga kelgan. Daryoda suv sathi har 24 soatda bir metrga ko‘tarilmoqda.
Budapesht meriyasi suv toshqinlaridan himoyalanish uchun qum to‘ldirilgan million qop tayyorlagan. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban barcha xalqaro tashriflarini qoldirgani haqida ma’lum qilgan.
Eng kuchli yog‘ingarchilik Chexiyada kuzatilgan. Mamlakat shimoli-sharqidagi Yesenik shahrida payshanba kuni tongdan beri 473 mm yog‘ingarchilik tushgan, bu esa bir oylik normadan besh baravar ko‘p.
«Boris» janubga, Italiya tomon harakatlanishda davom etmoqda va u yerda ham kuchli yomg‘ir yog‘adi. Emiliya-Romanya hududi eng ko‘p jabr ko‘rishi kutilmoqda — bu yerga 100-150 mm yog‘in tushadi.
Suv toshqinlari yana bir necha kun davom etishi mumkin, ammo Markaziy Yevropadagi ob-havo hafta o‘rtalariga borib yaxshilanadi va ancha quruqroq bo‘ladi.
Myanmada suv toshqinlari
Myanmaga yopirilgan «Yagi» to‘foni oqibatida halok bo‘lganlar soni 200 kishidan oshdi, shuningdek, 80 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgan, deb xabar beradi BBC.
«Yagi» oqibatida Myanmada suv toshqinlari va ko‘chkilar yuz bergan, butun boshli qishloqlar vayron bo‘lgan. BMT yuz minglab akr dala maydonlarini yuvib ketgani, mamlakatda yarim milliondan ziyod inson oziq-ovqat, ichimlik suvi, turar joy va kiyim-kechakka muhtoj ekani haqida ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, bunday ko‘lamdagi suv toshqinlari Myanmaning yaqin tarixida kuzatilmagan. Mamlakat tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish agentligining ma’lum qilishicha, 630 mingga yaqin odam suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan, transport yo‘llari yopilib qolgan, ko‘priklar va aloqa tarmoqlariga shikast yetgan.
Avvalroq Viyetnamning shimoliy qismiga yopirilgan «Yagi» superto‘foni natijasida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida kamida 324 kishi halok bo‘ldi va bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, «Yagi» to‘foni Tailand va Myanmaga yetib kelishi natijasida har ikki davlatning shimoliy shtatlarida so‘nggi 80 yil ichidagi eng kuchli suv toshqinlari kuzatilgan.