BMT Xavfsizlik kengashi Livanda peyjyerlarning portlashi munosabati bilan 20 sentabr kuni yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda kengashdagi manbasiga tayanib, «TASS» xabar berdi.
«BMT Xavfsizlik kengashi Livandagi peyjyerlar portlashi munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvni o‘tkazish iltimosi Jazoir tomonidan ilgari surilgan», — deyiladi xabarda.
Yig‘ilish ochiq rejimda o‘tkazilishi aytilmoqda.
17 sentabr kuni Livanda «Hizbulloh» qurolli guruhi a’zolari foydalanayotgan peyjyerlar portlashi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, uch mingdan ortiq kishi jarohatlandi. «Hizbulloh» peyjyer portlashlarida Isroilni aybladi va bunga javoban «keskin qasos» bilan tahdid qildi. Isroil rasmiylari hozircha voqeaga izoh bermadi.
Reuters agentligining Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manbaga tayanib xabar berishicha, Isroil razvedka xizmati (Mossad) portlashlardan bir necha oy oldin Livanning «Hizbulloh» guruhi tomonidan keltirilgan 5 ming peyjyerga portlovchi moddalar o‘rnatgan.
18 sentabr kuni Bayrutda «Hizbulloh» guruhi a’zolariga tegishli peyjyerlar, shuningdek, ratsiya va radiolar yana portladi. Texnikalarning portlashi mamlakat janubida va Bayrutning janubiy chekkasida qayd etilgan. Ratsiyalar «Hizbulloh» tomonidan besh oy oldin, peyjyerlar bilan bir vaqtda sotib olingani ta’kidlanmoqda.