2024 yilning sakkiz oyi davomida Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti Sankt-Peterburgda migrantlarning 7119 ta patentini va Leningrad oblastida yana 5961 ta patentini bekor qildi.
Qayd qilinishicha, bu yil patentlar o‘tgan yilga qaraganda ancha ko‘p bekor qilinmoqda. Masalan, 2023 yil davomida Sankt-Peterburgda 1723 ta patent (farq 4 baravardan ortiq), Leningrad oblastida esa 374 ta (2024 yil yanvar - avgust oylariga nisbatan deyarli 16 baravar kam) bekor qilingan edi.
Patent - bu Rossiyaning bir sub’yekti doirasida ma’lum bir sohada 1 oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatga ishlash huquqini beruvchi hujjat. Uni olish uchun xorijlik bir qator hujjatlarni, jumladan, rus tilini va Rossiya qonunchiligi asoslarini bilishini tasdiqlovchi hujjatlarni, migratsiya kartasini, tibbiy sug‘urtani va shaxsiy guvohnomani taqdim etishi kerak. Shuningdek, Rossiyada patent bo‘yicha ishlayotgan chet el fuqarosi daromad solig‘ini oldindan belgilangan miqdorda to‘laydi. 2024 yilda Sankt-Peterburg va Leningrad oblastida bu miqdor 4600 rublni tashkil qiladi.
«Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risida» qonunga muvofiq, agar migrant o‘zi haqida yolg‘on ma’lumot bergan bo‘lsa yoki unga nisbatan jinoyat sodir etganlik uchun sud hukmi qonuniy kuchga kirsa, agar migrant giyohvand moddalarni iste’mol qilsa, OIV bilan kasallangan bo‘lsa, «Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyaviy tuzumining asoslarini zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatlasa» yoki «terroristik harakatlarni rejalashtirsa» patent bekor qilinishi mumkin.
Qayd etilishicha, 2024 yil yanvar-iyul oylarida Rossiya bo‘yicha berilgan patentlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 60 foizga oshgan (1 million 130 ming 718 taga).