“O‘zbek hamshiralari Germaniyaga 2200 yevro topgani jo‘natilmoqda” – Behzod Musayev

O‘zbekiston 15:14 / 17.09.2024 7507

Germaniya hukumati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida mehnat migratsiyasiga oid xalqaro bitim imzolandi. Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Behzod Musayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, mazkur hujjat bilan shaffof, tashkillashtirilgan migratsion jarayonlar yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari biz bugun Germaniya temiryo‘llari “Deutsche Bahn” degan tashkiloti bor. Ular bilan avtobus, temiryo‘l haydovchilari tayyorlashga, qolaversa, Globogate Concept AG tashkiloti bilan birgalikda hamshiralar tayyorlashni yo‘lga qo‘yyapmiz. Joriy yilning o‘zida O‘zbekistondan 800 nafardan ziyod hamshiralar tashkiliy ravishda Germaniyaga jo‘natilmoqda, 400 nafari ketib bo‘lishdi. Qolganlari til imtihonlarini topshirmoqda. Ularning oyligi kamida 2200 ming yevro qo‘lga tegadigani hisoblanadi”, – deydi u.

Shuningdek, vazirga ko‘ra, mashinasozlik, transport, tibbiyot sohalari bo‘ladimi, farqi yo‘q, o‘zbekistonliklar uchun shu yo‘nalishlarda nemis texnologiyasini o‘rganishga imkoniyat yaratiladi.

Qolaversa, Musayev qo‘l qo‘yilgan bitimni tarixiy deb baholadi.

Misol uchun, Hindiston bilan Germaniya bunday bitimni 6 yil davomida tayyorlagan bo‘lsa, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik munosabatlarni ahamiyatga oladigan bo‘lsak, shunday murakkab hujjat 1 yil davomida tayyorlandi va imzolandi.

Bugungi bitim 1 yil yoki 5 yillik emas, umuman olib qaralganda kelgusidagi 10-20-30 yilni qamrab oladigan hujjat bo‘ldi”, – deydi rasmiy vakil.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik hamshiralar Germaniyada ish bilan ta’minlanishi mumkinligi xabar qilingandi. Xususan, Namangan viloyati hokimligida Shveytsariyaning Globogate Concept AG tashkiloti rahbari Johannes Meyyer bilan uchrashuvida shunga kelishilgandi.

Undan oldinroq esa Kun.uz 2023 yil sentabr oyida Shveytsariyaning tibbiyot sohasidagi kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan dastur asosida Germaniyaning Aachen shahriga hamshira sifatida ishlagani ketgan Dilnura Berdiyeva bilan intervyu qilgandi.

Yurtdoshimiz suhbat davomida shartnoma bo‘yicha 2400 yevro, sug‘urta, soliqlar chegirib qolinganda 1700-1800 yevro maosh olayotganini bildirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: