Jahon | 09:10 / 24.02.2025
4928
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kanslerligiga nomzodlar Ukraina va Tramp bo‘yicha bahslashdi

Germaniya parlamenti saylovlari g‘olibi Fridrix Mers Germaniyaning Qo‘shma Shtatlardan «mustaqillik»ga ega bo‘lishini o‘z faoliyatining «mutlaq ustuvorligi» deb atadi.

Foto: Michael Kappeler/dpa-Pool/dpa/picture alliance

23 fevral, yakshanba kuni navbatdan tashqari saylovlar kuni ARD va ZDF telekanallarining Berliner Runde («Berlin davra suhbati») dasturida kanslerlikka nomzodlar va mamlakatning yetakchi partiyalari vakillari so‘zga chiqdi.

Ukrainadagi urush: Alis Vaydel Robert Xabek bilan bahslashdi

O‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» partiyasidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Alis Vaydel dastur davomida Rossiyaning Ukrainaga hujumini «xalqaro qonunlarga zid» deb atadi, ammo qo‘shimcha qildi: «Aybdorlik masalasi boshidanoq haddan tashqari bir yoqlama qo‘yilgan edi».

«Ittifoq-90/yashillar» so‘l liberal partiyasi vakili va XDI/XSIning bo‘lajak hukmron koalitsiyadagi ehtimoliy hamkori Robert Xabek Vaydelning so‘zlarini «yolg‘on» deb atadi va Ukrainaga yordam berish uchun maxsus jamg‘arma tashkil qilishni taklif qildi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bu Bundestag deputatlarining uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi, bu esa GuM, Sara Vagenknext so‘l populistik ittifoqi (SVI) va So‘l partiyaning Ukrainadagi urushdagi pozitsiyasi tufayli amalga oshmasligi mumkin.

Germaniyaning keyingi kansleri va konservativ XDI/XSI bloki yetakchisi Fridrix Mers Donald Tramp boshqaruvidagi AQSh Ukraina va Yevropa kelajagiga nisbatan «befarq» ekanini aytdi. Shu bilan birga, u nemis qo‘shinlarini Ukraina hududiga kiritish masalasi hozirda kun tartibida emasligini bildirdi.

Mavzuga oid