Tabiiy ofat Markaziy va Sharqiy Yevropaga yopirilgan «Boris» bo‘roni tufayli kelib chiqqan.
Polshaning janubi-g‘arbida joylashgan Nisa shahri meri mahalliy aholini yaqin atrofdagi ko‘ldagi to‘g‘on buzilishi ehtimoli va shaharga katta miqdorda suv kirib kelishi mumkinligi tufayli balandroq joylarga o‘tishga chaqirgan.
«Iltimos, o‘z narsalaringiz, o‘zingiz, yaqinlaringizni evakuatsiya qiling. Zudlik bilan binolarning yuqori qavatlariga ko‘tarilish kerak, chunki to‘lqin balandligi bir necha metrga yetishi mumkin. Bu butun shahar suv ostida qolishi mumkinligini anglatadi», — deya yozgan Kordian Kolbyars.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk suv toshqinidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun bir milliard zlotiy (260 mln dollar atrofida) ajratilishini ma’lum qilgan va Polsha Yevroittifoqdan yordam so‘rab murojaat qilganini qo‘shimcha qilgan. Tusk hukumati favqulodda holat rejimini e’lon qilgan.
Butun mamlakat bo‘ylab minglab kishilar xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Ko‘plab joylarda yo‘llar yuvilib ketgan va suv ostida qolgan, poyezdlar harakati to‘xtatilgan.
Slovakiyada Dunay daryosidan toshib chiqqan suv Bratislavaning eski shahar qismini suv ostida qoldirgan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, suv sathi 9 metr balandlikka ko‘tarilgan va bu davom etishi kutilmoqda.
Dunayning quyi oqimi o‘tuvchi Vengriyada ham yaqin kunlar ichida suv sathi ko‘tarilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Dunay bo‘ylab 500 km masofadagi hududlarni suv bosishi xavfi yuzaga kelgan. Daryoda suv sathi har 24 soatda bir metrga ko‘tarilmoqda.
Budapesht meriyasi suv toshqinlaridan himoyalanish uchun qum to‘ldirilgan million qop tayyorlagan. Shahardagi ayrim tramvay liniyalari faoliyatini to‘xtatgan, daryo bo‘yidagi yo‘llar dushanba kuni kechqurun yopilgan. Shuningdek, Budapesht va Vena orasida poyezdlar harakati to‘xtatilgan.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «Vengriyadagi ekstremal ob-havo va davom etayotgan suv toshqinlari tufayli» barcha xalqaro tashriflarini qoldirgani haqida ma’lum qilgan.
Eng kuchli yog‘ingarchilik Chexiyada kuzatilgan. Mamlakat shimoli-sharqidagi Yesenik shahrida payshanba kuni tongdan beri 473 mm yog‘ingarchilik tushgan, bu esa bir oylik normadan besh baravar ko‘p.
Chexiyaning shu qismidagi Ostrava shahrida esa Odra daryosi Opava daryosiga quyilish joyida suv to‘siqlarni buzib o‘tgan, bu esa shahardagi sanoat hududini, jumladan, kimyo zavodi va koks zavodini suv bosishiga olib kelgan.
Reuters xabariga ko‘ra, dushanba kuni Chexiyaning Litovel shahrining 70 foiz qismini bir metrgacha suv bosgandi.
Avstriyaning Sankt-Pelten shahrida to‘rt kun davomida 1950 yildagi eng yomg‘irli kuzdagiga qaraganda ko‘proq yog‘in tushgan. Avstriyada jabrlangan regionlarga yordam uchun askarlar yuborilgan. Avstriya iqlim vazirligi tiklash ishlariga 300 mln yevro ajratilganini ma’lum qilgan.
Ruminiya sharqida qishloq va shaharlarni suv bosgan.
«Agar bu yerda bo‘lganingizda, yig‘lab yuborgan bo‘lardingiz, chunki odamlar ilojsiz ahvolda qolishgan, ularning butun umri mehnatda o‘tgan, endi bor mulkidan faqat ustidagi kiyimlari qoldi», — degan jurnalistlarga Sloboziya-Konachi kommunasi meri Emil Dragomir.
Bo‘ron endi qayerga yo‘l olgan?
Keyingi kunlarda Avstriya, Chexiya va Germaniya janubi-sharqiga yana 100 mm atrofida yog‘in yog‘ishi kutilmoqda.
Suv toshqinlari yana bir necha kun davom etishi mumkin, ammo Markaziy Yevropadagi ob-havo hafta o‘rtalariga borib yaxshilanadi va ancha quruqroq bo‘ladi.
«Boris» bo‘roni esa janubga, Italiya tomon harakatlanishda davom etmoqda va u yerda ham kuchli yomg‘ir yog‘adi. Ushbu mamlakat shimolidagi Emiliya-Romanya regioni eng ko‘p jabr ko‘rishi kutilmoqda — bu yerga 100-150 mm yog‘in tushadi.
Markaziy Yevropada rekord miqdordagi yog‘ingarchilikka bir qator omillar, jumladan, iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lgan.
Turli ob-havo elementlari «ideal shtorm» hosil qilish uchun birlashgan, bunda Arktikadan kelgan o‘ta kuchli sovuq havo O‘rta Yer dengizining iliq havosi bilan uchrashgan hamda turli atmosfera bosimi zonalari konfiguratsiyasi «Boris» bo‘roni uzoq vaqt bir joyda to‘xtab qolishiga olib kelgan.
Olimlar izohlashicha, nisbatan issiq atmosfera ko‘proq namlikni ushlab turadi, bu esa nisbatan intensiv yog‘ingarchilikka olib keladi. Bundan tashqari, okeanlar qanchalik issiq bo‘lsa, ular shunchalik ko‘p suvni bug‘latadi, bu esa bo‘ron tizimlarini oziqlantiradi.