Londondagi Oksford-strit ko‘chasi piyoda uchun mo‘ljallangan hududga aylantiriladi

Jahon 22:41 / 17.09.2024 1859

Londonning asosiy savdo ko‘chasi hisoblangan Oksford-strit piyodalar hududiga aylantiriladi. Britaniya poytaxti meri Sodiq Xon taqdim etgan reja allaqachon hukmron Leyboristlar partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Meriya ma’lumotlariga ko‘ra, Oksford-stritga har kuni 500 mingga yaqin odam tashrif buyuradi va bu poytaxt yalpi qo‘shilgan qiymatining qariyb 5 foizini ta’minlaydi. London rasmiylarining Oksford-stritni piyodalar hududiga aylantirish bo‘yicha birinchi urinishi emas. 2017 yilda e’lon qilingan reja o‘shanda Konservativ partiya nazorati ostida bo‘lgan Vestminster shahri kengashi tomonidan bloklangan.

Qayd etilishicha, rejalashtirilgan o‘zgarishlar Oksford-strit va uning atrofidagi hududlarga tashrif buyuruvchi xaridorlar, aholi, ishchilar va sayyohlar uchun sharoitlarni «sezilarli darajada yaxshilaydi», «poytaxtning bu qismiga avvalgi shon-shuhratini qaytaradi».

Shahar meriyasi rejasiga ko‘ra, Oxford Circus chorrahasi va Marble Arch metro bekati o‘rtasidagi 1,1 kilometrlik maydon transportlar harakati uchun yopiladi. Loyiha qiymati 150 million funtga baholanmoqda.

«Oksford-strit bir vaqtlar Britaniya chakana savdosining gavhari bo‘lgan, ammo so‘nggi o‘n yil ichida u juda ko‘p zarar ko‘rganiga shubha yo‘q», — dedi Sodiq Xon. U ko‘chaning «yana dunyoning yetakchi chakana savdo nuqtasiga aylanishini» xohlaydi.

«Oksford-strit — shoping borasida butun dunyoga tanilgan va biz u shundayligicha qolishini istaymiz. Mer va mahalliy yetakchilar bilan ishlar orqali kerakli turtkini olishimizni kafolatlay olamiz», — deydi bosh vazir o‘rinbosari Anjyela Reyder.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oksford-stritning jonlanishi yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, iqtisodiy faollikni oshirish va Londonning tungi iqtisodi uchun kerak bo‘lgan rag‘batning berilishini ta’minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: