Bu hududdagi vaziyat avgust oyi oxirida, Rossiya qo‘shini Pokrovsk va Selidove mudofaasiga bosim qilishni to‘xtatib, birdaniga janubga burilganidan keyin yomonlasha boshladi.
Ular Kuraxovo shahri tomon tezlik bilan harakatlanib, sharqda, Nevelske, Gornyak va Krasnohorivka oralig‘idagi hududda joylashgan ukrain garnizonini asosiy kuchlardan uzib qo‘yishni boshladi.
RF armiyasi «kotyol»ni yopish uchun bir vaqtning o‘zida shimoldan va janubi-sharqdan ham yurish boshladi. 16 sentabr holatiga ko‘ra, ukrainlar chekinishi uchun qolgan hudud kengligi atigi 5 km atrofida.
Rossiyalik harbiylashgan blogerlarning telegram-kanallarida bir necha bor Ukraina qurshovdan qochish uchun o‘z garnizonini olib chiqib ketgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo bunday bo‘lmagan bo‘lib chiqmoqda.
BBC Ukraina xizmati Nevelske atrofidagi vaziyat yuzasidan izoh so‘rab, «Tavriya» va «Hortitsa» operativ qo‘shin guruhlari vakillariga murojaat qilgan.
Qurshovdan qutulib qolish mumkinmi?
«Axboriy qarshilik» guruhining ukrainalik harbiy tahlilchisi Konstantin Mashovets bu hududdagi vaziyatni «tahdidli» deb atagan va bu vaziyat «halokatli» darajagacha o‘zgarishi mumkin deb hisoblamoqda.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi bu bo‘rtiq hudud janubida Krasnogorivkidan g‘arbdagi Ostroye va Aleksandropol qishloqlari yo‘nalishida yurish qilmoqda. Shimolda esa Rossiya qurolli kuchlari allaqachon Galitsinovka qishlog‘ini egallagan hamda Jyelannoye-1 va Ukrainsk posyolkalari uchun jang olib bormoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi 14 sentabr kuni Jyelannoye-1 egallangani haqida xabar bergan. Ammo Ukrainadagi manbalar bu ma’lumotni hozircha tasdiqlamadi.
Ushbu aholi yashash manzili boy berilishi Nevelskedagi ukrain guruhiga ta’minot yetkazib beriladigan deyarli barcha yo‘llar raqib nazoratiga o‘tganini anglatadi. Bu holatda faqat dala yo‘llari orqali qurshovdan chiqish mumkin bo‘lib qoladi, qolaversa, Volchya daryosini kechib o‘tish talab etiladi.
«Agar dushman bu yo‘nalishda harakatlanishda davom etsa, bu Pokrovsk janubi-sharqini ushlab turgan guruhimizning butun qanoti uchun halokatli bo‘lishi mumkin», — deya qayd etadi Mashovets.
Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, RFning bu rejasi «ukrain qo‘mondonligi uchun sir ham emas».
Ukraina qurolli kuchlari Gornyak — Jyelannoye-2 — Aleksandropol — Kuraxovka hududlarini ushlab turishda davom etarkan, bu ularning Volchya daryosi bo‘ylab o‘tish joylaridagi mudofaasi barqarorligini ta’minlaydi, deydi ekspert.
Ya’ni bu nafaqat Nevelskedagi guruh ta’minotiga imkon qoldiradi, balki zarurat bo‘lganda uni zudlik bilan olib chiqishga ham.
Bundan tashqari, Mashovetsning yozishicha, Ukraina qurolli kuchlarining ilg‘or bo‘linmalari allaqachon raqib bilan arergard janglari olib borish orqali ushbu platsdarmni uyushgan holda va bosqichma-bosqich tark etishni boshlagan.
Avval xuddi shu tahlilchi frontning mazkur uchastkasidagi kuchlarning tengsizligi haqida yozgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nevelske platsdarmini ukrain tomonidan faqat bir necha batalyon ushlab turibdi va ular ham «to‘liq tarkibda emas». Ularga qarshi esa RF armiya korpusi (15 mingdan 30 minggacha jangchiga ega) qarshi qo‘yilgan.
Bunday sharoitda pozitsiyalarni ushlab turish favqulodda murakkab hisoblanadi. Ammo kichik garnizonni qurshovdan olib chiqish ham osonroq.
Rossiya armiyasi Donbassda nimani rejalashtirgan?
Ukraina qo‘mondonligidagilar fikricha, Rossiya Pokrovskka — Donetsk oblastining strategik muhim shahriga — yurish qilish rejasidan voz kechmagan va hozirda o‘z guruhining qanotlarini mustahkamlash bilan shug‘ullanmoqda.
«Ular Pokrovskka yaqinlashib, uni yarim qurshov holatiga tushirish va keyin shaharni vayron qilishga kirishish uchun qanotlarini mustahkamlashga harakat qilmoqda», — degan BBC muxbiri Abdujalil Abdurasulovga Ukraina qurolli kuchlari 59-brigadasidan bo‘lgan mayor Sergey Tsexotskiy.
110-brigadaning tank batalyoniga rahbarlik qiluvchi podpolkovnik Oleg Demyanenko ham Rossiya qo‘shini hozirda Pokrovskni to‘g‘ridan to‘g‘ri shturm qilish o‘rniga qanotlar bo‘ylab harakatlanayotganiga urg‘u beradi.
Ammo uning tasdiqlashicha, ayni vaqtda rossiyaliklar asosiy e’tiborini janubiy qanotga, ya’ni Kuraxovo yo‘nalishiga qaratgan.
Rossiya qo‘shini ukrain pozitsiyalariga kichik guruhlar va ko‘pincha zirhli texnikalarsiz hujum qilmoqda, deyishadi harbiylar.
«Ular ikki-uch kishini yuboradi, bunday guruhlar maydondagi muayyan nuqtagacha yetib olishga harakat qiladi, — deya izohlaydi. — Keyin boshqalar ham shu nuqtaga yetib kelishga urinadi. Va 10-15 kishi bo‘lishgach, ular bizga hujum qilishga harakat boshlaydi».
Kuraxovo hududi mudofaalanish uchun ham, yurish qilish uchun ham murakkab hisoblanadi, chunki u tekislikda joylashgan, deydi Ukraina qurolli kuchlari 33-brigadasidan bo‘lgan Nazar Voytenkov. «Biz dalani muntazam ravishda o‘qqa tutamiz. Rossiyaliklar bu yerda transport va odamlarini yo‘qotmoqda», — deya hikoya qiladi u.
Harbiyning so‘zlariga ko‘ra, uning brigadasi oldingi chiziqdagi pozitsiyalarini muvaffaqiyat bilan ushlab turibdi.
Kuraxovo Pokrovskka qo‘shinlar harakatlanadigan va front chizig‘iga ta’minot yetkazib beriladigan yo‘llar bilan bog‘langan.
Agar rossiyaliklar Kuraxovoni olishsa, keyin Pokrovskka yangi yo‘nalishdan hujum qilish uchun shimolga yurishi mumkin, deydi Ukrainaning DeepState OSINT-proyekti tahlilchisi Roman Pogoreliy.
Yana bir ehtimolga ko‘ra, ular ukrain qo‘shini ortidan Vuhledarga hujum qilishi mumkin, deya qo‘shimcha qiladi u. Bu Donbassdagi front chizig‘ining janubiy uchastkasida joylashgan ko‘mirchilar shahri bo‘lib, rossiyaliklar uni egallash uchun keng ko‘lamli urush boshidan buyon harakat qilib keladi.
Kuz boshida RF armiyasi Vuhledar yo‘nalishida bosimni kuchaytirib, shahardan sharq hamda g‘arbdagi aholi yashash manzillarini egallab oldi va hozirda bu hududdagi ukrain garnizonining ta’minot yo‘llarini to‘sib qo‘yishga yaqin turibdi.