Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti avtoturargohida yo‘l qoplamasi qo‘porib olinib, ta’mirlanayotgani, ammo jarayonda xavfsizlik qoidalariga amal qilinmayotgani xabar qilindi. Tahririyatga kelib tushgan suratlarda haqiqatan ham hudud maxsus to‘siqlar bilan o‘rab olinmagani ko‘rinadi.
“Kelayotgan chet ellik mehmonlar va yurtdoshlarimizning chiqish yo‘lagi umuman o‘ralmagan va changdan himoya qilinmagan. Hamma yoq chang-to‘zon. Kutayotgan odamlar va mehmonlar chang ichida turibdi. Aeroport xodimlari esa bu holatga jimgina qarab o‘tirishibdi. Aeroport ma’muriyati “sizning shikoyatingizga 15 kun ichida javob beramiz” deb, gapni qisqa qilib qo‘yishdi. Tartib umuman yo‘q”, – deyiladi murojaatda.
Holat yuzasidan “Uzbekistan Airports” AJning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, aeroportning uchib kelish zali yonidagi avtoturargohda yo‘l qoplamasida haqiqatan ham ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Shu munosabat bilan shaharga chiqayotgan yo‘lovchilar uchun chiqish yo‘li chap tomonga, ya’ni taksi yo‘lagining ortiga ko‘chirilgan.
“Kutib oluvchilar zaliga kirish shahar tarafdan amalga oshiriladi. Avtoturargoh hududidagi ta’mirlash ishlari uch kun ichida yakunlanishi kutilmoqda. “Uzbekistan Airports” va “Toshkent” aeroporti nomidan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilar va kutib oluvchilardan uzr so‘raymiz”,– deyiladi izohda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportining rekonstruksiyasi doirasida yangi uchib ketish zali ochilgandi. Uning so‘nggi bosqichi shu yil sentabr oyida boshlanishi reja qilingan, jarayon 2025 yilning so‘ngigacha davom etadi. Ishlar yakuniga yetkazilgach, o‘tkazish imkoniyati yiliga 13 million yo‘lovchiga yetkaziladi.