Toshkentning 86 ta nuqtasida pulli avtoturargoh tashkil etish huquqi 120 mlrd so‘mga sotildi

O‘zbekiston 16:36 / 25.11.2024 5695

Toshkent shahrida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlari tashkil etiladigan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha auksion o‘tkazildi.

E-auksion platformasida joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, ishtirokchilar tomonidan 22 ta taklif bildirilgan. 2 soatdan oshiq davom etgan savdoda Balcomuz kompaniyasining lot uchun 120,15 mlrd so‘mlik taklifi g‘olib deb topilgan. Bu – 57,2 mlrd so‘m bo‘lgan boshlang‘ich narxdan qariyb 2 barobar yuqori.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor “Balcomuz” MChJ 2020 yil 28 yanvarda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 4,07 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – restoranlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazish bo‘yicha xizmatlar.

Kompaniyaning 60 foiz ulushi Balcom Co Ltd (Yaponiya) kompaniyasiga, 20 foizi Nuriddinov Avazbek Shokirjon o‘g‘liga, 10 foizi Akramov Bobur Axatovichga, yana 10 foizi Hoshimov Anvar Olim o‘g‘liga tegishli. Rahbari sifatida Nuriddinov Avazbek Shokirjon o‘g‘li ko‘rsatilgan.

Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Balcomuz O‘zbekistonda 2019 yildan beri bir qator loyihalarni amalga oshirgan. Central Park istirohat bog‘i, “More” suv majmuasi, The Bani hammom majmuasi, Oxygen Development ko‘p qavatli turar joy va savdo binosi, Balcomsoft IT-xizmatlari va Flamingo restorani shular jumlasin.

Ma’lumot uchun, bitta lot doirasida Toshkent shahridagi ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bunga quyidagi ko‘chalarning qismlari kiradi:

  • poytaxtning markaziy qismida (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa ko‘chalar);
  • Uchtepa va Chilonzor tumanlarida (Kichik halqa avtomobil yo‘li, Farhod, Lutfiy, Cho‘ponota, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayrag‘och ko‘chalari);
  • Sergeli va Yangihayot tumanlarida (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qo‘rg‘ontepa, Birodarlik ko‘chalari);
  • Olmazor va Shayxontohur tumanlarida (Labzak, Sebzor, Gulobod, Forobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor ko‘chalari);
  • Bektemir tumanida (Husayn Boyqaro ko‘chasi);
  • Mirobod tumani (Yangi Qo‘yliq ko‘chasi);
  • Yashnobod tumanida (Ohangaron yo‘li ko‘chasi, Quyi Talariq, Sivets, Quruvchilar ko‘chalari).

Ijara muddati – 3 yil. Ijarachi dastlabki 2 yilda avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar, harakatni tashkil etish vositalari va kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish uchun kamida 5 mln dollar sarmoya kiritishi kerak.

Avtoturargohdan tushgan tushumning kamida 1/12 qismi Toshkent shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilishi kerak. Bundan tashqari, ijarachi avtoturargohlardan maqsadli va qonuniy foydalanish monitoringini ta’minlashi zarur.

Poytaxt hokimining qarori bilan, to‘lovlar miqdori tarif zonalariga qarab soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha deb belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: