16 sentabr kuni kuni Ostona sharida Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvda uning iltimosiga ko‘ra Ukraina atrofidagi vaziyat haqida fikr bildirdi.
«Fakt shuki, Rossiya harbiy jihatdan yengilmaydi. Urushning yanada avj olishi butun insoniyat va birinchi navbatda, Rossiya-Ukraina mojarosida bevosita ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar uchun tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi. Afsuski, Istanbul bitimini tuzishdan bosh tortish bilan hech bo‘lmaganda sulhga erishish uchun yaxshi imkoniyat yo‘qoldi. Ammo tinchlik uchun imkoniyat hali ham mavjud. Turli davlatlarning barcha tinchlik tashabbuslarini diqqat bilan ko‘rib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish kerak. Keyin hududiy masalalarni muhokama qilishga o‘tiladi.
Bizningcha, Xitoy va Braziliya taklif qilayotgan tinchlik rejalari qo‘llab-quvvatlashga loyiq. Davlat rahbarlari kelib-ketadi, lekin xalqlar, ayniqsa, qo‘shni xalqlar tinch va o‘zaro hamjihatlikda yashashi kerak.
Qozog‘iston Rossiya bilan dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasiga ega bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik strategik sherikchilik va ittifoqchilik doirasida rivojlanib bormoqda. Qozog‘iston Ukraina xalqiga va uning o‘ziga xos madaniyatiga chin dildan iliq munosabat bilan qaraydi. Davlatlarimiz o‘rtasida hech qachon kelishmovchilik bo‘lmagan. Kiyevda mamlakatimiz elchixonasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda», — degan Qozog‘iston yetakchisi Germaniya kansleri bilan tor doiradagi uchrashuvda.
Germaniya kansleri Olaf Shols ilk marta Markaziy Osiyoga tashrif buyurdi. U dastlab O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. 16 sentabr kuni Qozog‘iston rahbari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shols 17 sentabr kuni Ostonada Markaziy Osiyo davlat rahbarlari bilan sammit doirasida uchrashadi.