Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Shols yorqin lider bo‘lolmadi, Germaniyaga esa yana millatchilik xavf solmoqda” – nemis hukumati tarkibida kimlar bo‘ladi?
23 fevral kungi navbatdan tashqari saylovda biror partiya mutlaq ko‘pchilik ovoz yig‘olmadi va Bundestag nazorati uchun endi yana koalitsiya tuzishga to‘g‘ri keladi. G‘olib partiya konservatorlar yetakchisi Mers ultra-o‘nglar bilan ishlamasligini e’lon qildi. Biroq koalitsiya tuzish uchun yo o‘nglar, yo Shols partiyasi bilan kelishish kerak. Saylov natijalariga ko‘ra, nemislar yana millatchilik va populizm tarafdoriga aylanmoqda.

Olaf Sholsning GSDP sharmandali natijalari bilan tuzilganiga endi 12 yil bo‘lgan o‘ta o‘ngchilar – Germaniya uchun muqobil (GuM) partiyasidan ham ortda qolib ketdi. Populistlar bu gal 20,8 foiz ovoz bilan Germaniyadagi ikkinchi yirik siyosiy kuchga aylanganini isbotladi. Partiya rahbari Elis Veydel hukumatga kirish niyatida, ikki partiya baribir kelisholmaydi va qayta saylov o‘tkazishadi. Biz yana 4 yil saylovni kutmaymiz, deydi u.
Kun.uz Germaniyadagi saylov, natijalar hamda saylovdan keyin tuzilajak hukumatda kimlar bo‘lishi, dunyo bilan aloqalar qanday kechishi, yangi kansler va hukumat uchun prioritetlar nimalar bo‘lishi xususida suhbat o‘tkazdi. Unda qatnashgan siyosatshunoslar fikricha, bu saylov natijalari – xavotirli. Populistlarning bu qadar ko‘p ovoz to‘plashi – davlatda millatchilik avj olganini isbotlaydi. Biroq Ikkinchi jahon urushidan keyingi Germaniya hukumat tarkibida millatchi, ksenofob va ayirmachilar bo‘lmasligiga kelishib olib, siyosiy konsensusga erishgan edi.
Germaniyadagi siyosiy tizimni yaqindan o‘rgangan siyosatshunos O‘ktam Biturayev fikricha, saylovdan avval Sholsning yutqazishi tayin bo‘lib qoldi. Buning bir qator sabablari bor.
“Sholsning boshqaruv davri murakkab va Ukraina urushi sabab qiyin geosiyosiy davrga to‘g‘ri kelib qoldi. Uning hokimiyatda qolishi barqaror bo‘lmadi, saylovdan avval hukumat parchalanib, budjet, qarz olish va Ukrainaga ajratiladigan yordam masalasi o‘ta bahsli kechdi. Ikkinchidan, urush sabab Germaniya energetik inqirozga yuzlashdi va bu iqtisodiyotni orqaga sudradi. Natijada esa nemislar Shols hukumatidan jiddiy norozi bo‘ldi. Ukraina borasida ham rasmiy Berlin aniq pozitsiyasini shakllantira olmadi, bu noaniqlik esa Sholsning obro‘yiga putur yetkazdi” – O‘ktam Biturayev, siyosatshunos
Olaf Shols hukumati yashil energetika va yashil iqtisodiyot maqsadlari ortidan AES, yadro energetikasidan foydalanishni to‘xtatdi. Rossiyadan olinuvchi energiya to‘xtagan bir sharoitda bu muxolifatning keskin tanqidiga uchradi. XDI/XSI hamda GuM Sholsning bu ishini jiddiy qoralab, uni energetik inqiroz fonida bor imkoniyatdan unumli foydalana bilmaganlikda aybladi. Saylovda g‘alaba qozongan konservatorlar endi mavjud muammolarni yechish uchun yadro energetikasiga qaytishi taxmin qilinmoqda.
Bundan tashqari, Ukrainada urush boshlanishiga qadar davrda Germaniya va YeI Rossiyaga energetik qaram bo‘lgan edi. Bu esa mojaro boshlangach, katta muammoga aylanganiga hamma guvoh bo‘ldi.
Migratsiya masalalarida ham Olaf Shols hukumati yumshoq siyosat olib bordi hamda muxolifat undan tinimsiz “qattiq chegara” tizimiga o‘tishni talab qilsa-da, kansler YeI darajasida qabul qilingan normalarni hurmat qilishini bildirib keldi. Bu ham Sholsning obro‘yiga putur yetkazdi va hattoki, Fridrix Mers partiyasi davlatdagi siyosiy an’anani buzgan holda aynan “qattiq chegara va migratsiya” taklifini qabul qildirishda ultra-o‘nglarning yordamini qabul qildi. Bu esa Bundestagda shovqinni keltirib chiqarib, Mers bu qaroridan o‘zi ham uyalganini bayon qilgandi.
Siyosatshunos Biturayevga ko‘ra, Olaf Shols kansler sifatida o‘zini ko‘rsata olmadi va unga liderlik xarizmasi yetishmadi. Germaniyada Ikkinchi jahon urushidan keyin hukumat tarkibiga millatchilar, populist va ayirmachilar, ksenofoblarni qo‘shmaslik borasida umumiy siyosiy konsensusga kelingandi. Hozirgi davrga kelib, mana shu konsensus buzildi, deydi yana bir suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimov.
“Ikkita jahon urushi asosiy sababchilaridan biri – Germaniya. Dunyodagi natsizm fenomeni aynan Gitler bilan bog‘lanadi. Nemislar har qanday sharoitda ham millatchilarga yo‘l bermaslikka kelishib olgandi, lekin saylov buning buzilganini ko‘rsatdi. Biroq bu yerda tushunmovchilik bor. Avval SSSR ta’siri va nazoratida yashagan sobiq GDR tomondagi nemislar millatchilikni qo‘llayapti, lekin asosan muhojirlar yashovchi GFR tarafdagilar konservatorlar tomonida” – Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos
Endigi asosiy vazifa – hukumatni tuzish va koalitsiya kelishuvi. Fridrix Mers pasxa bayramigacha yangi nemis hukumatini taqdim etishga va’da bergan. Ultra-o‘nglar bilan ishlashni to‘liq rad etgan Mers endi GSDP bilan kelishishi kerak, biroq Shols bunga yuqori xohish bildirmadi. U tuzilajak hukumat tarkibida bo‘lishni ham rad etgan. 630 kishilik parlamentni nazorat qilish uchun Mers sotsial-demokratlar bilan kelishishga majbur.
GuMning bu qadar yuqori natija qayd etishiga bevosita ta’sir qilgan omil – Donald Trampning prezidentlikka qaytishi bo‘ldi. Uning guruhidagilar – vitse-prezident J.D Vens hamda Ilon Mask saylovdan oldin ochiqdan-ochiq Elis Veydelni qo‘llagani nemislarni hayratlantirgandi. Myunxen xavfsizlik konferensiyasida esa AQSh delegatsiyasidan hech kim Shols bilan ko‘rishishni istamagan. Tramp esa Shols hukumati kun tartibidan hamma charchaganini aytgandi.
Fridrix Mers uchun iqtisodiy-energetik siyosat 1-o‘rinda, keyin migratsiya masalalari va keyingi o‘rinda mudofaa hamda Ukraina mavzusi bo‘ladi. Yangi kansler energetik inqirozni o‘nglash uchun qayta yadro energetikasiga murojaat qilishi mumkin. Kiyevga yordam esa to‘xtamaydi, qo‘llab-quvvatlov davom etadi.
Markaziy Osiyo bilan aloqalarga kelsak, deyarli o‘zgarish yo‘q. Mers hukumati ham umumiy qarashlardan kelib chiqib, Markaziy Osiyo bilan aloqalarni davom ettiradi. Qattiq migratsiya siyosatini yuritadi, lekin bu Germaniya muhojirlardan voz kechadi degani emas. Shundan kelib chiqib aytsa bo‘ladiki, Mers davrida ham Sholsning O‘zbekiston bilan imzolagan migratsiya bo‘yicha kelishuvi bekor qilinmaydi.
Tavsiya etamiz
Jinoyat olamida bunaqasi kam uchraydi: yashirin ustaxona va g‘oyib bo‘lgan 276 ta mashina
Jamiyat | 13:40 / 16.07.2025
20 iyuldan boshlab 1-2 kunga xorijga chiqqanlar O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirolmaydi
Iqtisodiyot | 19:31 / 15.07.2025
Bolalarni itdek vovullatgan «defektolog»ga yangi jinoiy ish ochildi
Jamiyat | 18:06 / 15.07.2025
Etihad Airways O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekiston | 15:18 / 15.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Toshkentda Kichik halqa avtoyo‘lining bir qismi 4 kunga yopiladi
Jamiyat | 23:57 / 17.07.2025
-
Zelenskiy Tramp bilan «mega kelishuv»ni muhokama qilayotganini aytdi
Jahon | 23:47 / 17.07.2025
-
Toshkentda daraxtlarni kesishga cheklov bekor qilinishi kerak - tadbirkor Murod Nazarov
O‘zbekiston | 22:53 / 17.07.2025
-
Eron prezidenti avtomobili o‘chib qolganidan keyin taksi chaqirishga majbur bo‘ldi
Jahon | 22:51 / 17.07.2025
Mavzuga oid

13:40 / 17.07.2025
Germaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga Patriot yuborilganini tasdiqlay olmadi

09:00 / 17.07.2025
Germaniya o‘zbekistonlik yoshlarga sifatli kasbiy ta’lim olish imkonini taqdim etadi

07:51 / 17.07.2025
Germaniya sudi AQSh dronlari zarbasi bo‘yicha shikoyatni rad etdi

13:39 / 16.07.2025