Shu kunlarda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxuja Mavlonov Vashingtonda AQShning Bojxona chegara xizmati komissari Troy Miller bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston—AQSh bojxona xizmati rahbarlari bojxona sohasidagi hamkorlikning muhim huquqiy asosi — «Hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida»gi bitimni imzolagan.
«O‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochuvchi mazkur hujjat O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida bojxona sohasida axborot almashish imkonini beradi va giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, transmilliy jinoiy guruhlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga qarshi kurashishda hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, AQSh bojxona sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi bu kabi ikki tomonlama bitimlarni dunyo bo‘ylab 200 ga yaqin davlatlar ichida atigi 17 ta davlat bilan imzolagan bo‘lsa, O‘zbekiston bu ro‘yxatda 18-davlat sifatida qayd etilmoqda.
Muzokaralarda, shuningdek, AQSh chegara va bojxona xizmatining targetlash bo‘yicha mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning AQShda malaka oshirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning AQSh bilan tovarlar tashqi savdosi so‘nggi olti yilda 48 foizga oshgan. Joriy yilning sakkiz oyida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 64 foizga o‘sgan.