Britaniya tashqi ishlar vaziri: Putin bizni yo‘ldan qaytarolmaydi

Jahon 09:23 / 16.09.2024 3461

Britaniya hali ham Ukraina ittifoqchilari bilan Rossiyaga G‘arbdan yetkazib berilgan uzoq masofali qurollar bilan zarba berishga ruxsat berish yoki bermaslik masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi 15 sentabr, yakshanba kuni chop etilgan BBC'ga bergan intervyusida aytdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu masala «ukrainaliklar bilan ham muhokama qilinmoqda», chunki Kiyevning g‘arbiy sheriklari «qishga tayyorgarlik ko‘rishda ularga nima kerakligini» baholamoqchi. Lemmining qo‘shimcha qilishicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqin orada Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasida ittifoqchilar bilan uchrashadi, u yerda boshqa masalalar qatori bu masala ham ko‘rib chiqiladi.

Lemmi, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning agar Kiyevga G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga chuqur zarba yo‘llashga ruxsat berilsa, NATO davlatlari Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etadi, degan so‘zlariga ham izoh berdi. «Bunda yolg‘on bor - bu uning ish uslubi», dedi Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari. U Putin faqat «havoga chang ko‘tarayotgani» va Ukraina ittifoqchilarini yo‘ldan ozdirolmasligiga ishonch bildirdi.

Vashington va London Ukrainaning Rossiyaga zarba berishi bo‘yicha qarorni keyinga qoldirdi

AQSh prezidenti Jo Bayden 13 sentabr kuni Vashingtonda Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashdi. Ikki davlat yetakchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladilar. Biroq uchrashuvdan so‘ng Ukraina qurolli kuchlarining G‘arb qurollari bilan Rossiya Federatsiyasi hududidagi nishonlarga zarba yo‘llash bo‘yicha kutilayotgan ruxsat e’lon qilinmadi.

Shu bilan birga, Bayden va Starmer Eron va Shimoliy Koreyaning Rossiyaga qurollar yetkazib berishi hamda «Xitoy Xalq Respublikasining Rossiya mudofaa sanoat bazasini qo‘llab-quvvatlayotgani» haqida «chuqur tashvish bildirdi», deyiladi Oq uy saytida.

Rossiya NATOga Ukrainaning RF ichkarisiga zarbalari uchun oqibatlar bilan tahdid qildi

Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududiga hujumlari uchun G‘arbning yuqori aniqlikdagi uzoq masofali qurollaridan foydalanish NATO davlatlarining Ukrainadagi urushda bevosita ishtirok etishini anglatadi, dedi Vladimir Putin «Rossiya 1» telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bunday zarbalarni o‘zi amalga oshira olmaydi, chunki buning uchun unga sun’iy yo‘ldoshlardan olingan ma’lumotlar kerak bo‘ladi, u esa Ukrainada yo‘q. Bundan tashqari, Putin «faqat NATO harbiy xizmatchilari ushbu raketa tizimlariga parvoz vazifalarini belgilashi mumkin», deya qo‘shimcha qildi.

«Gap Ukraina rejimiga Rossiyaga ushbu qurollar bilan zarba yo‘llashga ruxsat berish yoki bermaslik haqida emas. Gap NATO davlatlari harbiy mojaroda bevosita ishtirok etadimi yoki yo‘qmi degan qarorga kelish haqida. Agar bu qaror qabul qilinsa, bu Ukrainadagi urushda NATO davlatlari, AQSh va Yevropa davlatlarining bevosita ishtirokidan boshqa hech narsani anglatmaydi», — dedi Rossiya prezidenti. Tegishli qaror qabul qilingan taqdirda, «bu mojaroning mohiyati o‘zgaradi va Rossiya biz uchun yaratiladigan tahdidlardan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qiladi», deya aniqlik kiritdi u.

Ko‘proq yangiliklar: