Inbazar’ning misi chiqdi: Ishchilarni kaltaklash odatiy holat bo‘lganmi?

O‘zbekiston 21:54 / 15.09.2024 54510

Shu kunlarda internetning o‘zbek segmentidagi asosiy mavzu asosan arzon narxlardagi kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo tarmog‘i bilan bog‘liq mojaro bo‘lmoqda. Avvaliga tarmoqning Sergeli tumanidagi savdo markazi ishchisi o‘zidan yuqoriroq lavozimdagi xodim tomonidan kaltaklangani videosi tarqaldi, ko‘p o‘tmay tarmoq rahbari videomurojaat qilib, zo‘ravonga jazo ko‘rilishini aytib chiqdi, ammo keyingi kuni rahbarning o‘zi ishchilariga zo‘ravonlik qilgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Quyida voqealar xronologiyasi keltiriladi.

Voqea nimadan boshlandi?

14 sentabr kuni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi yirik savdo markazlaridan biri bo‘lmish Inbazar’ning Sergeli tumanidagi savdo markazi mas’uli Mehroj ismli xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.

Internetda tarqalgan boshqa videoga ko‘ra, xodim omborxonada aravachani uzoqdan g‘ildiratib yuborgani uchun kaltaklangan, holbuki bu holatda aravachaga zarar yetmagani ko‘rinadi.

Xodim, garchi «bilmasdan qildim», deya uzr so‘raganiga qaramay, rahbari yosh yigitning yuzi va tanasiga 5-6 marotaba urgan. Shuningdek, haqorat ham qilgan va ishdan bo‘shashini aytgan.

Inbazar asoschisi, ayni vaqtda chet elda bo‘lgan Omadbek Xolmatov videomurojaat bilan chiqib, mazkur holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni ko‘rib, o‘zim «shok» bo‘lib qoldim. Bu qilingan ablahona ishi uchun albatta qonuniy javobgarlikka tortilishiga ishonchimiz komil. Yillar davomida ishxonada o‘zaro hurmat bo‘lishiga harakat qilamiz, lekin ko‘p odam ishlagani uchun buni nazoratini ola olmay qolibmiz. Buning uchun uzr so‘raymiz. Lekin bu zo‘ravonlikka qarshimiz, bu holat bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilyapti. Tafsilotlarini aytamiz», degan do‘kon asoschisi.

Omadbek Xolmatov «birgina xodimining o‘ylamay qilgan ishi uchun yillar davomida xalq orasida ishonch qozongan va obro‘ orttirgan savdo markazi faoliyatini qoralab tashlamaslik»ni so‘ragan.

Keyinroq kompaniyaning instagramdagi sahifasida zo‘ravon xodim ichki ishlar bo‘limiga olib borilgani haqida videoxabar joylashtirildi. Toshkent shahar IIBB ham holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Xabarda hodisa 13 sentabr kuni sodir bo‘lgani, «Sergeli tumanida joylashgan savdo majmualarining birida ishlovchi 2001 yilda tug‘ilgan B.A. o‘zaro kelishmovchilik oqibatida birga ishlovchi 2006 yilda tug‘ilgan M.T.ni qo‘li bilan urgani» aytiladi.

Ushbu holat savdo majmuasining boshqa xodimi, 1998 yilda tug‘ilgan X.E. tomonidan video tasvirga olingan. Biroq fuqaro M.T. mazkur holat yuzasidan muqaddam ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan.

Yuqorida qayd etilgan holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) alomatlari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudiga yuborilgan.

Keyingi kun nimalar bo‘ldi?

15 sentabr kuni Inbazar rahbar xodimlaridan biri jabrlanuvchidan rahbariyat nomidan uzr so‘ragani, unga Spark avtomobili sovg‘a qilinishi va ishga tiklanishi, ishga qaytganida «zamstarshiy» lavozimida bo‘lishini va’da qilgan video tarqaldi. U videoda qayta-qayta uzr so‘raydi va bugunning o‘zida avtomobil rasmiylashtirib berilishini aytadi.

Lekin bu ish shu bilan yopilmadi. Kun.uz’ga ushbu kompaniyada xodimlarga munosabat azaldan yomon bo‘lgani, kompaniya rahbarining o‘zi xodimlarni «samosud» qilishni rag‘batlantirishi haqida murojaatlar kelib tushdi. Audiolardan birida ovozi Xolmatovnikiga o‘xshaydigan shaxs «qattiq so‘roq qilish»ga ruxsat berganini eshitish mumkin. Bu audiodagi gap “Mehrojni so‘roq qilish” voqeasiga bog‘liq ekani aniq emas.

15 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyadagi bunday holatni tasdiqlovchi videolar ham paydo bo‘ldi. Turli davrlarga oid bu videolarda Xolmatov xodimlarini o‘zi urgani yoki boshqa shaxslarga urdirtirmoqchi bo‘lgani, shuningdek, qattiq haqorat qilib, izza qilgani va bu holatlarni o‘zi videoga olganini ko‘rish mumkin.

U yana bir videosida bunday «samosud» holatlarini xodimlarni mijozga yomon muomala qilgani uchun jazolash sifatida izohlaydi.

«Mijozga yomon muomila qilgani uchun mazasini qochirganmiz... Kliyentni urib qoganida ataylab bratishkamni obkegandim. Kim mijozga yomon muomila qiladigan bo‘lsa, o‘zi bilan teng bolani olib kelaman. Ishxonaning oldida, hammaning oldida urib, yer qilib tashlaydi, hurmatini to‘kib... Yigirma yoshli xodim yomon muomila qilsa, yigirma yoshli it olib kelaman, g‘ajib tashlaydi», degan u.

Boshqa holatda esa u ishchini yomon kiyingani uchun haqoratlaydi va videoga oladi.

«Shu bolani hozir bo‘shatamiz, bir oydan keyin ham, ikki oydan keyin ham bizdek oyligini vaqtida oladigan ishxona topa olmaydi», degan u.

O‘xshamagan «oqlash» kampaniyasi

Kun davomida ushbu kompaniya atrofidagi mavzu trendda turdi. Kompaniyaning instagramdagi sahifasiga salbiy ohangdagi fikrlar yozilavergani, #inbazarboycot heshtegi ommalashgani tufayli izoh qoldirish yopib qo‘yildi.

Ijtimoiy tarmoqda avvaliga bokschi Bahodir Jalolov, keyin bloger, o‘zbekistonlik muxlislar yetakchisi Abdurahmon Fozilov Omadbek Xolmatovni qo‘llab-quvvatlab videomurojaat qilishdi. Ammo ularning ham sahifalarida norozilik bildirilgach, ular o‘z postlarini o‘chirib yuborishdi va uzr so‘ragan holda bugun tarqalgan oxirgi videolardan bexabar bo‘lganliklarini bildirishdi.

«Bir soat oldin qo‘ygan videomda bir yarim mingta izoh qoldirildi. Shundan mingtadan ortig‘i negativ. Azizlar, bu videoni qo‘yganimda, keyingi videolarni ko‘rmagandim... Biz keyingi voqealardan umuman xabarimiz yo‘q edi. Nimaiki bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston huquqiy-demokratik davlat, qonun doirasida choralar ko‘rilmoqda. Biz bu bolani faqat qilgan ehsonlari orqali bilardik... Men ham, Bahodir ham oxirgi videolardan xabardor emasdik», degan Fozilov keyingi videosida.

Jalolov esa ikkinchi videosida zo‘ravonlikka butunlay qarshi ekanini, o‘zi ham ko‘chada hech kimga qo‘l ko‘tarmagani, faqat ringda urushganini aytadi.

«Bir soat oldin bir videoni shoshilib chiqarib qo‘ydim. Omadilloning faqat yaxshi tomonlarini ko‘rgandim. Ishchisini deb o‘zi yomonotliq bo‘lib qolmasin deb tarafini olgandim. Ammo o‘zining videolarini ko‘rib, fikrim butunlay o‘zgardi. Odamning ichini bilmas ekansan.

O‘zim o‘ttizga kirib, ikki marta olimpiadani yutdim, ikki marta jahon chempioni bo‘ldim, lekin hayotda birovga qo‘l ko‘tarmaganman, urushgan bo‘lsam, faqat ringda urushganman. O‘zim zo‘ravonlikka qarshiman, mutlaqo qarshiman...

Har xil izohlar yozilmoqda, pul-mul olingan deb. Hech qanaqa pulning aloqasi yo‘q. Inbazar bilan ham shartnomani allaqachon tugatganman. Men o‘zim zo‘ravonlikka qarshiman, hech qachon bunday holatni oqlamayman, aybdorlar o‘z jazosini oladi qonuniy tartibda», degan bokschi.

Omadbek Xolmatov navbatdagi videolardan keyin yana bir video yozdi. Unda u tarqalgan videolar eski ekanini aytadi, ammo qilgan ishlari uchun aybdorlik his qilmaydi.

«Unda har bir odamning umri davomida urushgan videolarini internetga qo‘yaylik», deya zo‘ravonlik haqida odatiy holatdek gapirgan u.

Boykotga chaqiriqlar

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va ko‘plab blogerlar bu savdo tarmog‘i xizmatlaridan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

«O‘zini hurmat qilgan odamlar qaytib Inbazarga yaqinlashmasligi kerak. Ongli iste’molchi bo‘ling. Ko‘cha razborka va qon, insonlarning qadri toptalishi ustiga qurilgan bizneslarni gullatishga hissa qo‘shmang...

O‘sha boshliqni o‘zi qurgan tizim ekan bu zo‘ravonliklar. Kecha kaltaklagan yigit ham shu tizim tarbiyasini ko‘rgan bola, xolos», degan bloger Nurbek Alimov.

Jurnalist Aziza Qurbonova o‘z kuzatishlariga ko‘ra ayrim ishxonalarda bunday holat avj olayotganini qayd etgan.

«Shu keysdan keyin ko‘p guruhlarda, aynan o‘smir bolalar, yigitlarning #me_too (ya’ni menda ham bo‘lgan, men ham guvohman) degan hikoyalarini o‘qidim, gaplashdim.

Bu holatlar hech qanday huquqiy hujjat yuritilmaydigan, yollanma ishchilar jalb qilinadigan xususiy biznesda ko‘proq uchraydi deb aytishyapti.

Biz yigitlarni “erkak bo‘l”, “terpila bo‘lma”, “sotqinlik qilma”, “chida” deb tarbiyalaydigan jamiyatmiz. Samosudlar, shaxsiyatga daxl qilishga murosasiz kurash kerakligini aytmaymiz.

Inbazarga umrim bino bo‘lib bormaganman, endiyam bormayman. Alimovning gapiga qo‘shilaman, huquq-tartibot organlari xodimlarini kaltaklaydigan bu tadbirkorga chora ko‘rishi kerak», deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.

Bloger Shahnoza Soatova ham bu holat uchun eng to‘g‘ri reaksiya mijozlar tomonidan kompaniya mahsulotlari boykot qilinishi ekanini ta’kidlaydi.

«Tarmoqda InBazar do‘konlar tarmog‘ida rahbariyatdan to quyi bo‘g‘ingacha avj olgan zo‘ravonlik va “samosud”lar haqida videolar tarqamoqda.

Pul bu hokimiyat deb o‘ylaydigan “yangi o‘zbeklar”ga va umuman hokimiyatini suiiste’mol qiluvchi barchaga ibrat bo‘lishi uchun InBazar rahbariyatiga qonuniy chora ko‘rilishi kerak.

Lekin jamiyat ham o‘z pozitsiyasini bildirishi lozim — so‘zda emas, amalda. Shaxsan men “ko‘cha” qonunlari bilan yashaydiganlarning biznesini qo‘llamayman — bu tarmoqdan hech nima sotib olmayman. Xuddi shuningdek, mahalliychilik qiladigan, o‘zbek tilida gaplashuvchi mijozlarni mensimaydigan va hokazo “mafkurasi qiyshiq” brendlar va muassasalarni ham jamiyat birlashib jazolashi tarafdoriman.

Ommaviy rad etilish ortidan keladigan imijga va cho‘ntakka zarar — eng yaxshi tiyib turuvchi vosita. Pora bilan ham, “tanish-bilish” bilan ham qutula olmaydi», degan u.

Bu vaqtda esa internetda Omadbek Xolmatov xodimlarini qattiq so‘kkani va haqoratlagani aks etgan boshqa videolar va audiolar tarqalishi davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: