"Bu halokatli tugaydi" - moliyaviy piramidalarning sabab va oqibatlari haqida suhbat

Jamiyat 14:32 / 15.09.2024 13402

Nomi har xil, lekin uslubi bir firibgarlar kundan kunga ko‘paymoqda. Bilimsiz, dangasa va pul “osmondan tushishi”ga ishonib yashaydigan odamlar esa osongina ularning hiylasi qurboniga aylanmoqda. Kun.uz ushbu masalani ekspertlar ishtirokida tahlil qildi. Bildirilgan fikrlarga ko‘ra, zudlik bilan tizimli yechim zarur. Sodda, lekin pulga o‘ch odamlar firibgarlarga aldanaveradi, zanjirning oxiri halokat. Eng katta mas’uliyatni davlat bo‘yniga olishi lozim.

Deyarli har bir inson tezda boyib ketish haqida o‘ylaydi. Buning yagona yo‘li aql va bilim bilan mehnat qilish ekanini bilsa-da, baribir ikkilamchi usullarga ham bosh suqib ko‘radi. Odamlarning istaklarini yaxshi o‘rgangan “ustasi faranglar” esa bundan o‘z firibgarligi uchun foydalanadi. Bugun jamiyatimizda moliyaviy piramidalar jiddiy, biroq aniq yechimi yo‘q muammoga aylandi. Minglab odamlar bila turib o‘z pullarini firibgarlarga topshirishda davom etmoqda.

Xorijiy tajribaga ega moliya eksperti Tamilla Qurbonovaga ko‘ra, moliyaviy savodxonligi past va ochko‘z, tez boyishga moyilligi o‘ta yuqori odamlar yig‘ilgan jamiyatlarda moliyaviy piramida tashkilotlari gullab-yashnaydi. Insonlarning harakat va mehnatsiz boyish niyatlari firibgarlar tomiriga suv quyadi. Biroq ekspertning qo‘shimcha qilishicha, aslida risk va daromad birga yuradi. Daromad olishni istagan inson xavf-xatarlarni ham inobatga olishi kerak. Daromad risksizmi, demak bu yoki yolg‘on, yoki firibgarlik.

Inson huquqlari faoli, «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov fikricha, bu muammo bugun paydo bo‘lgani yo‘q. O‘zbekistonda moliyaviy piramida tashkilotlarining bemalol rivojlanishiga mentalitet, jamoaviy qarashlar, xalq ongi, dunyoqarashi, insonlarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari va eng asosiysi korrupsiya sabab bo‘lmoqda. Avvalo, davlat ko‘ra bila turib, bunga ko‘z yummasligi kerak, deydi Tashanov. Uning qo‘shimcha qilishicha, moliyaviy piramidalarni oddiy odamlar tuzolmaydi. Ularning orqasida ishongani bo‘ladi, davlatda bunday tashkilotlar rivojlanaveradi va oxiri halokat bilan tugaydi. Jamiyatning iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan, odamlarning maoshi o‘z ehtiyojlariga yetmas ekan, firibgarlarga aldanadiganlar soni kamaymaydi, deydi inson huquqlari faoli.

Psixoterapevt Zebiniso Ahmedovaga ko‘ra, antisotsial, shaxsiyati buzilgan insonlar xalqning soddaligi va tez boyib ketishga bo‘lgan urinishlaridan tezkorlik bilan foydalanib, hattoki, xorijdagi xuddi shunday firibgarlik strategiyalaridan o‘rgangan holda odamlarni chuv tushirmoqda.

Xo‘sh, odamlar nega xuddi shunday holatlarning guvohi bo‘la turib ham ortga qaytmaydi, pul tikishga urinadi? Bunga asosiy sabab ularning ulgurib qolishga bo‘lgan ishonchlari. Chunki moliyaviy piramidalarning birinchi ishtirokchilari rostdan ham foyda ko‘radi, biroq keyinchalik ishtirokchilar soni ortgan sari tashkilotchilar boshqaruvni butunlay yo‘qotadi.

Tashanovga ko‘ra, odamlarni targ‘ibot qilish bilan ish bitmaydi. Avvalo, eng katta mas’uliyatni davlat bo‘yniga olishi kerak. Odamlarga jurnalistlar yoki diniy ulamolar chiqib gapirgani ta’sir qilmaydi, xalqqa real takliflar va ehtiyojlariga mutanosib maoshlar berilishi lozim.

Moliya eksperti Qurbonovaning qo‘shimcha qilishicha, jamiyatimizda qadriyatlar noto‘g‘ri tanlangan. Bolaga pul nima ekani, u bilan muomala qilishni yoshligidan o‘rgatish lozim. Ammo bizning ota-onalar o‘z farzandlariga pulga qiziqmaslik, asosiy e’tiborini o‘qish va ta’limga qaratish lozimligini aytib xato qiladi. Hammasini birga olib borish – zamon talabi.

Bugun moliyaviy piramidalar rivojiga o‘zi bilmagan holda OAV, media vakillari, san’atkor hamda faollar, mahalla raislari va hattoki davlat xodimlari ham xizmat qilmoqda. Suhbatdoshlarga ko‘ra, o‘z obro‘yi hamda xalq, auditoriya oldida mas’uliyati yo‘qlar shunday ishga qo‘l urib, ommaviy aldovlar ishtirokchisiga aylanib qolmoqda.

Davlat uchun moliyaviy piramidalarni yo‘q qilish ish emas, agar xohlasa hammasini tugatadi. Ammo buning bir uchi korrupsiyaga borib taqaladi. O‘g‘rini qaroqchi urdi qabilida ish ketmoqda. Asosiy jabr xalqqa bo‘lyapti, soddaligi va nafsi odamlarni chuv tushish tomon yetaklayapti, deydi inson huquqlari faoli Tashanov.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: