Poytaxtda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun 732,6 mlrd so‘m ajratildi. Bu pulga nimalar qilinadi?

O‘zbekiston 12:07 / 14.09.2024 1495

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari, ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2024-2025 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash to‘g‘risida”gi farmoyishini qabul qildi.

Hujjatda gaz, suv, elektr, issiqlik tarmoqlari, qozonxonalari, qolaversa, ichimlik suv ta’minoti obektlari, uskunalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Buning uchun Toshkent shahri hokimining qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov boshchiligida ishchi guruh ham tashkil qilingan.

Nimalar qilinadi?

Hokim farmoyishiga asosan 2024-2025 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha poytaxtning barcha tumanlarida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak. Rejaga ko‘ra, ishlar 6 ta yo‘nalishga bo‘lib olingan.

Amalga oshiriladigan chora-tadbirlardan asosiylarini sanab o‘tamiz. Qayd etilishicha, shu yil oktyabrgacha asosiy va yirik muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda texnologik uskunalar mukammal va joriy ta’mirlanadi. Jumladan, 2 297 km elektr uzatish tarmoqlari (901,5 km mukammal, 1 395,5 km joriy) va 2 413 ta transformator punktida (690 dona mukammal, 1 723 dona joriy) tuzatiladi.

“Hududgaz Poytaxt” GTF tomonidan 6,8 km gaz quvurlar mukammal ta’mirlanadi va 10,1 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 41 ta gaz taqsimlash punktini mukammal ta’mirlash, 3 545 tasini taftish qilish, 215 km gaz quvurlarini bosim ostida sinash va tozalash, 1 014 km yerosti gaz quvurlarini maxsus priborlar yordamida tekshirish hamda 108,6 km quvurlarni bo‘yash ishlarini bajarish ham reja qilingan.

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari hisob raqamida yig‘ilgan majburiy badallar hisobidan 2 888 ta ko‘p kvartirali uyda sifatli ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Xususan, 212,73 ming metr kvadrat tom qismini va 2 063 ta kirish yo‘lagini rekonstruksiya qilish, pod’yezdlarga 201 ta temir va 333 ta kodli qulfli eshiklar o‘rnatish, 3 581 m2 framugalarga oyna-romlar o‘rnatish, 1 604 ta elektr taqsimlovchi shitni ta’mirlash, 541 ta ko‘p kvartirali uyning yerto‘la qismidagi muhandislik kommunikatsiyalar va 577 tasida uy ichidagi muhandislik tarmoqlarni, qolaversa, 30 ta ko‘p kvartirali uyning fasad qismini o‘z vaqtida ta’mirlash, kirish yo‘laklariga 47 354 ta energiya tejamkor sensor lampalar o‘rnatish belgilangan.

Bundan tashqari, “Veolia Energy Tashkent” MChJ XK tomonidan issiqlik ta’minoti yo‘nalishida 634 ta qozonlar va 490,5 km issiqlik tarmoqlari mavsumga tayyorlanadi. Jumladan: 29 ta qozon va 59,7 km issiqlik tarmoqlari mukammal, 605 ta qozon va 430,8 km issiqlik tarmoqlari joriy ta’mirlanadi”.

“Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ 2 399,2 km ichimlik suv tarmoqlari va 65 ta nasos uskunalarini mavsumga tayyorlaydi. Ya’ni 25,2 km ichimlik suv tarmoqlari va 6 ta nasos uskunalarini mukammal, 2 374 km ichimlik suv tarmoqlari va 59 ta nasos uskunalarini joriy ta’mirlashi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, 93 ta ijtimoiy soha obektini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha kompleks tadbirlar qilinadi. 7 ta shifoxona va poliklinika, 5 ta oliy ta’lim muassasasi va 1 ta sport obekti mukammal, 28 ta maktab, 26 ta bog‘cha, 8 ta shifoxona va poliklinika hamda 18 ta madaniyat obektlari joriy rekonstruksiyadan o‘tkaziladi.

Hududlar kesimida ta’mirlanadigan kommunal tarmoqlarning yig‘ma parametri quyidagicha:

Qancha pul sarflanadi?

Farmoyishga ko‘ra, yuqoridagi ishlarning barchasi uchun 732 mlrd 624 mln 500 ming so‘m ajratiladi. Shuning 2 mlrd 793 mln 900 ming so‘mi davlat budjetidan, 729 mlrd 830 mln 600 ming so‘mi esa Boshqaruv servis kompaniyalari va korxonalar hisobidan qoplanadi.

Ishlar kesimida mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga yo‘naltirilishi aks etgan:

Ko‘proq yangiliklar: