London va Kataloniyada derbi, «Real» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 13:31 / 14.09.2024 5432

FIFA kunlari tugab, klublar o‘rtasida katta ikki ikki haftalikka kirib bormoqdamiz. Yevrokuboklar va ba’zi mamlakatlarda kubok o‘yinlari boshlanishi munosabati bilan keyingi o‘n besh kuni ichida aksariyat klublar 5 tadan o‘yinda maydonga tushishlariga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi, endi tayyorgarliklar tugadi, ba’zi muvaffaqiyatsizliklarni transferlar bilan yopish imkoni ham qolmadi, qisqasi, haqiqiy mavsum endi boshlanmoqda. Kataloniya va London derbilari, qirollik klubi oldidagi jiddiy sinov futbol bayramimizning asosiy bezagi bo‘lishigi shubha yo‘q.

ReAL SOSeDAD – ReAL MADRID (14 sentabr, 23:55)

Dastlabki 4 turda Kilian Mbappe o‘yindan atigi bir gol urgani ko‘pchilikda shubhalar paydo qildi va hatto fransuzni Azarning taqdiri kutayotgani haqida aytayotganlar bor. Albatta, hammasi boshqacha, masalan, Jud Bellinghemning debyutidan bo‘lishi ham mumkin edi, ammo Mbappe darajasidagi futbolchining integratsiyasi ma’lum bir vaqt talab qilinishini tan olish lozim. O‘z vaqtida Suares ham mashhur uchlik hosil bo‘lish oldidan muammolarga duch kelganini eslashimiz mumkin. Bu yerda eng muhim jihat, Mbappening sheriklarida – Vinisius, Rodrigo kabi futbolchilar sherigiga ko‘proq yordam berish va balki Yevropa yangi supertrio haqida ko‘proq gapirishini istabmi, keraksiz holatlarda ham Mbappega pas berish, odatdagidan boshqacha o‘ynashga urinishmoqda. Bu esa Mbappening noqulay uzatmalarni ko‘proq qabul qilishiga, ko‘proq to‘p yo‘qotishiga olib kelmoqda. Albatta, futbolchining o‘zi ham ba’zi vaziyatlarda oddiy o‘ynash o‘rniga, tezroq vaziyatni hal qilish, o‘zini ko‘rsatishga urinish ham ko‘zga tashlanyapti. Xullas, hammasi yaxshi bo‘ladi va xotirjamlik zarur.

Aslida, kattaroq muammo, balki Mbappe haqidagi e’tirozlarning ko‘payishiga ham sabab, «Real»ning nisbatan yomonroq startidir. Nisbatan, deganda albatta, «Barselona» ko‘zda tutiladi. O‘z maydonida hozircha salohiyatini qisman bo‘lsa-da namoyish etayotgan madridliklar safar o‘yinlarida ishonchni oqlashmadi – har ikki o‘yin durang bilan tugadi. San-Sebastyan safari Malorka yoki Las-Palmasga nisbatan qiyinroq ekanini e’tiborga olsak, bugun ham g‘alaba qozonish oson bo‘lmaydi. Eng yaxshi sport formasida ham «Real» Baskoniyada muammolarga duch kelganini qayd etish lozim. Xususan oxirgi besh o‘yinda ikki marta mezbonlar ishonchli g‘alabaga erishishgan.

Bundan tashqari, «Real»da yana jarohatlar girdobi boshlangan. Alaba, Kamavinga, Sebalos kabi futbolchilar oy oxirida safga qaytishadi. Militao ham milliy jamoalar yig‘inida muammolarga duch keldi. Uning o‘yinga tayyor ekani aytilsa-da, qay darajada ekani ma’lum emas. Bellinghem va Tchuameni haqida Karlo Anchelotti matbuot anjumanida xabar berdi – har ikki futbolchi mashg‘ulotlarga qo‘shilgan, ammo tavakkal qilmaslik uchun safardagi o‘yinda asosiy tarkibda tushishlari dargumon. Mezbonlarda ham yo‘qotishlar yetarli. Amari Traore so‘nggi o‘yinda xochsimon paylaridan og‘ir jarohat oldi va katta ehtimol ushbu mavsumda maydonga qaytmasa kerak. Shuningdek, Zaxaryan va Brais Mendeslarda ham kichik jarohatlar bo‘lib, bir necha hafta sheriklariga yordam bera olishmaydi.

TOTTeNHEM – ARSeNAL (15 sentabr, 18:00)

Shimoliy London derbisi har doim, jamoalar holati va turnir jadvalidan qat’i nazar murosasiz bo‘lib kelgani ma’lum. Qo‘shimcha intrigalar esa albatta, uchrashuv darajasini yanada oshiradi. Har ikki tomonda ham mavjud bo‘lgan muammolar esa bosim bilan birgalikda, qo‘shimcha hayajon, xato qilish uchun sharoit taqdim etadi. Xatolar esa ko‘proq hujumlar va gollar demakdir.

«Tottenhem» mavsumni qoniqarli boshlay olmadi. Gap o‘yinda emas, Posteko‘g‘li shogirdlari o‘zgarmagan, ammo natijalar borasida omadsizlik pand beryapti. Lesterda va Nyukaslda jamoa raqiblarga nisbatan yaxshiroq, tashabbuskorroq o‘yin namoyish etgan bo‘lsa-da, atigi bir durangga erishdi, xolos. Jamoa bir qator ko‘rsatkichlarda, jumladan, to‘p nazorati, raqib jarima maydonidagi teginishlar, aniq paslar, burchak to‘plari, raqib maydonida to‘pni olib qo‘yish kabi ko‘rsatkichlarda APLda uchlikda bo‘lib turganining o‘zi ham o‘yin borasida muammo yo‘qligini va «Arsenal»ga qarshi o‘yinda munosib bo‘la olishlaridan dalolat qiladi. Ya’ni, «Tottenhem»ning ayni damda egallab turgan o‘rni asl holatni ifodalamaydi.

«Arsenal» esa o‘yin borasida mavsumni eng mukammal jamoalardan biri o‘laroq boshlagan bo‘lsa-da, kutilmagan muammolarga duch keldi. Oxirgi turdagi «Brayton»ga qarshi bahsda Deklan Rays keraksiz qizil kartochkani oldi – bu o‘sha o‘yinda ochko yo‘qotilishidan tashqari, jamoani navbatdagi turlar uchun muhim futbolchisiz qoldirdi. Agar Martin Edegorning ham og‘ir jarohati va xabarlarga qaraganda, kamida ikki oy sheriklariga yordam bera olmasligini ham e’tiborga olsak, «Arsenal» aynan maydon markazida, o‘yinni nazorat qiluvchi ikki muhim ijrochisiz qoldi – bu raqiblar uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Aynan markazdagi futbolchilar rotatsiyasi uchun sotib olingan Merino ham hali jarohatidan forig‘ bo‘lgani yo‘q. Mehmonlar tarkibida Risharlison va Bissumaning jarohati bor, shuningdek, Rodrigo Bentankur ham safdan chiqqani haqida ma’lumotlar chiqdi. Umuman olganda, milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng har qanday top-klubda muammolar bo‘lishi odatiy holga aylangan. Chunki bunday klublarda tarkibning aksariyat qismi turli terma jamoalarga jo‘nab ketib, turlicha sport formada qaytib kelishadi. Jamoada to‘laqonli shug‘ullanish va konkret o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish uchun sharoit bo‘lmaydi.

Ikki yil oldingi mavsum oxirida «Arsenal» va «Tottenhem» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun so‘nggi turlargacha kurashgan, hal qiluvchi derbida esa «Tottenhem» yirik hisobda g‘alaba qozonib, ham jang, ham kurashning g‘olibiga aylangandi. Ammo shundan so‘ng, Arteta jamoasida o‘sish kuzatildi va chempionlik uchun kurasha boshladi. O‘sha mag‘lubiyatdan keyin o‘tgan to‘rt shimoliy derbining faqat bittasida durang qayd etilgan, uch o‘yin «Arsenal»ning g‘alabasi bilan yakuniga yetgan.

JIRONA – BARSeLONA (15 sentabr, 19:15)

Kataloniya derbisi so‘nggi yillarda ancha jiddiy tus olgani, «Espanol» bilan o‘yinlardan ancha farq qila boshlaganini sezgan bo‘lsangiz kerak. Masalan, o‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda ham «Jirona» bir xil – 4:2 hisobida ustun keldi, faqat so‘nggi turlardagina «akasiga» ikkinchi o‘rinni boy berib qo‘ydi. Yakunda, endi tarixda birinchi marta Chempionlar Ligasida ikki katalon klubi qatnashadi.

«Jirona» bir mavsumda yuqori sakragan va oqibat o‘laroq, bir necha yetakchi futbolchilaridan ayrilgan kichik klub taqdirini takrorlayotgandek edi go‘yo. Dastlabki turdagi durang, «Atletiko»dan yirik mag‘lubiyat ham tabiiy ko‘rindi, zero Savio, Dovbik kabi yetakchilarni o‘rnini to‘ldirish, ishlaydigan tizimni boshqatdan qurish ma’lum vaqt talab etiladi. Ammo so‘nggi turlar jamoada hammasi joyida ekanini va bu mavsum ham jiddiy kuch bo‘la olishini namoyish etayotgandek. Dastlab «Osasuna» bilan 4:0, keyin esa safarda tajribali «Sevilya» ustidan 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba ham bu farazlarni isbotlab turibdi. Ayniqsa, hisoblardan ham ko‘rinib turgan omil – himoya chizig‘i alohida e’tirofga loyiq. «Osasuna» bilan o‘yinda mehmonlar «Jirona» darvozasiga faqat bir marta uzoqdan zarba bera olishdi xolos.O‘tgan yili ko‘proq hujumkorlik va ochiq futbol bilan dong taratgan jamoaning himoyada ham ishonchli o‘ynay boshlashi, ayniqsa, Chempionlar Ligasidagi o‘yinlar oldidan muhim.

«Barselona» haqida ko‘p yozish ham shartmas, Flik shogirdlarining Ispaniyada yuz foizlik natija ko‘rsatgan yagona jamoa bo‘lib turganining o‘zi yetarli. Albatta, o‘yin mukammal emas, o‘tgan yili xuddi shu shaklda ochkolarni olgan «Real»ning holatiga o‘xshab ham ketadi, ammo tarkibdagi ko‘p muammolar bilan bundan ortig‘i kutilmagan ham. Muhimi, shu qiyin davrdan yo‘qotishlarsiz chiqib olish va bu vazifa hozircha uddalanmoqda. Markazda o‘ynashi kerak bo‘lgan Frenki de Yong jarohatda, uning yo‘qligini bilintirmasligi kerak bo‘lgan Gundo‘g‘anni Manchesterga qaytarishga majbur bo‘lishdi, ilk turlar kashfiyoti bo‘lgan yosh Bernal esa og‘ir jarohat olib, mavsum oxirigacha safdan chiqdi. Tayanch zonasiga o‘tkazilgan Kristiansenning ham jarohati jiddiy bo‘lib chiqdi va uning qaytishi kamida ikki oy vaqtni oladi. Xullas, Flik hozircha, qo‘l ostidagi yangi jamoa bilan o‘z jamoasini qurish o‘rniga, har o‘yin oldidan mavjud muammolarni yopish bilan band. Buni qiyin bo‘lsa-da, g‘alabalar bilan amalga oshirayotgani esa tahsinga sazovor.

Xullas, «Jirona» o‘z o‘yinini topgandek ko‘rinayotgani, «Barselona»da esa yangi muammolarni paydo bo‘layotgani ushbu o‘yinga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Mezbonlarning FIFA kunlariga ko‘proq futbolchisini jo‘natgan raqibidan farqli ravishda, ushbu o‘yinga ko‘proq futbolchi bilan tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lgani ham muvozanatni ta’minlab, uchrashuvning yanada murosasiz kechishini ta’minlashidan umid qilamiz.

BOShQA O‘YINLAR

14 sentabr. Sauthempton – MANCheSTeR YuNAYTeD (16:30), Hoffenxaym – BAYYeR (18:30), LIVeRPUL – Nottingem Forest (19:00), MANCheSTeR SITI – Brentford (19:00), Empoli – YuVeNTUS (21:00), ASTON VILLA – Everton (21:30), Xolshteyn Kiyel – BAVARIYa (21:30), MILAN – Venetsiya (23:45), PSJ – Brest (23:55), Bornmut – CheLSI (23:55)

15 sentabr. Vulverhempton – NYuKASL (20:30), Kalyari – NAPOLI (21:00), Monsa – INTeR (23:45), ATLeTIKO – Valensiya (23:55).

Ko‘proq yangiliklar: