G‘azoda holdan toygan TsAHAL, Britaniya bosh vaziridan Putinga javob va debatdan cho‘chib qolgan Tramp - kun dayjesti

Jahon 13:24 / 14.09.2024 6512

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Isroillik generallardan biri HAMAS ustidan uzil-kesil g‘alaba qozonish uchun yana 5 yil kerak bo‘lishini aytdi.

Isroil armiyasining zaxiradagi general-mayori, va Bosh shtabning operativ boshqarmasi sobiq rahbari Tal Russo Isroilning Kan News telekanaliga bergan intervyusida Falastinning HAMAS harakati ustida hanuz g‘alaba qozonilmagani, oktyabr oyidan buyon cho‘zilib kelayotgan urushni «Isroilning eng yirik muvaffaqiyatsizligi», deb atadi.

«Tan olaylik, bugungi kunga kelib HAMAS mahv etilgani yo‘q, bu — fakt», degan Russo. «Barcha kuchlarni G‘azoga tashlamaslik kerak. Agar G‘azoda g‘alabali yakungacha jang qilinadigan bo‘linsa, hozirgi sur’atlarda bu yana 5 yil vaqtni oladi», degan u.

Russo oktyabr oyida kutilayotgan muvaffaqiyatsizlik fonida rahbariyatni iste’foga chiqarishga chaqirdi. Shuningdek, u Tel-Aviv «shimoliy front»ni unutib qo‘ygani, G‘azoda harbiylarni holdan toydirib mamlakatning shimoliy chegaralarida nazoratni yo‘qotganidan tashvishini bildirgan.

Bu orada isroillik volontyorlar G‘arbiy sohilda majburiy ko‘chirib yuborilayotgan falastinliklarni himoya qilishga chorlashmoqda.

«O‘rdun vodiysi aktivistlari» ko‘ngillilar guruhi azolari Isroil okkupatsiyasi ostidagi G‘arbiy sohildan falastinliklarni kuch ishlatib ko‘chirib yuborildan himoya qilish uchun ularga qo‘shilish to‘g‘risida murojaat qilishgan.

Volontyorlarning so‘zlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon 18 dan ziyod cho‘ponlar hamjamiyati ko‘chirib yuborilgan. Falastinliklarni isroillik noqonuniy ko‘chib kelganlar terror qilmoqda, ularga harbiylar va yahudiylar ma’muriyati hujum qilib, uzoq yillardan buyon yashab kelishayotgan yerlarini tark etishga majburlashmoqda.

Britaniyadan Putinga javob

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Moskva g‘arb raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llanishi jiddiy eskalatsiya sifatida qabul qilinishi to‘g‘risidagi so‘zlariga munosabat bildirib, Ukrainadagi urushni Rossiya boshlagani va hozirning o‘zida uni tugatishi mumkinligi haqida gapirdi.

Kir Starmer juma kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashish uchun Vashingtonga parvoz qilayotgan samolyotida jurnalistlar bilan muloqot qildi.

Vashingtondagi uchrashuvda Ukrainani Rossiya tajovuziga qarshi kurashda bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlash masalalari, jumladan, g‘arb qurollari bilan Rossiya ichkarisiga zarbalar yo‘llashga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash masalasi muhokama qilinadi.

Putinning so‘zlariga munosabat bildirish so‘ralganda Britaniya bosh vaziri shunday degan:

«Bu urushni Rossiya boshlagan. Rossiya Ukrainaga noqonuniy bostirib kirgan. Demak, bu mojaroni ham Rossiya darhol to‘xtatishi mumkin. Ukraina o‘zini mudofaa qilish huquqiga ega va biz o‘z imkoniyatlarimizni taqdim etish orqali Ukrainaning bu huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo biz Rossiya bilan ziddiyatga intilmayapmiz, zarracha bunday niyatimiz yo‘q», — degan Starmer.

Rossiya-Ukraina urushi

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Pokrovsk shahriga suv ta’minotini to‘xtatib qo‘ydi. Harbiy harakatlar natijasida modul filtrlash stansiyasining ishi to‘xtatildi, undan Pokrovsk aholisi suv olayotgandi. Uning faoliyatini tiklashning hozircha imkoni yo‘q, deydi rasmiylar. Ular evakuatsiyaga chaqirdi.

Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin yaqin kelajakda vaziyat «yaxshilanmasligini» qo‘shimcha qildi va shahar aholisini evakuatsiya qilishga chaqirdi.

Pokrovskda hali ham 26 mingga yaqin aholi qolmoqda. Ruslarning yirik qo‘shinlari shaharga yaqinlashmoqda. Britaniya Mudofaa vazirligining 1 sentabr kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari allaqachon Pokrovskdan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donetsk oblastida jangovar harakatlar kuzatilayotgan boshqa hududlar kabi Pokrovsk yaqinidagi vaziyat ham «o‘ta og‘ir» ekanini aytgan edi.

Zelenskiy Rossiya Kursk oblastida qarshi hujum boshlaganini ham ta’kidladi. Undan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligi Kursk yaqinida Rossiya Qurolli kuchlarining hujumi boshlanganini e’lon qildi.

Zelenskiy Kursk yaqinidagi voqealar «Ukraina rejasi» asosida sodir bo‘layotganini ta’kidladi. O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi, avvalroq Ukraina armiyasi tomonidan bosib olingan o‘nta aholi punkti ustidan «nazorat tiklangani» haqida xabar berdi.

Bir kun avval Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi Rossiya armiyasining Kursk oblastidagi hujum harakatlari davomida rus qo‘shinlari zirhli texnikalarni Seym daryosi va mintaqadagi kichikroq daryolar orqali o‘tkazishga muvaffaq bo‘lganini yozgan edi.

Tramp qo‘rqib qoldimi?

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp o‘z raqibi, Demokratik partiya nomzodi Kamala Harris bilan yana bir saylovoldi debatida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Tramp ilk o‘zaro debatda g‘alaba qozongani va endi Harris vitse-prezident sifatidagi ishiga «e’tibor qaratishi kerakligini» aytgan.

«Uchinchi debat bo‘lmaydi!» – deya yozgan u o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bosh harflar bilan.

Tramp iyun oyida Jo Baydenga qarshi ilk debatni o‘tkazgan, o‘shandagi muvaffaqiyatsizlik AQShning amaldagi prezidenti poygani tark etishiga olib kelgandi.

Trampning saylovlar oldidan Kamala Harrisga qarshi ikkinchi debati – shu haftada Filadelfiyada tashkillashtirildi.

Tramp o‘zini g‘olib deb bilayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab siyosiy ekspertlar Harris yaxshiroq qatnashganini aytishmoqda.

«So‘rovlar men demokratlarning radikal so‘l nomzodi, o‘rtoq Kamala Harris ustidan g‘alaba qozonganimni aniq ko‘rsatmoqda va u zudlik bilan ikkinchi debat so‘radi», – deya yozgan Tramp Harrisni kommunist qabilida mazax qilib.

«Bokschi jangni yutqazganida, uning og‘zidan chiqadigan birinchi so‘z “men revansh xohlayman”, bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qilgan Tramp Harrisni yutqazgan bokschiga qiyoslab.

Armanistonga tosh otgan Lukashenko

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Qorabog‘ atrofidagi voqealarda Armaniston rahbariyatini aybladi. Uning ta’kidlashicha, u Yerevan va Boku o‘rtasidagi muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirgan. 

«Qorabog‘da yuz bergan narsalar — bu faqat Armaniston rahbariyatining aybi. Armaniston hukumatini shaxsan o‘zim ogohlantirganman: Ozarboyjonga bu hududlarni ber, deganman. Bundan tashqari, ular «bu yerlar bizniki emas», deb tan olgan. Ammo ular yerlarni Ozarboyjonga bermaymiz, jang qilamiz, deyishgandi», — degan Lukashenko.

Belarus yetakchisining ta’kidlashicha, u Yerevan va Boku o‘rtasidagi muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirgan. 

«Keyin Putindan so‘radim. Shundan so‘ng ikkimiz Pashinyandan muammoni hal qilishini so‘ray boshladik», — degan Lukashenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mazkur so‘rovlarga «yo‘q, biz jang qilamiz», deya javob qaytargan.

«Urushib ko‘rdi. Endi esa Rossiya yoki bizdan nega xafa bo‘lyapti? Axir, o‘zing Qorabog‘ Ozarboyjon hududi ekanini tan olding-ku», — degan Lukashenko.

Armaniston Ozarboyjon bilan yuz bergan harbiy mojarodan keyin o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqdi — G‘arb bilan munosabatlarini faollashtirdi. O‘shanda Yerevan KXShTga yordam so‘rab murojaat qilgan edi, ammo tashkilot «xavotir» va «hamdardlik» bildirish bilan cheklandi, xolos. 

Ko‘proq yangiliklar: