AQShning EasyJet aviatashuvchi kompaniyasi JetZero startapi bilan hamkorlikda vodorod yonilg‘isida harakatlanuvchi, tijoriy parvozlarni amalga oshiradigan samolyotni ishlab chiqdi.
Bunday laynerning o‘ziga xos jihatlari shundaki, ular nafaqat aralash qanotlarga ega bo‘ladi, balki o‘zidan 50 foiz kamroq zararli modda chiqarishi bilan an’anaviy samolyotlardan ajralib turadi. EasyJet kompaniyasi bu yo‘nalishda yangi texnologiyalarni ishlab chiqishga bir necha yildan beri sarmoya kiritib kelmoqda. Samolyot namunasi sinov parvozlarini boshlashga ruxsat olgan.
“JetZero samolyoti qanotidagi aralash konfiguratsiya bugungi kunda sohaga eng zarur bo‘lgan narsa — yonilg‘i sarfini kamaytirish va karbonat angidrid chiqindisini nolga tushirish yo‘lidagi real qadam bilan ta’minlaydi. Biz EasyJet’ni Aviakompaniyalar ishchi guruhiga qabul qilayotganimizdan mamnunmiz va vodorod energiyasini joriy etish bo‘yicha davomiy hamkorlikka umid qilamiz”, — dedi JetZero kompaniyasi bosh direktori va hammuassisi Tom O’Liri.
Samolyot yaratuvchilarining ta’kidlashicha, aralash qanot konsepsiyasi faqat chiroyli ko‘rinish uchun qilinmagan. Laynerni ko‘tarishda yassi fyuzelyaj an’anaviy naysimon shaklga qaraganda ancha katta kuch hosil qilishi mumkin. Bu bilan texnikani havoga ko‘tarish va ushlab turish uchun zarur bo‘lgan qanot ko‘p joy olmaydi. Qolaversa, ushbu konstruksiya sabab dum qanotga ehtiyoj bo‘lmaydi, bu esa qarshilik va og‘irlikni sezilarli darajada kamaytiradi.
2023 yil may oyida JetZero startapi samolyotni qurish va sertifikatlash rejalari bilan chiqdi va venchur fondidan 4,5 million dollarlik grant oldi. To‘rt oydan kamroq vaqt o‘tgach, kompaniya AQSh Mudofaa vazirligi bilan yana 235 million dollarlik shartnoma tuzdi. 2027 yil boshida prototip to‘liq ishga tushirilgunga qadar to‘rt yil davomida yana shuncha mablag‘ kelib tushadi.
Hozirda loyiha Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasidan sinov parvozlarini o‘tkazishga ruxsat oldi. Agar sertifikatlash jarayonida muammo chiqmasa, samolyotdan tijoriy maqsadda foydalanish 2030 yilgacha boshlanadi. Qiziq tomoni shundaki, samolyot nafaqat yo‘lovchilarni tashishi mumkin, uning konstruksiyasini yuk va reaktiv laynerlar uchun moslashtirish, shuningdek, yonilg‘i quyadigan samolyotga aylantirish ham mumkin.