AQShdagi Boeing aviakorporatsiyasi ishchilari maoshidan norozilik bildirib, ish tashlash boshladi. Samolyot yig‘ish bilan shug‘ullanadigan zavodlardagi 33 mingdan ortiq mutaxassis kompaniyaning to‘rt yilda ish haqini 25 foizga oshirish haqidagi taklifini rad etdi. Bu taklif kasaba uyushmasi rahbarlari tomonidan dastlabki shartnoma sifatida ilgari surilgandi, deb xabar bermoqda The New York Times. Mazkur ish tashlash Boeing ishchilarining 2008 yildan buyon birinchi norozilik chiqishi bo‘ldi.
Bir qator voqealar va janjallar
Oxirgi besh yilda Boeing ko‘plab muammolarni, shu jumladan, fojiali hodisalarni boshdan kechirdi. Ular orasida ikkita ayanchli halokat bor: Indoneziyada 2018 yil oktyabr oyida Boeing 737 MAX qulab tushdi, o‘shanda 189 kishi halok bo‘ldi. Yarim yil o‘tgach, 2019 yilning mart oyida, bu safar Efiopiyada shu turdagi samolyot halokatga uchradi va Ethiopian Airlines bortidagi 157 kishidan hech biri tirik qolmadi. Buning oqibatida, 2020 yil yanvaridan boshlab, konsern eng ko‘p sotiladigan seriyadagi samolyotlarni ishlab chiqarishni to‘xtatib turishga qaror qildi.
2019 yil kuzida Boeing kompaniyasining sobiq sifat nazorati bo‘yicha menejeri Jon Barnett 787 Dreamliner samolyotining kislorod ta’minoti tizimidagi nuqson haqida ogohlantirdi. Uning aytishicha, agar layner kabinasining germetizatsiyasi buzilsa, barcha yo‘lovchilar kislorodsiz qolishi mumkin.
Barnett Boeing’da 32 yil ishlagan. 2010 yildan boshlab u 787 Dreamliner ishlab chiqariladigan Shimoliy Charlstondagi zavodda sifat nazorati bo‘yicha muhandislik qilgan. 2017 yilda erkak sog‘lig‘i tufayli nafaqaga chiqdi. 2024 yil mart oyida muhandis Charlston (Janubiy Karolina) mehmonxonasining avtoturargohida o‘lik holda topildi. Hodisadan biroz oldin muhandis kompaniyaga qarshi sud jarayoni doirasida guvohlik bergan, uni aviasozlik yuristlari so‘roq qilgandi.
Boeing kompaniyasi 2024 yil iyul oyiga kelibgina firibgarlik bilan bog‘liq jinoiy aybini tan olishga rozi bo‘ldi va AQSh Adliya vazirligi bilan tuzilgan kelishuv doirasida 243,6 million dollar miqdorida jarima to‘ladi.
Bu uzoq davom etadigan ommaviy sud jarayonlarining oldini olish uchun qilingandi. AQSh Adliya vazirligi Boeing’ni 2021 yilda hukumat bilan tuzilgan kelishuv shartlaridan birini buzganlikda aybladi. Ushbu kelishuv kompaniyani sodir bo‘lgan halokatlar bilan bog‘liq soxta ma’lumotlar taqdim etgani uchun jinoiy javobgarlikdan qutqarib qolgandi.
Rahbariyatdagi o‘rin almashishlar
Bir qator janjallar kompaniya rahbariyatida o‘zgarishlarga olib keldi. Joriy yilning mart oyida samolyotlar bilan bog‘liq muammolar fonida Boeing bosh direktori Devid Kelhun o‘z faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
Iyul oyida Boeing yangi rahbar saylagani ma’lum bo‘ldi. RTX Corp mudofaa konserniga kiruvchi avionika ishlab chiqaruvchi Rockwell Collins kompaniyasining sobiq rahbari Kelli Ortberg ushbu lavozimga o‘tirdi. U aerokosmik sohada 35 yildan ortiq katta tajribaga ega bo‘lganligi sababli vaziyatni yaxshilay olishi kutilgandi.
Ish tashlash
Shu yilning iyul oyida Sietldagi korxona xodimlari ish tashlashga qaror qildi. Ular rahbariyatdan keyingi uch yil ichida ish haqlarini 40 foizga oshirishni talab qildi. Washington State Standard nashrining ta’kidlashicha, Boeing’da shartnoma muddati tugashidan oldin kasaba uyushmasi bilan kelishuvga erishib, ish tashlashning oldini olish imkoni bo‘lgan.
Korxona xodimlari orasida eng kam ish haqi soatiga 15,74 dollarni, eng yuqori stavka esa 23,74 dollarni tashkil etadi. Yuqori malakali mutaxassislar soatiga 26 dollardan 51,44 dollargacha maosh oladi.
Kompaniya shartnoma amal qilish muddati davomida ish haqini 25 foizga oshirish, pensiya hisob raqamlariga badallarni ko‘paytirish, xodimlarning tibbiy sug‘urta xarajatlari ulushini kamaytirish va ta’til muddatlarini uzaytirishni nazarda tutuvchi kelishuvni taklif etdi.
13 sentabr kuni Amerika aviakorporatsiyasining samolyotlarni yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi zavodlarida ishlovchi 33 ming xodim kompaniya taklifini rad etib, ish tashlashga chiqdi. Bu Boeing ishchilarining 2008 yildan buyon birinchi ish tashlashidir. Davomiyligiga qarab, u Boeing kompaniyasining qariyb 10 ming ta’minotchisi uchun ham muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Kompaniyaning o‘zi esa 3,5 milliard dollargacha zarar ko‘rishi ehtimoli bor.