Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda, ularda faoliyat yuritayotgan 116 nafar boshqaruv xodim 107 ta tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi. Jumladan:
- Transport vazirligining 50 nafar boshqaruv xodimlari 55 ta tadbirkorlik sub’yektlarida;
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 37 nafar boshqaruv xodimlari 39 ta tadbirkorlik sub’yektlarida;
- Madaniyat vazirligining 20 nafar boshqaruv xodimlari 22 ta tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.
Yuqoridagi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga Agentlik tomonidan taqdimnomalar kiritilgan, «tadbirkor» xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilgan. Shuningdek, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda, deyiladi Aksilkorrupsiya agentligi bayonotida.
Avvalroq, agentlik o‘tkazgan o‘rganishlarda, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi va Qishloq xo‘jaligi vazirliklarida ishlayotgan 398 nafar boshqaruv xodimlari ham tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritayotgani aniqlangan edi.
Ma’lumot uchun, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 4-moddasiga asosan «davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari bo‘lishi mumkin emasligi», belgilangan.
Shuningdek, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunining 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.