Xitoy 1950 yildan beri birinchi marta pensiya yoshini oshiradi

Jahon 20:35 / 13.09.2024 4491

Xitoy 1950 yillardan beri birinchi marta pensiya yoshini «bosqichma-bosqich oshiradi», chunki mamlakat aholisining umr ko‘rish davomiyligi oshib, pensiya budjetining qisqarishi kuzatilmoqda, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, 13 sentabr kuni mamlakat oliy qonunchilik organi ishlaydigan ayollarning pensiyaga chiqish yoshini 50 dan 55 yoshgacha, davlat xizmatchisi lavozimida faoliyat yuritadigan ayollarning pensiya yoshini esa 55 dan 58 yoshgacha oshirish borasidagi taklifni ma’qullagan.

Erkaklarning pensiyaga chiqish yoshi esa 60 dan 63 yoshgacha oshiriladi. Xitoy hozirda dunyoda pensiyaga chiqish yoshi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichga ega davlatdir.

Rejaga muvofiq, o‘zgarishlar 2025 yil 1 yanvardan kuchga kiradi, pensiya yoshi esa keyingi 15 yil davomida bosqichma-bosqich oshirib boriladi. «Sinxua» davlat axborot agentligining ma’lum qilishicha, qonun bilan o‘rnatilgan yoshdan oldin pensiyaga chiqishning imkoni bo‘lmaydi, biroq fuqarolar o‘zlarining pensiyaga chiqishini uch yildan oshmagan muddatga kechiktira oladi.

Shuningdek, 2030 yildan boshlab ishchilar keyinchalik pensiya olishlari uchun ijtimoiy ta’minot tizimiga ko‘proq badallarni to‘lashga majbur bo‘ladi. 2039 yilga borib esa ular pensiya olish uchun 20 yillik badallarni to‘lashlari kerak.

2019 yilda Xitoy davlat ijtimoiy fanlar akademiyasi 2035 yilga borib mamlakatdagi asosiy davlat pensiya jamg‘armasining pullari tugashini ma’lum qilgandi — bu Xitoy iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgan kovid pandemiyasidan oldingi prognozlardir.

Pensiya yoshini oshirish va pensiya siyosatini o‘zgartirish rejasi «Xitoyda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi, salomatlik holati, aholi tarkibi, ta’lim darajasi va ishchi kuchi takliflarining har tomonlama baholanishiga» asoslangan.

Ko‘proq yangiliklar: