Trampning Ukrainadagi tinchlik rejasi nimalardan iborat ekani aytildi

Jahon 23:08 / 13.09.2024 7496

Demilitarizatsiya zonasi va Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lishdan bosh tortishi — Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod Jyey-Di Vens Shawn Ryan Show ko‘rsatuvi efirida Donald Trampning tinchlik rejasi nimalardan iborat ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ukrainadagi mojaroni quyidagicha hal qilmoqchi: jangovar harakatlar to‘xtatiladi, demilitarizatsiya zonasi yaratiladi va Kiyev alyansga kirishdan bosh tortadi.

«Rossiya urushga barham berishni xohlaydi. Ukraina ham, Yevropa ham urushni to‘xtatishni xohlaydi. Aytgancha, Yevropa Ukrainani to‘liq moliyalashtirmadi, amerikalik soliq to‘lovchilar esa aksincha, juda saxiylik qilishdi. Yevropaliklar ham mojaroga barham berishni istaydi, chunki shu sababli yoqilg‘i va elektr energiyasi narxi oshib bormoqda. Men buni shunday ko‘rmoqdaman: Tramp o‘tirib: «Rossiyaliklar, ukrainaliklar, yevropaliklar, yigitlar, tinch yo‘l bilan kelishuv qanday bo‘lishini sizlar hal qilishingiz kerak», deydi», dedi Vens.

Uning ta’kidlaganidek, kam moliyalashtirgani sababli, Germaniya va boshqa davlatlar Ukrainani tiklash uchun moliyaviy javobgarlikka tortiladi.

Kiyevning NATO yoki boshqa ittifoqchi institutlarga qo‘shilishdan bosh tortishi, Vens so‘zlariga ko‘ra, Ukraina suvereniteti saqlanishini kafolatlaydi.

Vitse-prezidentlikka nomzodning aytishicha, Donald Tramp tinchlikka kafolat bera olishini bir necha bor ko‘rsatgan. Siyosatchining qayd etishicha, agar respublikachi prezidentlikka saylansa, bu yana takrorlanishi mumkin.

Avvalroq, Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatishning sharti sifatida neft narxining pasayishini aytgan edi. Uning fikriga ko‘ra, neftning barreli 40 dollarga tushsa, «Putin umuman urushmaydi».

Ko‘proq yangiliklar: