Raketadagi kabutar, o‘lik baliq, mast chuvalchang – Shnobel mukofotlari topshirildi

Jahon 19:22 / 13.09.2024 2322

AQSh Harvard universitetida navbatdagi Shnobel mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Nobel mukofotiga parodiya sifatida tashkil qilingan sovrin «avval kuldiradigan, keyin esa o‘ylantiradigan» tadqiqotlar uchun beriladi. Bu haqda The Guardian yozdi.

Shnobel Tinchlik mukofotiga marhum amerikalik psixolog Byorres Skinner loyiq ko‘rildi: u raketalar ichiga kabutarlarni joylashtirishni va ulardan nishonga oluvchi sifatida foydalanishni taklif qilgan. O‘tgan asrning 40-yillarida u qushlar uchun jabduqlar ixtiro qildi va ularga ekrandagi nishonlarni «cho‘qishni» o‘rgatdi. Ba’zi muvaffaqiyatlarga qaramay, loyiha oxir-oqibat yopildi.

Oksford universitetidan doktor Saul Nyuman demografiya bo‘yicha mukofotga sazovor bo‘ldi. U yuz yoshga to‘lganlarning aksariyati byurokratik xatolar tufayli shunday bo‘lganini aniqladi. Chunki ular yashagan joylarda tug‘ilganlik va o‘lim haqidagi guvohnoma berishda xatoga yo‘l qo‘yilgan.

Anatomiya bo‘yicha mukofot fransuz shifokorlariga berildi. Ular Yer janubiy yarimsharidagi odamlarning sochi ko‘pincha soat mili yo‘nalishi bo‘yicha, Shimoliy yarimsharda esa soat miliga teskari yo‘nalishda jingalak bo‘lishini aniqladi.

O‘lik forel balig‘i hatto oqimga qarshi ham suzishi mumkinligini isbotlagan olimlar fizika bo‘yicha Shnobel mukofotini olishdi. Bu daryo oqimi bo‘ylab silindrsimon to‘siq uchrasa, uning orqasidagi girdobli yo‘lak tufayli sodir bo‘lishi mumkin. Ushbu tadqiqot Harvardda o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida olib borildi.

Amsterdamlik olimlar kimyo bo‘yicha mukofotga sazovor bo‘ldi: ular mast chuvalchanglarni hushyorlaridan ajratishni o‘rganishdi. Tibbiyot sohasidagi mukofot nojo‘ya ta’sirga ega bo‘lgan soxta dori vositalarining nojo‘ya ta’siri bo‘lmagan platseboga qaraganda samaraliroq ekanligini aniqlagan olimlarga berildi.

Amerikalik Jyeykob Uayt va germaniyalik Felipe Yamashita botanika bo‘yicha mukofotga sazovor bo‘ldi. Ular ba’zi tirik o‘simliklar yaqin atrofdagi sun’iy gullarning barglari shakliga taqlid qila olishini isbotladi.

Yevropaning bir qancha mamlakatlari olimlari osmonga otilgan tanga avval qanday yotgan bo‘lsa, ko‘pincha shu tomonga tushishini isbotladi va ehtimollar nazariyasi sohasida mukofotga sazovor bo‘ldi. Tajribalar davomida 48 kishi taxminan 351 ming marta tanga uloqtirgan.

Nihoyat, yapon olimlariga fiziologiya bo‘yicha mukofot berildi: ular cho‘chqa va kemiruvchilar anus orqali nafas olishini aniqladi. Ular tadqiqotni 2021 yilda, COVID-19 pandemiyasi davrida e’lon qildi va bu nafas olish yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan odamlarga yordam berishiga umid qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: