Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Chilonzor tumani Novza ko‘chasida “kotlovan” sabab yo‘lning bir qismi o‘pirilib tushgani holatiga rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlikka ko‘ra, holat Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tezkor o‘rganilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu obektdagi qurilish ishlari “Runa International Trading INC” MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
“Pastki qavatlari savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasidan iborat ko‘p kvartirali turar joy obektida qurilish-montaj ishlari Vazirlar Mahkamasining 200-sonli qarori talablariga zid ravishda, ya’ni inspeksiyadan qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmagan holda boshlab yuborilgan.
O‘rganishlar davomida hudud atrofi profnastil bilan o‘ralib, yer ishlari tegishli qoida va me’yorlarga amal qilinmagan holda olib borilayotgani aniqlangan”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Qo‘shimcha qilinishicha, MChJ rahbariga qurilish-montaj ishlarini to‘xtatishga doir ogohlantirish xati yuborilgan. Hozirda holat nazoratga olingan bo‘lib, qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilinishi bildirilgan.
Avvalroq 12 sentabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida kotlovan sabab yo‘lning bir qismi qulab tushgani xabar qilingandi. Holat tumanning Novza ko‘chasidagi yangi qurilishi reja qilingan Novza Rezidence ko‘p qavatli turar joy majmuasi hududida ro‘y bergan.