Lacetti'dagi yong‘in sabab UzAuto Motors va uning dileriga ish qo‘zg‘atildi

O‘zbekiston 14:50 / 13.09.2024 13140

Qoraqalpog‘istonlik fuqaro A.D. 2023 yilda “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Lacetti L-Stayle MT” rusumli avtomobil olinganiga 5 oy ham bo‘lmasdan nosozligi tufayli yonib ketgani, lekin ishlab chiqaruvchi tomonidan holat o‘z vaqtida bartaraf etilmayotgani yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgan.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, murojaat qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilganda holat o‘z tasdig‘ini topgan. Aniqlanishicha, aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobilda yong‘in chiqishi holati Navoiy viloyatida ham kuzatilgan.

Natijada qo‘mitaning maxsus komissiyasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14- va 20-moddalari talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha “UzAuto Motors” AJ va “PSM-Avtosavdo” MChJlarga (ishlab chiqaruvchi va uning dileri) nisbatan ish qo‘zg‘atgan.

“Qo‘mita tomonidan ushbu holat (avtomobilda yong‘in chiqishi) inson hayoti va uning sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazishi mumkinligi holatlarini inobatga olgan holda, yuqorida qayd etilgan avtomobil bilan bir vaqtda ishlab chiqarilgan 37 ta aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobillarni 10 kunlik muddatda chaqirtirib olinib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, murojaat qilgan fuqaroga ayni shunday markali boshqa yangi avtomobil berilgan. Shuningdek, iste’molchi talab qo‘ygan vaqtdan boshlab o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun avtomobil bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Bu qarordan norozi tomon qo‘mitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Ko‘proq yangiliklar: