Toshkentning «Humo Arena» sport majmuasi oldidagi ba’zi ko‘chalarda avtomobillar harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahri IIBB Yo‘l harakati xavsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 14 sentabrdan 6 oktyabrgacha Toshkentda futzal bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari «Humo Arena»da o‘tkaziladi. Shu sababli, mehmonlar va muxlislarning xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlash maqsadida vaqti-vaqti bilan quyida keltirilgan ko‘chalarda transport vositalarining harakati qisman cheklanadi:
- Furqat - Beshyog‘och ko‘chasidan Beshyog‘och ko‘chasi bo‘ylab, Beshyog‘och - Afrosiyob ko‘chalari kesishgan chorrahagacha;
- Beshyog‘och - Afrosiyob ko‘chalari kesishgan chorrahadan, Afrosiyob ko‘chasi bo‘ylab;
- Islom Karimov - Afrosiyob ko‘chalari kesishgan chorraha ko‘chasigacha.
Tirbandliklarning oldini olish uchun haydovchilarga aylanma yo‘llardan harakatlanish tavsiya etilgan.