Rio: — Kel, Yevropa futbol klublari haqida gaplashamiz. Sening ular bilan katta hikoyang bor. «Real», sen u yerda fantastik yillarni o‘tkazgansan. Avvalo, ularning o‘tgan mavsumi haqida qanday fikrdasan?
Ronaldu: — «Real» Madrid yaxshi ko‘rinmoqda. Bu shunday jamoaki, bosim ostida bo‘lsa ham, shoshmaydi. Ko‘pchilik ularni omadli deydi, lekin gap omadda emas. Ular o‘z miyasini mana shunday vaziyatlar uchun tayyorlaydi. «Bernabeu»dagi muhit butunlay boshqacha. U yerdagi energiya boshqalarnikidan farq qiladi. Boshqa jamoalar kelib gol ursa ham, 90-95 daqiqani dahshatli bosim ostida o‘tkazadi. «Real» men uchun tarixdagi eng yaxshi klub. Ular bundan keyin ham shunday bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmayman, lekin keling, ko‘raylik-chi! Hozir u yerga Mbappe bordi va o‘ylashimcha, u bilan jamoa kuchli bo‘lishda davom etadi. Lekin ular o‘tgan yildan ko‘ra yaxshiroq bo‘ladilarmi, bilmayman. Faqat Xudo biladi, lekin u yerda fantastik jamoa bor. Ishonamanki, ular yana dunyoning eng kuchli klublaridan biri bo‘ladi.
— Ushbu klubdaligingda har mavsum aqlbovar qilmas darajada ko‘p gol urarding. Bu darajadagi bosim ostida qanday qilib buni uddalarding?
— U yerda titullar yutdim, gollar bo‘yicha rekordchiga aylandim va men uchun ushbu klubda 8-9 yil davomida o‘ynash, 4 karra Chempionlar Ligasini yutish rosmana baxt bo‘lgan. U yerda hamma narsani yutishga erishganman. Men bu klubni juda sevaman.
— Sen bosib o‘tgan yo‘lni hozirda Mbappe ham o‘tamoqda. Biroq sening bu klubga o‘tishing o‘sha vaqt uchun juda katta voqea edi va bir gal suhbatlashganimizda kiyim almashtirish xonasidagi ispan kontingenti bilan moslashib ketish qiyin kechganini aytganding.
— O‘sha paytda futbol tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylangandim. Bu o‘ziga yarasha bosim berardi, biroq o‘zimga o‘zim, agar men Premer-ligada eng zo‘r futbolchi bo‘lsam, «Oltin to‘p» va Chempionlar Ligasini yutgan bo‘lsam, nega qo‘rqishim kerak, dedim. Muvaffaqiyat qozonishimga ishonardim. O‘z iqtidorim va imkoniyatlarimga ishonaman. 24 yosh edim va yangi davlatga ko‘nikishim kerak edi. Ammo doim pozitiv kayfiyatda qolganman. Dunyodagi eng zo‘r klub va bu yerda «Manchester Yunayted»da qilganimdek tarix yaratmoqchi edim.
Menimcha, buning uddasidan chiqdim. Meni bilasan, chaqiriqlarga doim labbay deb javob beradigan insonman va odamlarga o‘zimni isbotlashni yaxshi ko‘rardim. Hatto shu yoshimda ham odamlar men haqimda o‘ylayotganlariga butkul teskari natijalar bilan ularni hayron qoldirishga harakat qilaman. Ha, bu qiyin kechgan, lekin «Real»da o‘ynaganimdan baxtiyorman.
— Kilian Mbappe u yerga moslashib ketishi uchun nima qilishi kerak deb o‘ylaysan?
— Men u katta qiyinchilikka uchraydi, deb o‘ylamayman. Chunki, bu klubda struktura yaxshi shakllangan. Va ularda yaxshi murabbiy, ajoyib prezident bor hamda ular klubda ancha yillardan beri ishlab kelmoqda. Kilian — raqobatbardosh yigit va u hammaga nimalarga qodirligini allaqachon ko‘rsatib bo‘lgan. Fikrimcha, u keyingi yillarda «Oltin to‘p»ni yuta oladigan qobiliyatga ega. Shuningdek, Holand, Bellinghem, Vinisius, Lamin… O‘ylashimcha, bu yangi avlodda ajoyib iqtidorlar bor.
— Sening shu yoshda bu qadar zo‘r o‘ynashingdan hayratga tushamiz va Pepe menga sen bilan munosabatlari haqida gapirib bergandi. Menga tushuntirib bera olasanmi, sen va u bunday darajani 40 yosh arafasida qanday ushlab qolgansan?
— Biz Pepe bilan Yevroda ekstra bo‘limlarda o‘ynadik, 4 kundan keyingi o‘yinimiz yana qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tdi va biz uni ham to‘liq o‘tkazdik. Odamlar buni yetarlicha qadrlashmaydi, nega biz hamon maydondaligimiz haqida savollar beradi. Lekin bu men qilishni xohlagan narsa. Gurjistonga qarshi 90 daqiqa o‘ynamadim. Buning barchasi dunyoqarash bilan bog‘liq. Qaysidir yoshga yetganingda farqni dunyoqarashing belgilaydi, tanang emas. Agar o‘zingga yaxshi qarasang, tanang senga 10-15 yil yaxshi xizmat qilishi mumkin. Undan keyin esa senga aql kerak bo‘ladi. Chunki, barcha sport turlarida faoliyatni yakunlashning o‘rtacha yoshi 30 va 40 oralig‘ida. Tennis, Formula 1, futbol va boshqalar… Sendagi garmonlar va barcha xususiyatlar shuni talab qiladi. Bu — hayot qonuni. Lekin Pepe va men inson o‘z tanasini parvarish qilsa, qanchalik uzoqqa bora olishi mumkinligiga yaxshi namuna bo‘la oldik.
— U maydonga tushsa, eng janjalkash odamga aylanadi-a?
— Ha, lekin hayotda juda yaxshi yigit va uni o‘ta professional odam sifatida bilaman.
— Tasavvur qil, sen mavsumni «Oltin butsa» bilan yakunlading. Miyangdan qanday o‘ylar o‘tadiki, keyingi mavsum yana shu ishni qilishga o‘zingda motivatsiya topasan?
— Men buni ishtiyoq bilan bog‘layman. Bu menda futbolga nisbatan hamon saqlanib turgan ochlik. Men futbolning kasaliga aylanib qolganman. Men gollar urishga shu qadar bog‘lanib qolganmanki, shu yoshimda ham buni birdek xohlayveraman.
— Faoliyatini uzoq davom ettirish haqida gapirarkanmiz, ba’zi futbolchilarning uni ancha erta yakunlashi haqida ham fikr almashsak. Misol uchun, Toni Kroos 34 yoshda to‘xtatdi va menimcha, u hali o‘ynay olardi. Menga u haqida gapirib ber, u bilan bir necha yil o‘ynagansan?
— Bu — uning futbolga va hayotga bo‘lgan qarashi. Biz futboldan tashqaridagi hayotida nimalar bo‘layotganini bilmaymiz. Biz uni hurmat qilishimiz kerak. Ba’zilar uzoq yillab futbol o‘ynayapti, biroq hammamiz ham bir xil emasmiz-ku. Uning qarorini hurmat qilaman, chunki Toni bir narsani qilaman dedimi, albatta oxiriga yetkazadigan inson. Agar mendan u yana bir necha yil o‘ynay olarmidi, deb so‘rasang, ha deyman. Lekin balki, unda futbolga aloqador bo‘lmagan muammolar bordir. Biz uni hurmat qilishimiz kerak.
Abdulbasit Valixonov tarjimasi