Chiqindilarni olib ketish bo‘yicha ommaviy oferta joriy etildi

Jamiyat 10:25 / 12.09.2024 2726

Tadbirkorlik faoliyati olib boriladigan har bir obektdan ma’lum bir miqdorda chiqindi hosil bo‘lishi tabiiy. Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish markaziga ko‘ra, bugungi kunda respublikada mavjud tadbirkorlik sub’yektlarining aksariyati, ya’ni 90 foizi chiqaradigan maishiy chiqindilari uchun majburiy to‘lovlarni amalga oshirmay kelgan.

Ulardan hosil bo‘ladigan chiqindilar hech qanday to‘lovlarsiz, belgilanmagan joylarga yoki aholi uchun mo‘ljallangan chiqindi yig‘ish shoxobchalariga olib chiqib tashlangan. Endi bu kabi «uddaburonlik» holatlariga chek qo‘yiladi.

O‘zbekiston prezidentining «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2024 yil 4 yanvardagi 5-sonli farmoniga ko‘ra, joriy yil 1 iyulidan alohida ko‘chmas mulkdan foydalanadigan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar ommaviy oferta asosida amalga oshiriladi. 

Farmonga ko‘ra, oferta faqatgina faoliyati davomida alohida ko‘chmas mulkdan foydalanadigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mazkur ko‘chmas mulk joylashgan hududga biriktirilgan sanitar tozalash korxonasi o‘rtasida tuziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ularning faoliyat turlari va xususiyatlaridan kelib chiqib, chiqindi to‘plash me’yorlarini tasdiqlaydi hamda ommaviy ofertadagi to‘lov summalari ushbu me’yorlarga asoslangan holda belgilanadi.

«Bu orqali tadbirkorlik obektidan mazkur hududga biriktirilgan sanitar tozalash korxonasi chiqindilarni olib ketadi va tadbirkor esa buning uchun belgilangan to‘lovni avtomatik tarzda amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Bu o‘z o‘rnida ikki tomon uchun ham maqbul yechim hisoblanadi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur topshiriq davlat rahbarining joriy yil 29 mart kuni chiqindilar bilan ishlash tizimini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham qayd etilgan edi.

Markaz tadbirkorlik sub’yektlari ushbu tartibga amal qilmagan taqdirda qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishidan ogohlantirgan.

Ko‘proq yangiliklar: