AQSh Ben Ladenni o‘ldirgan maxsus kuchlarini Tayvanni Xitoy bosqinidan himoyalashga tayyorlamoqda

Jahon 21:13 / 12.09.2024 4767

AQSh Harbiy-havo kuchlarining 2011 yilda «Al-Qoida» yetakchisi Usama Ben Ladenni yo‘q qilgan Seal Team 6 maxfiy maxsus bo‘linmasi Tayvanga Xitoyning ehtimoliy bosqinida yordam berishga tayyorlanmoqda, deb xabar beradi Financial Times.

Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, tayyorgarlik jarayonlari Vashingtondan 250 kilometr janubi-sharqda joylashgan Virjiniya-Bich shahridagi shtab-kvartirada qariyb bir yildan beri davom etyapti. AQSh Qurolli kuchlarining Hind-Tinch okeani mintaqasidagi bo‘linmasining sobiq qo‘mondoni Fil Devidson Xitoy olti yil ichida Tayvanga hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirganidan keyin mashg‘ulotlar kuchaytirilgan.

Pentagon vakili Amerika kuchlari «keng ko‘lamli kutilmagan vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rayotganini» tasdiqladi.

Seal Team 6 otryadi AQSh armiyasidagi eng nufuzli bo‘linma hisoblanadi. Uning vazifalariga dengiz va qirg‘oq bo‘yida tezkor hamda strategik razvedkani amalga oshirish, terrorizm, dengiz qaroqchiligi, kemalarni tortib olish, garovga olish kabi muammolarni hal etish kiradi.

Avvalroq AQSh Xitoyning Tayvanni egallashga urinishi oldini olishga qaratilgan Hellscape strategiyasini ishlab chiqqan edi. Rejasiga muvofiq, Xitoy kemalari Tayvan tomon harakatlanishi bilan AQSh minglab havo va dengiz dronlarini uchiradi. Bu Tayvan, AQSh va ittifoq kuchlariga kerakli javobni qaytarish uchun tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi. AQSh Hellscape strategiyasini amalga oshirish uchun 1 milliard dollar sarflaydi va mablag‘larning aksariyati uchuvchisiz uchish qurilmalari xaridiga sarflanadi.

XXR raisi Si Jinping Xitoy armiyasini 2027 yilgacha «dunyoda yetakchi qurolli kuchlarga» aylantirish vazifasini qo‘ygan. AQSh buni Tayvanni egallashga urinish deya baholamoqda.

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralmas hududi deb hisoblaydi. Ammo 1949 yilda mustaqilligini e’lon qilgan Taybey Pekin 1980 yildan beri ilgari surib keladigan «bitta davlat — ikkita tizim» modelini rad etib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: