12 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 20:43 / 12.09.2024 3386

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar, Toshkentda xo‘randalarning ommaviy zaharlanishi, sobiq vazirning yopiq ko‘riladigan sudi va o‘zgarishsiz qolgan asosiy stavka — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha choralar

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiya tuzilishi belgilandi.

9 ta iqtisodiy tadqiqot markazlari va OTMlar ilmiy yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Ijtiimoiy himoya agentligi direktori ushbu komissiya rahbariga o‘rinbosar bo‘ladi. Viloyat va tuman komissiyalariga hokimlar boshchilik qiladi.

Komissiya har bir viloyatda bittadan tumandagi ishlarni haftalik muhokama qilib, biriktirilgan rahbarlar faoliyatiga baho beradi. Joylarda ko‘tarilgan masalalarni zudlik bilan hal qilib boradi. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha rejalar ijrosi yuzasidan har oyda prezidentga axborot kiritadi.

Shuningdek, Bosh prokurorning kambag‘allikni qisqartirish siyosatiga mas’ul o‘rinbosari tayinlandi. U tumanlarga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganadi, berilayotgan mablag‘lar yetib borishini nazorat qiladi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, har bir kambag‘al oilaning kamida bir a’zosi oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratiladi.

OTM, kollej, texnikum talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 80 foiz bo‘lsa, ularga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi. Kambag‘al oila farzandlariga qo‘shimcha grantlar ajratiladi.

Shavkat Mirziyoyev kambag‘al aholini ishli qilaman degan tadbirkorlarning loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim yaratishni topshirdi. Ehtiyojmand odamlarni ishga oladigan korxonalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi belgilandi.

Bu boradagi vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.

Toshkentdagi xo‘randalar ommaviy zaharlandi

Toshkentdagi “Muhteshem Doner” restoranida ommaviy zaharlanish yuz bergani aytilmoqda. 23 nafar jabrlanuvchilar shifoxonaga yotqizilgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchilardan biri bu hodisa 5 sentabr kuni sodir bo‘lganini aytdi. Ular ovqatdan zaharlanish belgilari bilan 6 sentabr kuni Toshkentdagi yuqumli kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga yotqizilgan. 

5 sentabr kuni tushlik qilgani “Muhteshem Doner” restoraniga 6 nafar hamkasbim bilan birga chiqdik. Kechga borib birin-ketin hammamizning ahvolimiz yomonlasha boshladi. 6 kishidan 5 nafarimiz hozir kasalxonadamiz. Bir nafar hamrohimiz biz iste’mol qilgan sousdan yemagan edi. Unda bu holat kuzatilmadi”, degan u.

Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, 5-6-7 sentabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar shaxs shifoxonalarga murojaat qilgan. 

Bugungi kunga kelib “MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Aziz Voitov sudi yopiq tarzda ko‘riladi

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 kishiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan sudda da’vogarning sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish bo‘yicha iltimosnomasi qanoatlantirildi.

Sud majlisi avvalida raislik qiluvchi Sardor Sodiqov taraflardan iltimosnoma bor-yo‘qligini so‘ragan. Fuqaroviy da’vogarlardan biri G‘ofur Mahkamov tomonidan sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish haqidagi iltimosnoma kiritilgan.

Sudya sud majlisining boshqa ishtirokchilaridan bunga munosabatini so‘ragan. Bir necha advokatlar buni qo‘llab-quvvatlamasdan, ikki xil holatda — davlat siri va jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlarda yopiq sud majlislari bo‘lishini ta’kidlagan. Boshqa advokatlar esa sudga havola qilishini aytgan. Ayrim sudlanuvchilar ham sud majlisi yopiq tarzda ko‘rilishiga qarshiligini ma’lum qilgan.

Sudya xizmat doirasidan foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar yangrashini inobatga olgan holda shunday qarorga kelganini ma’lum qilib, sud majlisi yopiq tarzda ko‘rilishi bo‘yicha iltimosnomani qanoatlantirgan. Raislik qiluvchi jurnalistlarga buni to‘g‘ri tushunishni aytgandan so‘ng OAV vakillari sud zalini tark etgan.

Asosiy foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoldi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 12 sentabrda asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank rasmiy press reliziga ko‘ra, umumiy inflatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi.

«Yanvar-iyul oylarida iqtisodiyotda yuqori ishlab chiqarish faolligi kuzatilgan, yalpi talab va taklif o‘rtasidagi tafovut qisqarmoqda. Sanoat ishlab chiqarish, qurilish ishlari va xizmatlar sohasida real o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllandi.

Ijobiy tendensiyalar savdo va pulli xizmatlar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishida ham kuzatildi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Import qilingan elektromobillar

Statistika agentligi O‘zbekiston 2024 yilning 7 oyida qancha elektromobil import qilganini ma’lum qildi.

Yanvar-iyul oylarida xorijdan qiymati 156 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 10 ming 542 ta elektromobil import qilingan. 

7 oyda O‘zbekiston eng ko‘p elektromobil import qilgan davlatlar orasida Xitoy birinchi o‘rinni egallab turibdi. Avtomobillarning 10 ming 447 tasi Xitoydan keltirilgan.

Shuningdek, Hongkongdan 14 ta, Germaniyadan – 11 ta, Birlashgan Arab Amirliklaridan 10 ta elektromobil import qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: