Amerikalik qo‘shiqchi Teylor Svift noyabrda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlarida Kamala Harrisga ovoz berishini ma’lum qildi.
U Harris va respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp o‘rtasidagi debat yakunlanishi ortidan shunday bayonot berdi.
«Men 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z ovozimni Kamala Harris va Tim Uolzga beraman», — deya yozgan u instagramda va Harrisni iqtidorli yetakchi deb atagan.
«Men ishonamanki, agar bizni tartibsizlik emas, xotirjamlik boshqarsa, ko‘proq narsaga erishishimiz mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan qo‘shiqchi.
U bunday ochiq bayonot berish qaroriga kelishiga Donald Tramp e’lon qilgan, sun’iy intellekt orqali yasalgan fotosurat turtki bo‘lganini aytgan. Unda Svift go‘yoki respublikachilarni qo‘llashi ko‘rsatilgandi.
«Bu menda AI (sun’iy intellekt) hamda dezinformatsiya tarqalishi xavfi bo‘yicha qo‘rquvni oshirdi. Natijada bu saylovlar borasida haqiqiy rejalarimni oshkor etishim kerak degan xulosaga keldim», — deya yozgan u.
U postga mushuk bilan tushgan fotosuratini ilova qilgan va uning ostiga «farzandsiz mushuk bekasi» deb yozgan, u bu orqali respublikachilar vitse-prezidenti Jjyey Di Vensning so‘zlariga ishora qilgan.
Vens 2021 yilgi videosi tufayli tanqidga uchragandi, o‘shanda u bir qator nufuzli demokratlar, jumladan Harrisni «baxtsiz hayot kechiruvchi, farzandsiz mushuk bekalari» deb atagandi.
Svift — Harrisni qo‘llashini ochiq e’lon qilgan taniqli shaxslarning navbatdagisi bo‘ldi. Bunga qadar qo‘shiqchilar Jon Ledjyend va Oliviya Rodrigo, aktyor Jorj Kluni va rejissyor Spayk Li demokratlar nomzodini qo‘llab chiqqandi.
Sobiq restler Halk Hogan, teleyulduz Ember Rouz va milliarder Ilon Mask esa Donald Trampga ovoz berishini ma’lum qilgan.
Bu Teylor Svift ilk bor Demokratik partiya nomzodini qo‘llashi emas. 2018 yilda u kongress uchun oraliq saylovlarda Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, 2020 yilda prezidentlik saylovlarida Jo Baydenga ovoz berishini bildirgandi.