Rossiyada SSSRdagi repressiya qurbonlari reabilitatsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi

Jahon 08:24 / 11.09.2024 4218

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi sovet siyosiy qatag‘onlari qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha qarorlarni qayta ko‘rib chiqadi. 9 sentabr kuni rasmiy normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilingan buyruq loyihasida «og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, harbiy jinoyatlar, tinchlik va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda aybdor shaxslarni reabilitatsiya qilish va oqlash» taqiqlanishi aytilgan. 20 iyun kuni Rossiya hukumati tomonidan siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha davlat siyosati konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilgandi.

Shunday qilib: Rossiya hukumati sovet davridagi ommaviy qatag‘onlar, diniy va «sinfiy begona» sabablarga ko‘ra ta’qiblar, majburiy kollektivlashtirish va sun’iy ravishda yaratilgan ocharchilik, shuningdek, millionlab GULag mahbuslari va deportatsiya qilingan xalqlarga havolalarni o‘z ichiga olgan bir qator iboralarni konsepsiyada chiqarib tashladi, deb eslatadi The Moscow Times nashri.

Buyruq loyihasi bosh prokuror Igor Krasnov tomonidan «natsistlarning hamkorlari va vatanga xoinlarning oqlanishiga yo‘l qo‘ymaslik» maqsadida tayyorlangan. Loyihada tegishli ekspertiza qanday o‘tkazilishi belgilanmagan.

Vishnevskiy ehtimoliy siyosiy sabablarni aytdi

Huquq himoyachilari Bosh prokuraturaning rejalarini tanqid qilib, 1991 yilda qabul qilingan «Siyosiy terror qurbonlarini reabilitatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunda idora buyrug‘ida ko‘rsatilgan jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish taqiqlanganini ta’kidladilar.

Sankt-Peterburg Qonunchilik majlisi deputati va publitsist Boris Vishnevskiy reabilitatsiya to‘g‘risidagi qarorlarni qayta ko‘rib chiqish siyosiy sabablarga ko‘ra sodir bo‘layotganidan xavotirda. «Reabilitatsiya to‘g‘risidagi qarorlarning bekor qilinishi, asosan, qonunga xilof ravishda reabilitatsiya qilinganlarga emas, balki hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, qayta aybdor deb e’lon qilinishi kerak bo‘lganlarga, shu jumladan Ukraina, Boltiqbo‘yi va boshqalarga ta’sir qilishi mumkin», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: