Rossiya harbiy-dengiz kuchlari «Okean-2024» strategik harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. Rossiya Mudofaa vazirligi 10 sentabr, seshanba kuni ma’lum qilishicha, manyovrlar Tinch okeani va Shimoliy muz okeanlari, shuningdek, O‘rta Yer dengizi, Kaspiy va Boltiq dengizlari suvlarida o‘tkazilmoqda.
90 mingdan ortiq ishtirokchi
Bayonotda qayd etilganidek, ularda 90 mingdan ortiq kishi ishtirok etadi, shuningdek, 400 dan ortiq harbiy kemalar, suvosti kemalari va yordamchi flotni qo‘llab-quvvatlovchi kemalar, Harbiy-dengiz va Aerokosmik kuchlarning 120 dan ortiq samolyot va vertolyotlari, 7 mingga yaqin qurol-yarog‘ birligi, harbiy va maxsus texnika qatnashadi. Mashqlar 16 sentabrgacha davom etadi.
Birinchi bosqichda «ajratilgan jangovar tayyorgarlik hududlarida kuch guruhlarini joylashtirish»ni ishlab chiqish rejalashtirilgan. Keyin shartli dushmanning strategik muhim obektlari va kuchlarini yo‘q qilish, qirg‘oqqa hujum kuchlarini tushirish, dengiz xo‘jaligi obektlari va strategik aloqalarni himoya qilish uchun «jangovar harakatlar» ishlab chiqiladi, deb xabar berdi rasmiy Moskva.
Mashg‘ulotlarga Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, "FSB", Milliy gvardiya va Federal qo‘riqlash xizmatining tezkor guruhlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining hamkor davlatlari harbiy xizmatchilari ham jalb qilingan.
Xitoy «Okean-2024» Rossiya mashg‘ulotlarida ishtirok etadi
XXR Rossiyaning «Okean-2024» strategik mashqlarida ishtirok etadi, deyiladi bayonotda.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida Rossiya va Xitoy iqtisodiy, diplomatik va mudofaa sohalarida hamkorlikni kuchaytirib, G‘arbga qarshi «chegarasiz» sheriklik va hamjihatlikni e’lon qilmoqda. Xususan, joriy yil iyul oyi o‘rtalarida Xitoyning Chjanszyan port shahri qirg‘oqlari yaqinida ikki davlat suvda va havoda qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
NATO, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va boshqa davlatlar Xitoy rahbariyatini Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy agressiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tanqid qiladi. Pekin bunga javoban Shimoliy Atlantika alyansini «qarama-qarshilikni qo‘zg‘atmaslikka» chaqirdi.