2016 yil 8 noyabr kuni AQShda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda Respublikachilar partiyasi vakili Donald Tramp Demokratik partiya vakili Hillari Klintonni ortda qoldirib mamlakat prezidenti bo‘ldi.
O‘sha saylovda Tramp AQSh tarixidagi ikkinchi eng keksa prezident bo‘lgandi. 1946 yil 14 iyunda tug‘ilgan Tramp saylovda g‘alaba qozongan kuni 70 yosh 5 oylik edi.
Ungacha Amerikada faqat Ronald Reygan 73 yoshida prezident bo‘lgan: bu yoshida u ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongan.
Biroq 2021 yilgi saylovda Reyganning rekordi yangilandi. Bu safar Trampdan to‘rt yosh katta bo‘lgan demokratlar vakili Jo Bayden salkam 78 yoshida AQSh prezidenti etib saylandi.
Agar Bayden 2024 yil o‘tkaziladigan saylovda o‘z nomzodini qaytarib olmaganida va g‘alaba qozonganida rekord yangilanardi – qariyb 82 yoshli qariya AQSh prezidenti bo‘lardi.
Endi Tramp Kamala Harris bilan raqobatlashyapti. Agar u g‘alaba qozonsa, Baydenning rekordini yangilaydi va 78 yosh 5 oyligida AQSh prezidenti bo‘ladi.
Quyida AQShni shu paytgacha boshqargan eng keksa prezidentlar haqida ma’lumot beramiz.
10. Jon Adams – prezidentlikka 61 yoshda saylangan
1796 yil 4 noyabrdan 7 dekabrgacha AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Unda Federalchilar vakili Jon Adams Demokratik-respublikachilar vakili Tomas Jyefferson o‘zaro raqobatlashadi.
Yakunda Adams g‘alaba qozonadi va AQShning 2-prezidentiga aylanadi. O‘shanda u 61 yoshda edi.
9. Endryu Jyekson – prezidentlikka 61 yoshda saylangan
AQShda 1828 yil 31 oktyabrdan 2 dekabrgacha o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Demokratik partiya vakili Endryu Jyekson va Milliy respublikachilar partiyasi vakili Jon Kuinsi Adams o‘zaro raqobatlashadi.
Saylovda Endryu Jyekson g‘alaba qozonadi va Jon Adamsning natijasini takrorlab, 61 yoshida AQShning 7-prezidenti etib saylanadi.
Ma’lumot uchun, 20 dollarlik pulga Endryu Jyeksonning surati tushirilgan.
8. Duayt Eyzenxauer – prezidentlikka 62 yoshda saylangan
1952 yil 4 noyabr kuni o‘tkazilgan saylovda Respublikachilar vakili Duayt Eyzenxauer va Demokratlar vakili Edlay Stivenson o‘zaro bellashadi.
Saylovda Duayt Eyzenxauer g‘alaba qozonadi. U o‘shanda Jon Adams va Endryu Jyeksonning natijasini yangilab, 62 yoshida AQShning 34-prezidenti etib saylanadi.
7. Zakari Teylor – prezidentlikka 64 yoshda saylangan
1848 yil 7 noyabr kuni AQShda navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Bu safar uch nomzod – Viglar partiyasidan Zakari Teylor, Demokratik partiyadan Lyuis Kass va Ozod yer partiyasidan Martin Van Byuren o‘zaro raqobatlashadi.
Saylovda Martin Van Byuren umuman ovoz ololmaydi. Lyuis Kass bilan bilan raqobatda 64 yoshli Zakari Teylor g‘olib chiqadi.
6. Jorj Bush (kattasi) – prezidentlikka 64 yoshda saylangan
1988 yil 8 noyabr kuni AQShda o‘tkazilgan navbatdagi prezidentlik saylovida Respublikachilar vakili Jorj Bush va Demokratlar vakili Maykl Dukakis o‘zaro raqobatlashadi.
Saylovda 64 yoshli to‘liq ismi Jorj Gerbert Uoker Bush bo‘lgan “Katta Bush” g‘alaba qozonadi va AQShning 41 prezidentiga aylanadi.
5. Jyeyms Byukenen – prezidentlikka 65 yoshda saylangan
1856 yil 4 noyabrdagi prezidentlik saylovida Demokratik partiya vakili Jyeyms Byukenen, Respublikachilar partiyasi vakili Jon Fremont, Viglar partiyasi vakili Millard Fillmor o‘zaro raqobatlashadi.
Saylovda eng ko‘p ovoz olgan 65 yoshli Jyeyms Byukenen g‘alaba qozonadi va AQShning 15-prezidenti etib saylanadi.
4. Uilyam Harrison – prezidentlikka 67 yoshda saylangan
1840 yilgi saylovlarda Viglar partiyasidan Uilyam Henri Harrison va Demokratlardan Martin Van Byuren raqobatida 67 yoshli Uilyam g‘alaba qozonadi.
Taasufki Harrison bor-yo‘g‘i bir oy prezidentlik qiladi va bu davrni ham betoblik bilan o‘tkazadi. So‘ng vafot etadi.
Gap shundaki, Harrison qasamyod qilgan 1841 yil 4 mart kuni havo juda sovuq bo‘ladi. Bir necha soat to‘xtovsiz matn o‘qigan Harrison qattiq shamollaydi va bir oy betob bo‘lib yotib, 4 aprel kuni vafot etadi.
3. Donald Tramp – prezidentlikka 70 yoshda saylangan
2016 yil 8 noyabr kuni o‘tkazilgan saylovda Respublikachilar vakili Donald Tramp Demokratlar vakili Hillari Klintonni yutib chiqdi.
Hillari AQShning 42-prezidenti Bill Klintonning rafiqasi bo‘lib, saylov arafasigacha Trampdan oldinda ketayotgandi. Biroq asosiy saylovga bir necha kun qolganda Markaziy Razvedka boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarning birida uning nomiga yashirincha sahifa ochilganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng saylovda keskin burilish yuz berdi va 70 yoshli milliarder Tramp g‘alaba qozondi. Oradan to‘rt yil o‘tgach 74 yoshli Tramp ikkinchi muddat uchun o‘z nomzodini qo‘ydi, biroq u o‘zidan qariyb to‘rt yosh katta bo‘lgan Jo Baydenga yutqazdi.
2. Ronald Reygan – prezidentlikka 73 yoshda saylangan (birinchi muddatga saylanganda 69 yoshda edi)
1980 yil 4 noyabr kuni AQShda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida uch nafar nomzod o‘zaro raqobatlashadi. Bular Respublikachilar partiyasi vakili Ronald Reygan, Demokratlar vakili Jimmi Karter va mustaqil nomzod Jon Anderson edi.
Saylovda respublikachilar vakili 69 yoshli Ronald Reygan g‘alaba qozonadi va 70 yoshida AQShning 40-prezidentiga aylanadi. Reygan 1976 yilda o‘tkazilgan saylovlarda ham o‘z nomzodini qo‘ygan, biroq partiya ichidagi saylovda Jyerald Fordga yutqazgan.
Ford esa asosiy saylovda Demokratlar vakili Jimmi Karterga yutqazadi. 1980 yilgi saylovda Reygan Karterni yutib chiqib, to‘rt yil avvalgi mag‘lubiyat alamini oladi.
Reygan 1984 yilda o‘tkazilgan saylovlarda ham g‘alaba qozonadi va AQShni 77 yoshigacha boshqaradi.
1. Jo Bayden – prezidentlikka 77 yosh 11 oyligida saylangan
2020 yil 3 noyabr kuni AQShda o‘tkazilgan saylovda muhim bir rekord o‘rnatildi. 78 yoshga to‘lishiga 17 kun qolgan Demokratlar vakili Jo Bayden 74 yoshli Respublikachilar vakili Donald Trampni yutib chiqdi.
Shu tariqa AQSh tarixida ilk marta qariyb 78 yoshli shaxs mamlakat prezidenti bo‘ldi. Baydengacha bu rekord 73 yoshida prezident bo‘lib saylangan Ronald Reyganga tegishli edi.
AQShning eng yosh prezidentlari
10. Millard Fillmor – 50 yoshda prezident bo‘lgan
1848 yil 7 noyabrda o‘tkazilgan saylovlarda Viglar partiyasi vakili Zakari Teylor, Demokratlarlan Lyuis Kass va Ozod Yer partiyasi vakili Martin Van Byuren o‘zaro kurash olib boradi.
Unda Viglar vakili Zakari Teylor g‘alaba qozonadi va AQShning 12-prezidentiga aylanadi. Biroq u Qo‘shma Shtatlarni bir yildan oshiqroq boshqargach kasallanib vafot etadi.
Shundan so‘ng uning o‘rniga 50 yoshli Millarda Filmor prezidentlik qiladi. 1852 yilda o‘tkazilgan navbatdagi saylovlarda Viglar partiyasi amaldagi prezident Millard Fillmorga emas, general Uinflid Skottga ishonch bildiradi. Ammo u Franklin Pirsga yutqazib qo‘yadi.
9. Jyeyms Polk – prezidentlikka 49 yoshda saylangan
1844 yil 1 noyabrdan 4 dekabrgacha davom etgan saylovlarda Demokratlar vakili Jyeyms Polk va Viglar partiyasi vakili Genri Kley o‘zaro raqobatlashadi.
Unda 49 yoshli Polk g‘alaba qozonadi va AQShning 11-prezidentiga aylanadi.
8. Jyeyms Garfild – prezidentlikka 48 yoshda saylangan
1880 yil 2 noyabrda o‘tkazilgan saylovlarda Respublikachilar vakili Jyeyms Garfild va Demokratlar vakili Uinfild Skott Hankok bellashadi.
Unda 49 yoshga to‘lishiga 17 kun qolgan Jyeyms Garfild g‘alaba qozonadi va AQShning 20-prezidentiga aylanadi.
Ma’lumot uchun, AQShda zarb etilgan 1 dollarlik tangaga Jyeyms Garfild surati tushirilgan.
7. Franklin Pirs – prezidentlikka 47 yoshda saylangan
1852 yilgi saylovlarda Demokratlar vakili Franklin Pirs Viglar partiyasi vakili Uinfild Skott ustidan g‘alaba qozonadi. 48 yoshga to‘lishiga 21 kun qolgan Pirs AQShning 14-prezidentiga aylanadi.
6. Stiven Grover Klivlend – prezidentlikka 47 yoshda saylangan (55 yoshida ikkinchi marta saylangan)
1884 yilgi prezidentlik saylovida Demokratik partiya vakili Grover Klivlend va Respublikachilar vakili Jyeyms Bleyn bellashadi.
Yakunda Grover g‘alaba qozonib, AQShning 22-prezidentiga aylanadi. O‘shanda Grover 47 yosh edi.
Ma’lumot uchun, 1888 yilda o‘tkazilgan saylovda yutqazgan Grover 1892 yilda o‘tkazilgan saylovlarda yana g‘alaba qozonadi va Amerikaning 24-prezidenti bo‘ladi. U AQShda bir muddat o‘tkazib, ikki marta prezident bo‘lgan yagona shaxs hisoblanadi.
Agar joriy yil kuzda o‘tkaziladigan saylovda Donald Tramp g‘alaba qozonsa, u Grover Klivlendning natijasini takrorlaydi.
5. Barak Obama – prezidentlikka 47 yoshda saylangan
2008 yil 4 noyabrda o‘tkazilgan saylovlarda Demokratlar vakili Barak Obama va Respublikachilar vakili Jon Makkeyn raqobatlashadi.
Unda 47 yoshli Obama g‘alaba qozonadi va AQSh tarixida prezident bo‘lib saylangan ilk qora tanli odamga aylanadi.
4. Uliss Grant – prezidentlikka 46 yoshda saylangan
1868 yilda AQShda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Respublikachilar vakili Uliss Grant va Demokratlar vakili Goratsio Seymur o‘zaro raqobatlashadi.
Saylovda 46 yoshli Uliss Grant g‘alaba qozonadi va AQShning 18-prezidenti bo‘ladi. 1872 yilda o‘tkazilgan saylovda ham Grant g‘alaba qozonib, AQShni ikki muddat boshqaradi.
3. Bill Klinton – prezidentlikka 46 yoshda saylangan
1992 yilda AQShda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Respublikachilar vakili, amaldagi prezident Jorj Bush, Demokratlar vakili Bill Klinton va mustaqil nomzod Ross Pero o‘zaro raqobatlashadi.
Saylovda demokratlar vakili 46 yoshli Bill Klinton g‘alaba qozonadi va AQShning 42-prezidentiga aylanadi. U 1996 yilda o‘tkazilgan saylovlarda ham g‘alaba qozonib, AQShni ikki muddat boshqaradi.
2. Jon Kennedi – prezidentlikka 43 yoshda saylangan
1960 yilgi saylovda Demokratlar vakili Jon Kennedi Respublikachilar vakili Richard Niksonga qarshi kurashda g‘alaba qozonib, 43 yoshida AQShning 35-prezidentiga aylanadi. Kennedi AQShni bor-yo‘g‘i 1 yil 11 oy boshqaradi: 1963 yilda u suiqasd tufayli halok bo‘ladi.
1. Teodor Ruzvelt – 42 yosh 10 oyligida prezident bo‘lgan
AQSh prezidentlari orasida eng yoshi Teodor Ruzvelt hisoblanadi. U saylanmasdan prezident bo‘lgan.
Gap shundaki, 1900 yil 6 noyabrda o‘tkazilgan saylovda Respublikachilar vakili amaldagi prezident Uilyam Mak-Kinli va Demokratlar vakili Uilyam Brayan o‘zaro raqobatlashadi.
Unda Uilyam Mak-Kinli g‘alaba qozonadi va Teodor Ruzveltni o‘ziga vitse-prezident sifatida tanlaydi. Mak-Kinli ikkinchi muddatga qasamyod qilganidan 6 oy o‘tib, Buffallo shahrida tashkil etilgan Panamerika ko‘rgazmasida ishtirok etadi.
Shu yerda unga suiqasd uyushtiriladi va prezident halok bo‘ladi. AQSh qonunlariga binoan prezidentlik vakolati o‘sha paytda qariyb 43 yoshda bo‘lgan vitse-prezident Teodor Ruzveltgga o‘tadi.
1904 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Ruzvelt Demokratlar vakili Elton-Bruks Parkerni yengib chiqib, yana to‘rt yil AQShni boshqaradi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.