Monblan cho‘qqisida muzlab qolgan to‘rt nafar alpinistning jasadi topildi

Jahon 02:34 / 11.09.2024 6218

Fransiyalik qutqaruvchilar Monblan cho‘qqisidan o‘tgan dam olish kunlari noqulay ob-havo sharoiti tufayli bedarak yo‘qolgan ikki nafar Italiya va ikki nafar Janubiy Koreya fuqarosining jasadlari topilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Associated Press.

Chamonix-Mont Blanc qidiruv-qutqaruv guruhi ikki juft alpinistni Alp tog‘ining eng cho‘qqisidan — 4,7 ming metr balandlikdan topgan. Ular sovuq urishi oqibatida vafot etgan.

Yo‘lboshchisiz qolgan alpinistlar 7 sentabr kuni qutqaruvchilarni yordamga chaqirgan, ammo ob-havo sharoiti yomonlashgani bois qutqaruvchilar na yer orqali va na vertolyotda voqea joyiga yetib bora olgan.

Shuningdek, koreyalik yana ikki alpinist murakkab qutqaruv operatsiyasi natijasida 8 sentabr tongida 4,1 ming metr balandlikdan muvaffaqiyatli qutqarib olingan. 

Fransuz hukumati holat yuzasidan tergov harakatlarini boshlagan.

Monblan — G‘arbiy Alp tog‘laridagi tog‘ massivi bo‘lib, Fransiya, Italiya va Shveytsariya chegarasi bo‘ylab 50 kilometr masofaga cho‘zilgan. Eng baland joyi 4807 metr, G‘arbiy Yevropada eng baland cho‘qqi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: