“Jangda ortga chekingan sheriklarimizni otib tashlash topshirig‘i berilgandi” – yana bir o‘zbekistonlik vagnerchiga hukm o‘qildi

Jamiyat 13:18 / 11.09.2024 30314

Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollangan o‘zbekistonlik erkakka hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi

Sud hukmida keltirilishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan B.Z. ishlash uchun Rossiyaga borgan. Avvaliga turli joylarda yollanma ishchi bo‘lib ishlab yurgan erkak ijtimoiy tarmoqlardagi e’lon orqali «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollangan.

U «Vagner»ning Call markazi bilan suhbatlashib, 240 ming rubl oylik ish haqi berilishi, qayerga borib kimlarga murojaat qilinishi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan. So‘ngra “Novosibirsk-Krasnodar” yo‘nalishidagi poyezdda Krasnodar shahriga borgan hamda o‘sha hududdagi harbiy bazaga borib, o‘z ixtiyori bilan Ukrainada bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda Rossiya tomonidan ishtirok etish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

Shartnomada «Vagner» B.Z.ga 240 ming rubl oylik maosh berish, harbiy kiyim va qurol bilan ta’minlash, jangovar tayyorgarlikdan o‘tkazish, shaxsiy xavfsizligini ta’minlash, qurolli to‘qnashuvlarda o‘lgan taqdirda murdasini yashash manziliga yuborish va xizmat haqini yaqin qarindoshlariga yetkazish majburiyatini olgan. B.Z.ga esa ichki tartib intizomga qattiq rioya qilish, berilgan topshiriqni inkor qilmay bajarish, boshqa harbiy xizmatchilar to‘g‘risida ma’lumotlarga qiziqmaslik, qurolli to‘qnashuvlarda ortiga qaytgan sheriklarini otib tashlash majburiyatlari yuklatilgan.

B.Z. yollanganidan so‘ng 21 kun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Keyin Luhanskdagi, Belarusdagi va Rossiyaning Podolsk shahridagi harbiy bazada xizmat qilib, harbiy harakatlarda qatnashgan. U harbiy harakatlardagi ishtiroki uchun Donetsk Xalq Respublikasi rahbarining “Za osvobojdeniye Artemovska” nomli medali bilan taqdirlangan.

Asli kasbi novvoy bo‘lgan B.Z. 2023 yil 20 sentabr kuni Podolsk shahriga olinib kelingan hamda unga Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish taklif qilingan. Biroq u buni rad qilgach, «Vagner» tomonidan shartnoma bir tomonlama bekor qilingan. Erkak 2023 yil 24 sentabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

B.Z. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligini, bu ishga sharoiti og‘ir bo‘lgani uchun qo‘l urganini aytgan.

Nogiron turmush o‘rtog‘im, onam, singlim va uch farzandim, jami yetti kishi ikki xonali uyda yashab kelamiz. Oilada yolg‘iz boquvchiman. Ishlab pul topib, kattaroq uy sotib olish uchun 2022 yilning 24 sentabr kuni avtobusda Rossiyaning Novosibirsk shahriga bordim. U yerda 2023 yilning 20 may kuniga qadar issiqxonada ishchi bo‘lib ishladim.

Kunlarning birida Telegram’da “Vagner”ning kanalini ko‘rib qoldim. Unda xizmat qilsam 240 ming rubldan oylik, 21 kun harbiy tayyorgarlikdan o‘tish jarayonida esa 45 ming rubl berishni aytishgani uchun ularning taklifiga rozi bo‘ldim.

Krasnodar shahridagi harbiy bazaga borib, shartnoma tuzdim. So‘ngra menga harbiy kiyim, shartli nom va T-4949 raqamli jyeton, qurol omboriga olib kirib avtomat berishdi. Instruktor hammani bir joyga yig‘ib, ichki tartibni tushuntirdi. Ichki tartibga bir-birlarimiz to‘g‘risidagi ma’lumot bilan qiziqmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni aytmaslik, faqat shartli nom bilan murojaat qilish, hech qanday aloqa vositalaridan foydalanmaslik, jang vaqtida sheriklar ortga qaytsa otib tashlash, jang vaqtida yarador bo‘lgan sheriklarni har qanday holatlarda olib chiqib ketish, tinch aholi bilan gaplashmaslik va boshqa majburiyatlar kiritilgandi.

21 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik. Shu vaqtda “Vagner” rahbarlari va Rossiya Federatsiyasining mudofaa vazirligi o‘rtasida kelishmovchilik bo‘ldi. Taxminan 25 iyun kuni "Adolat marshi" qilinib, “Vagner” harbiy xizmatchilari Moskva shahriga yurish qilishdi. Shu vaqtda men va sheriklarim harbiy xizmatchilarga oziq-ovqat, tibbiy anjomlar, harbiy kiyimlar, o‘q-dorilar yetkazish bilan shug‘ullandik. O‘q otishga hech qanday topshiriq bo‘lmagani sababli quroldan foydalanmadik”, degan Z.B. o‘z ko‘rsatmasida.

Shuningdek, u “Adolat marshi”dan keyin Belorussiyadagi harbiy bazada xizmat qilganini, 20 sentabr kuni uni va boshqa sheriklarini avtobusda harbiy kolonna qilib, Rossiyaning Podolsk shahriga olib kelganini ma’lum qilgan.

Kim xohlasa Rossiya fuqaroligini olishi mumkinligini, pasport tayyor bo‘lguniga qadar, shu yerda yashab turishimizni aytishdi. “Vagner”ning tajribali harbiy xizmatchilari Afrika yo‘nalishi bo‘yicha yuborildi. Bu orada “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin vafot etgani sababli shartnomalarimiz muddatidan avval bekor qilindi. Agar kim Rossiya fuqaroligini olsa, Afrika davlatlaridagi jangovar harakatlarga jalb qilinishi aytildi.

Men fuqarolik olmasligimni, O‘zbekistonga qaytishimni aytdim. Menga 467 ming rubl ish haqi hisoblab berishdi”, degan Z.B.

Sud hukmi bilan Z.B. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Oldinroq “Vagner”ga yollanib, harbiy harakatlarda qatnashgan namanganlik yigit 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: