AQSh prezidentligiga nomzodlar – respublikachi Donald Tramp va mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti, demokrat Kamala Harris saylovoldi poygasidagi ilk teledebatni o‘tkazdi. Bu 11 sentabr, chorshanbaga o‘tar kechasi ABC telekanalida ro‘y berdi.
Migratsiya siyosati, ishsizlikka qarshi kurash, inflatsiya va Ukrainadagi urush AQSh prezidentligiga nomzodlar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan mavzulardan faqat bir qismi bo‘lib, ular davomida o‘zaro tanqidlar ham kuzatildi va ikki nomzod bir-birini yolg‘onchilikda aybladi.
Harrisning so‘zlariga ko‘ra, Tramp u va hozirgi davlat rahbari Jo Baydenga «Buyuk depressiyadan keyingi eng yomon ishsizlik»ni meros qilib qoldirgan. Bundan tashqari, sobiq prezident «asrning eng yomon pandemiyasi» va «fuqarolar urushidan beri bizning demokratiyamizga qilingan eng jiddiy hujum» uchun javobgardir, dedi Harris. So‘nggi gapida Kamala Harris 2020 yilgi saylovlardagi g‘alabasi undan o‘g‘irlangan deb hisoblagan Tramp tarafdorlari tomonidan AQSh Kongressi binosiga bostirib kirilishini nazarda tutgan.
11 sentabrga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida Tramp o‘zining bu saylovda mag‘lub bo‘lgani haqidagi so‘zlari «istehzo bilan» aytilganini bildirdi. Biroq, boshlovchilar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘ralganda, u yana 2020 yilgi saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortdi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mavzusi, shuningdek, Vashington uni to‘xtatish uchun qanday choralar ko‘rayotgani bahsda hal qiluvchi bo‘lmasa-da, nomzodlar tomonidan ko‘tarildi.
Ukrainadagi urush
Shu tariqa, Donald Tramp Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «qanday gaplashish va Ukrainadagi urushni qanday tugatish haqida hech qanday tasavvurga ega emasligini» aytdi. «Endi esa millionlab odamlar halok bo‘ldi va vaziyat yomonlashmoqda», dedi Tramp.
«Siz Jo Baydenga qarshi emassiz. Menga qarshi kurashyapsiz», deb javob qaytardi Harris.
Muhokama chog‘ida Tramp shunday dedi: «Shuni unutmangki, u - Bayden. U Baydendan uzoqlashishga harakat qilmoqda va men bu janobni tanimayman, deyapti. U - aslida Bayden». Bunga javoban, Harris kulib: «Men, albatta, Jo Bayden emasman va men, albatta, Donald Tramp emasman. Men qilayotgan narsa - bizning mamlakatimizga yangi avlod rahbariyatini taklif qilish».
Boshqa narsalar qatori, Tramp Harrisni go‘yoki Putinni Ukrainadagi urush boshlanishidan uch kun oldin bosqindan qaytarishga uringanlikda, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchraganlikda aybladi. «Ular urush boshlanishidan oldin uni tinchlik muzokaralariga yuborishdi, - dedi Tramp. - Uch kundan keyin u (Vladimir Putin) Ukrainaga bostirib kirdi, urushni boshladi, chunki ular (Harrisning muzokaralar delegatsiyasi) zaif edi».
Aslida Kamala Harris hech qachon Putin bilan shaxsan uchrashmagan. Ukrainada urush boshlanishidan oldin u Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSh ittifoqchilari, jumladan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Putin o‘sha anjumanda ishtirok etmadi.
Donald Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarini boshlashni rag‘batlantirish AQSh manfaatlariga mos ekanini aytdi. «Biz millionlab odamlar o‘limini to‘xtatishimiz kerak», dedi u.
Shu bilan birga, u Jo Baydenni Yevropa Ukrainaga AQSh bilan bir xil miqdorda yordam berishini talab qilishga jur’at etmagani uchun qoraladi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh urush vaqtida Ukrainaga 250 milliard dollar sarflagan, ammo, Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Amerikaning Kiyevga bergan harbiy yordami hozirgacha 56 milliard dollarni tashkil etgan.
O‘z navbatida Kamala Harris «nima uchun Yevropa va NATOdagi ittifoqchilarimiz biz (amerikaliklar)dan endi siz prezident emasligingiz uchun naqadar minnatdor ekanini» tushunish muhimligini ta’kidladi.
U Trampni «24 soat ichida taslim bo‘lishi aniq ekanlikda» aybladi, «Putin esa Kiyevda o‘tirib, Yevropaga qarab, Polshadan boshlagan bo‘lar edi». «Siz o‘zingizni u bilan do‘stman deb o‘ylaysiz, lekin u sizni tushlik paytidayoq «yeb qo‘yadi», dedi demokrat nomzod.
Iqtisodiy siyosat
Kamala Harris Qo‘shma Shtatlardagi mavjud iqtisodiy vaziyatni sharhlar ekan, u va mamlakatning amaldagi prezidenti Jo Bayden Tramp ma’muriyati qoldirgan xaosdan keyin tartibni tiklashga majbur bo‘layotganini aytdi.
O‘z navbatida, Tramp prezidentlik uchun kurashdagi raqibini «marksist professor» otasidan «yaxshi tarbiya» olgan «marksist» deb atadi. Kamala Harrisning otasi Donald Harris nafaqaga chiqishdan oldin Stenford universitetida iqtisodiyot professori bo‘lgan.
Kamala Harrisning o‘zi, Trampning so‘zlariga ko‘ra, harakat rejasiga ega emas. Harrisning Baydendan ko‘chirib olgan rejasi: «Biz soliqlarni kamaytirishga harakat qilamiz», degan so‘zlardan iborat.
O‘z navbatida, Harris sobiq prezident Donald Trampning barcha importlarga 20 foizgacha bojxona to‘lovlarini joriy etish taklifini «bir oy davomida yashash uchun umid qilayotgan kundalik tovarlarga soliq» ekanligini aytdi.
«Shu bilan birga, Harris prezident Jo Bayden davrida, asosan, Xitoy importiga yuqori tariflar joriy qilinganini eslatmadi, - deya izoh berdi CNN o‘z veb-saytida munozaraga. - May oyida ma’muriyat Xitoy importiga yangi tariflarni kiritdi - elektromobillarga 100 foiz, quyosh energiyasi ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarda 50 foiz va boshqa sohalarda 25 foiz - ular keyingi ikki yil ichida joriy etiladi».
Harrisning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodchilar uning rejasi iqtisodiyotni oshirishiga ishonyapti, Trampning rejasi esa uni qisqartiradi. Darhaqiqat, Goldman Sachs tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Tramp iqtisodiy siyosati - ayniqsa savdo bo‘yicha - 2025 yilda AQSh iqtisodiyoti biroz qisqarishiga olib keladi. Bundan farqli o‘laroq, Harrisning iqtisodiy siyosat bo‘yicha takliflari kelasi yil mo‘’tadil iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi, deb eslatadi CNN.
Migratsiya
Migratsiya haqida gapirgan Tramp, noqonuniy muhojirlar tufayli AQShdagi xavfsizlik vaziyatining yomonlashganiga diqqat qaratdi. U buning uchun aybni Bayden-Harris ma’muriyatiga yukladi va ular «millionlab muhojirlar va jinoyatchilarni» mamlakatga kiritganliklarini ta’kidladi.
«Bizda jinoyatchilikning yangi shakli paydo bo‘ldi, u migrant jinoyati deb ataladi va u hech kim tasavvur qila olmaydigan miqyosda o‘sib bormoqda», — dedi Tramp. Uning fikricha, AQShga mustahkam chegara va mustahkam devorlar kerak.
O‘z navbatida, Harris Trampni qurol, giyohvand moddalar va odamlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi transmilliy jinoiy tashkilotlarni ta’qib qilish uchun chegara xizmatiga qo‘shimcha xodimlar bilan ta’minlash imkonini beradigan qonun loyihasining qabul qilinishiga to‘sqinlik qilgani uchun qoraladi. «Qo‘shma Shtatlarga yechim izlaydigan va muammolar bilan shug‘ullanadigan yetakchi kerak. Biroq Tramp muammolarni hal qilishdan ko‘ra, o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishni afzal ko‘radi», - deydi Harris.
AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadi.