“Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” - O‘zbekistonda qoramollarda yuqumli kasallik tarqalgani rad etildi

O‘zbekiston 16:31 / 11.09.2024 2563

Tarmoqlarda qoramollarda yuqumli kasallik tarqalgani, go‘sht sotib olmaslikka chorlovchi audioxabarlar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, holat vazirlik huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamkorligida o‘rganilgan. Unga ko‘ra, so‘nggi olti oy davomida hududlardagi chorva mollarida biror bir kasallik aniqlanmagan.

“Qoramollar sog‘lom parvarish qilinayotgani aniqlandi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etish joiz, Kun.uz’ga kelgan audioxabarda ham qoramollarda chechak kasali tarqalgani, iloji boricha ko‘chadan go‘shtli taomlar yemaslik tavsiya qilingandi.

Vazirlikka ko‘ra, asossiz audioxabarni tarqatgan shaxs ham topilgan. U Farg‘ona viloyatida yashovchi ayol bo‘lib, unga yolg‘on xabar berish, vahima uyg‘otuvchi asoslanmagan ma’lumot tarqatish uchun qonunchilikda jazo borligi tushuntirilgan hamda mutasaddi idoralar tomonidan ogohlantirilgan.

Bildirilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi yo‘nalishlar jiddiy nazoratga olingan. Shuningdek, chorvachilikda yangi va zamonaviy yondashuvlar, qoramollarni sifatli yetishtirish, ularni ehtimoliy kasalliklardan saqlash bo‘yicha doimiy kuzatuv o‘rnatilgani ta’kidlanadi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: