Rio-de-Janeyrodagi G20 sammitida ocharchilik va qashshoqlikka qarshi global alyans tuziladi. Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 18 noyabr, dushanba kuni tadbirni ochar ekan: «Ocharchilik va qashshoqlik tanqislik yoki tabiiy hodisalar natijasi emas», dedi. Uning fikricha, bu insoniyatning katta qismi manfaatlarini istisno qiluvchi siyosiy qarorlar natijasidir.
Ocharchilik «insoniyatni sharmanda qiladigan dog‘dir», deya qo‘shimcha qildi Braziliya prezidenti. Bu tashabbus Braziliyaning G20'da raisligi asosiy mavzularidan biridir. Uning doirasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish va tegishli chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish kutilmoqda.
«Bu bizning asosiy merosimiz bo‘ladi», dedi Lula da Silva. U ocharchilik va qashshoqlikka qarshi kurash dunyo tinchligini o‘rnatishning zaruriy sharti ekanini ta’kidladi. Amerikalararo taraqqiyot banki tashabbusga 25 milliard dollar va’da qilgan.
Putin G20 sammitiga kelmadi
Braziliyada bo‘lib o‘tadigan G20 davlatlari yetakchilari ishtirokidagi ikki kunlik yig‘ilishda xalqaro institutlarning zarur islohotlari, iqlimni muhofaza qilish, Ukraina va Yaqin Sharqda tinchlikka erishish masalalarini ham muhokama qilish rejalashtirilgan.
Rio-de-Janeyroda Rossiyadan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov vakillik qilmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelmadi.