“Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida:
- 2024 yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi;
- davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy qilinadi;
- tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida bo‘linmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo o‘rinlari sonini o‘zgartirish hamda ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi;
- tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat me’yorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi hamda 2025 yil 1 iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etiladi;
- ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.
2025 yil 1 aprelgacha davlat budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan kasalliklar ro‘yxati hamda bazaviy narxlari kasalliklarni davolash yo‘nalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun qayta tasdiqlanadi.