“Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat budjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi, jumladan:
- davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari tasdiqlanadi va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etiladi;
- kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi;
- shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi (reimbursatsiya dasturi);
- tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi hamda ishga tushiriladi;
- kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi;
- tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida tibbiy yordam ko‘rsatishda kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi;
- imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.